14:05 / 20.06.2016
20085

Forbes: Rossiya aholisi uchun Turkiya va Misrning o‘rnini bosuvchi 10ta yangi dam olish maskani ro‘yxati

Bu yilgi yoz mavsumida rossiyaliklar o‘zlari uchun  sevimli bo‘lib qolgan Sinay va Turkiyaga bora olishmaydi. 

Biroq dunyoda bulardan tashqari yana ko‘p maskanlar borki, u yerlarda dengiz bo‘yida, quyosh ostida, ekskursiyalarga chiqib hordiq chiqarish kishiga zavq bag‘ishlaydi. Forbes jurnali  RoomGuru bilan hamkorlikda bu yozda dam olish mumkin bo‘lgan o‘nta yo‘nalish ro‘yxatini tuzdi. 

*Narxlar iyul oyi o‘rtasiga ikki kishiga mo‘ljallangan bo‘lib, mehmonxonada 7 kunlik dam olish hisobidan kelib chiqib ko‘rsatilgan (nonushta bilan birga).

1. Lenkoran, Ozarbayjon
Yo‘llanma bahosi: 50 900 rubl
Ozarbayjonning eng qadimiy shaharlaridan biri bo‘lgan Lenkoran Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida joylashgan. Sayyohlar qadimiy port shaharning Lenkoran qal'asi va Mirahmad Xonning uyini ziyorat qilishlari mumkin. Sohilda hordiq chiqarishni sevuvchilar uchun yaxshi xabar - bu yerda davolovchi xislatga ega, vulqonli kelib chiqishga ega bo‘lgan qora qum bo‘lib, ziyoratchilar davolovchi komplekslarda sog‘lomlashtirish jarayonlaridan o‘tishlari mumkin. 

2. Bosteri, Issiqko‘l, Qirg‘iziston
Yo‘llanma bahosi: 68 700 rubl
Bosteri - Issiqko‘l qirg‘og‘idagi kurort shaharcha bo‘lib, u "qirg‘iz Baykali" hisoblanadi. Issiqko‘l - mineral suv va davolovchi loyga boy salomatlik manbai. Zerikarli sanatoriylardan farqli o‘laroq, Bosteri har qanday didga mos keluvchi takliflarga to‘la: tog‘ ekskursiyasi, daryoda suzish yoki ko‘l bo‘ylab yaxtada sayr qilish; ekstrimsevarlar treking yoki alpinizm bilan shug‘ullanishlari mumkin.

3. Varna, Bolgariya
Yo‘llanma bahosi: 63 500 rubl
Ruminiya chegarasi yaqinida joylashgan Varna port shahrini ko‘pincha Bolgariyaning ikkinchi poytaxti deb atashadi. Shaharda ko‘plab madaniy va tarixiy obidalar bor, shuningdek bu yerning infratuzilmasi yaxshi rivojlangan. Shu bois bu yerda dam olish bilan birga qo‘shimcha bilimga ega bo‘lish ham mumkin. Mehmonlarga Veliko Tirnovo saroy-qal'asiga ekskursiya qilish tavsiya qilinadi. 

4. Budva, Chernogoriya
Budva dengizbo‘yi kurorti - Chernogoriyaning asosiy sayyohlik markazi hisoblanadi. Sayyohlik mavsumida shahar deyarli uxlamaydi: restoranlar, barlar, diskotekalar, kazino va tennis kortlari kunning istalgan vaqtida mehmonlar xizmatiga tayyor. Sayyohlarga ko‘plab diqqatga sazovor obidalarni o‘zida mujassam qilgan Eski shaharni ziyorat qilish, Yevropaning eng ko‘rkam shaharlaridan biri hisoblangan Dubrovnikda bo‘lish tavsiya etiladi.

5. Sanya, Xaynan oroli, Xitoy
Yo‘llanma bahosi: 133 600 rubl
Xaynan orolida joylashgan Sanya kurorti "Sharq Havayisi" hisoblanadi. Bu yerga tashrif buyurgan sayyohlar dam olish bilan birga sog‘lomlashtirish muolajalarini uyg‘unlashtirishga harakat qilishadi, zero Xitoy xalq tabobati ko‘pchilikning e'tirofiga sazovor bo‘lgan. Sanyada golf, suv chang‘isi, serfing, dayving kabi ko‘ngilochar mashg‘ulotlar bilan shug‘ullanish mumkin. Kechki oqshomni esa «Sanya Romance Park»da o‘tkazib, «The Legend of Romance» sirk shousidan bahramand bo‘lish tavsiya qilinadi.

6. Xanya, Krit oroli, Gretsiya
Yo‘llanma bahosi: 76 000 rubl
Xanya shahri O‘rta Yer dengizining eng yirik portlaridan biri bo‘lib, ajib go‘zalligi tufayli "Janubiy Venetsiya" nomini olgan. Bu yerga kelgan sayyohlar Venetsiya bandargohi joylashgan eski shaharga hamda Iraklionga ekskursiya uyushtirib, zavq olishadi. 

7. Algarve, Portugaliya
Janubiy Portugaliyadagi Algarve mintaqasi 150 kilometr masofaga cho‘zilgan qoyali va sayoz sohillardan iborat. Bu maskan suvning yuqori sifati, tozaligi va sohillarining xavfsiziligi bilan tanilgan. Shu bilan birga bu yerga kelgan mehmonlar Sevilyani tomosha qilib, korrida va flamenkodan bahramand bo‘lishlari mumkin. 

8. La-Bol, Fransiya
Yo‘llanma bahosi: 95 900 rubl
Fransiyaning La-Bol dengiz kurorti okean va tuz botqoqliklari orasida joylashgan. La-Bol hashamatli mehmonxonalar va villalarga to‘la. Dam olish maskani o‘zining uzoq qumli sohillari bilan mashhur: ulardan biri 10 kilometr masofaga ega bo‘lib, u xalq orasida "Sevgi qirg‘og‘i" deb yuritiladi. Qo‘shni kurort shaharchada esa "Le-Kruazik" okeanariumi mavjud.

9. Kastilonchello, Italiya
Yo‘llanma bahosi: 106 500 rubl
Kastilonchello - Tiren dengizi yaqinida joylashgan kichik italyan shahri. Parusli sport turi, dayving, baliq ovi, serfing va yaxtada sayr qilishga qiziquvchilar uchun bu maskan ayni muddaodir. Shuningdek sayyohlar Pizaga tashrif buyurib, u yerdagi mashhur "qulayotgan" minorani ko‘rishlari mumkin. 

10. Villasimius, Sardiniya oroli, Italiya
Yo‘llanma bahosi: 108 000 rubl
Bu yerdagi sayyohlarga xizmat ko‘rsatish sifati yuqori darajada: toza sohillar, tungi klublar, restoran va barlar tunu kun mehmonlar xizmatiga shay. Ekskursiyalardan O‘rta asr obidalarini saqlab qolgan Kalyariga sayohat taklif qilinadi.

Top