“Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlar – 2016” mavzuida ijtimoiy so‘rov o‘tkazildi
“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi “Fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga saylovlar – 2016” mavzuida ijtimoiy so‘rov o‘tkazdi. Bu haqda “O‘zA” xabar bermoqda.
Saylov bilan bog‘liq keng ko‘lamli chora-tadbirlar so‘rovda ishtirok etgan aksariyat fuqarolar tomonidan ijobiy baholandi.
Turli ijtimoiy qatlamga mansub fuqarolarning deyarli barchasi mustaqillik yillarida mahalla institutining nafaqat ma'naviy, balki siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy masalalarni hal etishdagi o‘rni mustahkamlanganini alohida qayd etdi.
So‘rov ishtirokchilarining 96,8 foizi mahallaning o‘zi hamda oilasi hayotida muhim o‘rin tutishini, istiqomat qilayotgan hududida osoyishtalik, barqarorlik, obodlik ta'minlanishida, demokratik tamoyillar qaror topishida muhim rol o‘ynayotganini bildirgan.
Aholining aksariyati (95,7) foizi ayni paytda mamlakatimizda fuqarolar yig‘inlari raislari va ularning maslahatchilari saylovi bo‘lib o‘tayotganidan xabardor.
Mahallalar aniq yo‘naltirilgan asosda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, hududda kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, ayniqsa, oilaviy tadbirkorlik, kasanachilik va hunarmandlikni rivojlantirishga ko‘maklashish, hududni obodonlashtirish, kam ta'minlangan oilalarga moddiy yordam ko‘rsatish kabi o‘ttizdan ziyod vazifa va vakolatlarni amalga oshirmoqda. Har bir inson hayotiga bevosita daxldor bu masalalar yechimi mahallaga tegishli ekani, bu borada mahalla faollari izchil ishlarni amalga oshirayotganini so‘rovda ishtirok etganlarning 80 foizi qayd etgan.
Aholi bo‘lib o‘tayotgan saylovlarga alohida e'tibor bilan qarab, fuqarolar yig‘ini raisiga munosib nomzod saylanishidan manfaatdor ekanini bildirgan. Mahalla raisligiga kimlarning nomzodi ko‘rsatilgani, ularning dasturida nimalar ko‘zda tutilganini bilishga qiziqish bu galgi saylovda sezilarli darajada kuchaygan. Deyarli 80 foiz aholi saylov kampaniyasida ishtirok etish niyatida ekanini bildirgani shundan dalolat beradi.
Ijtimoiy so‘rov natijalari yana shuni ko‘rsatdiki, bo‘lib o‘tayotgan saylovlarda ayollar faol ishtirok etish bilan birga, ular fuqarolar yig‘ini raisi va uning maslahatchisi lavozimiga saylanmoqda. Bu mamlakatimizda xotin-qizlarning jamiyatda tutgan o‘rni va roli ortib borayotganini ko‘rsatadi.