Ra'no Shodiyeva rus tilida yozgan ilmiy ishini a'lo bahoga himoya qildi
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Ra'no Shodiyeva O‘zbekiston Davlat San'at va Madaniyat institutining magistrlik bo‘limida tahsil olib, “Qo‘g‘irchoq teatrining imkoniyati cheklangan bolalarni tarbiyalashda tutgan o‘rni” mavzusida ilmiy ish yoqladi.
Bugun aktrisa rus tilida yozgan ilmiy ishini a'lo bahoga himoya qilgan.
“Yelkasidan tog‘ ag‘darilgan” aktrisa biz bilan ko‘tarinki kayfiyatda gaplashib, taassurotlarini shunday ifodaladi:
Ra'no Shodiyeva: Ilmiy ishimni himoya qilishga kirisharkanman, avvaliga meni biroz hayajon bosdi. Minbarga chiqqanimdan so‘ng, ilmiy ishimni o‘zim yozib, yaxshi tayyorlanganim, nima haqida gapirmoqchi bo‘lganimni avvaldan bilganim uchun, bir zumda o‘zimni qo‘lga olib himoyaga kirishdim. Himoya vaqtida men qo‘g‘irchoq teatrida imkoniyati cheklangan bolalar uchun mo‘ljallangan spektakllar taqdim etilishini, qo‘g‘irchoq teatri talabalari tomonidan surdo tili (imo-ishora) va imkoniyati cheklangan bolalar psixologiyasi o‘rganilishi kerakligini taklif sifatida kiritdim.
O‘ylaymanki, agar imkoniyati cheklangan bolalar uchun maxsus spektakllar qo‘yilsa, ularda ham kelajakda qaysidir sohani tanlashga umid paydo bo‘ladi. Spektakldan ilhomlangan imkoniyati cheklangan bolalar rassom, jurnalist yoki boshqa sohani egallashga qiziqa boshlashi mumkin. Bu boradagi ishlar nafaqat poytaxt, balki O‘zbekistondagi barcha viloyatlar bo‘yicha amalda tatbiq etilishi kerakligi haqida takliflar bo‘ldi.
Aytishim mumkinki, fakultetimizda faqat men himoya qilgan ilmiy ish a'lo bahoga loyq topildi. O‘qituvchilarimning “Biz senga ishongandik, rahmat ishonchimizni oqlaganing uchun” degan daldalaridan boshim ko‘kka yetdi.
Aslida qaysidir mavzuni tanlab, uni himoya qilishga bo‘lgan istak menda xo‘jayinimning turtkisi orqali paydo bo‘ldi. Turmush o‘rtog‘im ushbu fikrni o‘rtaga tashlaganida birinchi bo‘lib xayolimga kelgan fikr-qo‘g‘irchoq teatrining imkoniyati cheklangan bolalarni tarbiyalashdagi tutgan o‘rni haqida ilmiy ish qilish kerakligi bo‘ldi.
Himoyadan so‘ng, turmush o‘rtog‘im meni gullar bilan kutib oldi. Aytgan bo‘lardimki, agar oilamda tinchlik bo‘lmaganida, turmush o‘rtog‘im qo‘llab-quvvatlamaganida men bugungi muvaffaqiyatga erishmagan bo‘lardim. Buning uchun unga o‘z minnatdorchiligimni bildirib qolaman.