Navoiydan Buxorogacha bo‘lgan temir yo‘lda 160 kilometr tezlikda harakatlana olish imkoniyati vujudga keldi
Toshkentda temiryo‘lchilar kasb bayramiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda “O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati rahbariyati, mehnat faxriylari, soha ilg‘orlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.
Bugungi kunda O‘zbekistonda yuklarning 70, yo‘lovchilarning 60 foizdan ortig‘i temir yo‘llar orqali tashilmoqda. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi “Afrosiyob” poyezdlari harakati yo‘lga qo‘yilgandan beri 1 milliondan ziyod yo‘lovchi ushbu zamonaviy transport vositasi xizmatidan foydalandi.
Istiqlol yillarida minglab kilometr yangi temir yo‘l liniyalari barpo etildi. Navoiy – Uchquduq – Nukus – Sulton Uvaystog‘ va Toshguzar – Boysun – Qumqo‘rg‘on yangi temir yo‘l magistrallarining ishga tushirilishi shimoliy va janubiy hududlar aholisi hayotida chuqur iz qoldirib, ushbu mintaqalarni mamlakatimizning boshqa hududlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri bog‘ladi.
2016 yilning 22 iyun kuni O‘zbekiston rahbari Islom Karimov va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Tszinpin ishtirokida Angren – Pop elektrlashtirilgan temir yo‘lining ochilishi bilan O‘zbekistonda yagona, mustaqil milliy temir yo‘l transporti kommunikatsiya tizimi to‘la shakllandi.
Miqyosi va ko‘lamiga ko‘ra juda ulkan va murakkab bo‘lgan mazkur zamonaviy loyiha atigi 32 oy ichida, ya'ni belgilangan muddatdan avval yakunlangani mamlakatimiz temiryo‘lchilarining yuksak mahorati hamda shijoatidan darak beradi.
O‘tgan davrda uzunligi qariyb 250 kilometrlik yo‘lning 140,2 kilometrlik Maroqand – Navoiy uchastkasi yangidan qurildi. Navoiydan Buxorogacha bo‘lgan po‘lat izlar soatiga 160 kilometr tezlikdagi harakatlanishga moslashtirildi. Piyodalar o‘tish yo‘lagi, yo‘l o‘tkazgich, ko‘prik va stansiyalar singari ikki yuz yigirmadan ziyod inshoot qurildi.
Samarqand – Buxoro uchastkasining elektrlashtirilishi va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlar harakatining yo‘lga qo‘yilishi natijasida yo‘lovchilar Toshkentdan Buxorogacha bo‘lgan 620 kilometrlik masofani 3 soatu 30 daqiqada bosib o‘tish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari B.Zokirov so‘zga chiqdi.