11:30 / 11.08.2016
15076

Paxtakor-79: «Zanjirning uzilgan halqasi»

11 avgust kunida millionlab o‘zbek futbol muxlislarining qalbi to‘ridan joy olib, samolarda qolgan “Paxtakor-79” yigitlarini yodga olmay ilojimiz yo‘q.

Har gal Ukraina, Rossiya chempionati o‘yinlarini ko‘rganda yuragim armonga to‘lib, hapriqib qo‘yadi. To‘g‘risi meni bu yurt futbolchilarining yutuqlari emas, maydon chetida shogirdlariga ko‘rsatma berib, savlat to‘kib turgan murabbiylarini ko‘rib hayajonlanaman. Agar o‘sha yigitlarimiz taqdir hukmi bilan halokatga uchramaganlarida xuddi Bloxin, Buryak, Gazzayev, Demyanenko va yana boshqa ayni paytda o‘z jamoalari bilan maydonlarga fayz kiritayotgan tengdoshlari kabi murabbiy bo‘lishlari tayin edi. Bir xayol qiling-a An, Eshbo‘tayev, Korchenov, Agishev, Ashirovlar kabi futbolchilar “Paxtakor”, “Navbahor”, “Andijon”, “Buxoro” jamoalarini boshqarib, ko‘zimizni quvontirib turishganini...

Hozirgi payt o‘zbek futbolining xalqaro maydondagi omadsizliklari aynan “Paxtakor-79”ni halokatga uchrashi bilan chambarchas bog‘liqdek, go‘yo. E'tibor bering-a, oxirgi yillarda jamoalarimizda murabbiylik qilayotgan murabbiylarning ko‘pi o‘sha paytlar birinchi ligalarda to‘p surganlardan. Balki, shuning uchundir saviyamiz ham shunga qarab rivojlanyapti menimcha. Ularga ham qilayotgan mehnatlari uchun tashakkur bildirishimiz kerak.  Ukrainadan Demyanenko kelib, bizga Osiyo klublari bilan qanday o‘ynash kerakligini ko‘rsatib ketdi. Bu ham endi, bir misolda...

Afsuski, bizning ukrainalik singari murabbiylarimizning nechtasi samoda qolib ketgan. Dunyoda barcha narsalar bosqichma-bosqich rivojlanib boradi. O‘sha mash'um 11 avgust kuni nafaqat bir jamoa, balki o‘zbek futboli rivojlanish ketma-ketligidagi zanjirdan bir halqa uzilgan edi. Lotin Amerikasi, Yevropaning “mana-man” degan klublarini yutib kelgan (Osiyoni-ku qo‘yavering) -paxtakorchilardan ishoning, ajoyib, xech qanday raqibdan “tap” tormaydigan hozirgi til bilan aytganda “dux”i baland murabbiylar chiqishi tayin edi. Mayli, taqdir ekan. Ular doimo yodimizda. Men quyida, “Paxtakor-79”ni o‘z maydonida so‘nggi bor o‘tkazgan o‘yinini futbol muxlislari yodiga yana bir bor solishni maqsad qildim, zora bu otaxon muxlislarimizni yodiga o‘sha quvonchli lahzalarni yana bir bor taqdim etib, yosh futbolchilarimiz bundan saboq olsalar.

So‘nggi, vidolashuv o‘yini...

1979 yil 8 avgust. Toshkent. “Paxtakor” stadioni. Oliy liga musobaqasi. Shu kuni o‘zbek futbolchilari 32 ming muxlis qarshisida Voroshilovgradning “Zarya” klubiga qarshi maydonga tushgan edilar. 

“Paxtakor” tarkibi: Pokatilov, Sobirov, Ashirov, Agishev, Zagumennix, Korchenov, Bakanov (Kulikov 75), An, Makarov (Eshbo‘tayev), Fyodorov, Churkin.
“Zarya” tarkibi: Knyazev, Polukarov, Maligin, Ignatenko, Rabochiy, Sarokalet, Kuznetsov, Olenov, Kolesnikov, Kuksov, Zavarov.

Ikki yil davomida birinchi liga (1976, 1977) musobaqalarida malakasini oshirgan “Paxtakor” oliy ligaga butunlay boshqa jamoa bo‘lib qaytdi. Birinchi yiliyoq chempion Tbilisining “Dinamo”sini mag‘lubiyatga uchratdi 3-0. Kiyevning “Dinamo”si bilan ikki marta (2:2, 1:1) durang qayd etdi, uchinchi o‘rin sohibi bo‘lgan Donetskning “Shaxtyor” klubi ustidan qozonilgan 2:1 hisobidagi g‘alabadan so‘ng esa “Groza avtoritetov” sovrinini qo‘lga kiritishga muvaffaq bo‘ldi.

Paxtakorning boshqa jamoalarga o‘xshamaydigan, o‘zgacha tomonlari ko‘p edi, 1978 yil yakunlariga ko‘ra, jamoa 11-o‘rinni egallagan bo‘lsa-da, jamoa yetakchisi – Mixail An mamlakatning 33 eng yaxshi futbolchisi qatoriga kirgan. Aytib o‘tish lozim o‘sha yili musobaqada faqat chempion bo‘lgan jamoagina “Paxtakor”dan ko‘p gol urgan edi, xolos.

1979 yili “Paxtakor” mavsumni juda yaxshi boshladi. Bunga Kiyevning “Dinamo”si bilan o‘z maydonida bo‘lgan o‘yinni ham misol qilib keltirish mumkin. O‘shanda Churkinning 1988 yili Van Basten tomonidan o‘tkir burchakdan urilgan golga qiyoslanadigan golidan so‘ng kiyevliklar mag‘lubiyatga uchratilgandi.

Shunday qilib avgustning issiq kunlaridan birida “Paxtakor” ikkinchi davradagi birinchi o‘yinini o‘z maydonida o‘tkazdi. O‘yin boshlanishi bilanoq Churkin hisobni ochadi, lekin o‘sha paytning mashhur futbolchilaridan biri Zavarov gol bilan javob beradi. Keyin tinib-tinchimas Fyodorov toshkentliklarni yana oldinga olib chiqadi. Hammasiga ikkinchi bo‘limda Korchenov tomonidan kiritilgan gol nuqta qo‘ydi. Shunday qilib, futbolchilarimiz 3-1 hisobida g‘alaba qozonishadi.

Qiyinchiliklarsiz erishilgan g‘alabadan so‘ng, paxtakorchilar final hushtagi chalingach, mamnun holda stadion tunneli orqali yechinish xonasi tomon yo‘l oladilar. Har doimgidek qiziqqon muxlislar panjaradan egilib qarab, o‘z suyuklilarini olqishlar edilar. O‘sha paytda xech kim ularni so‘nggi marta ko‘rib turganini xayoliga ham keltirmagan bo‘lsa kerak.

Elmurod Ermatov 
(V. Safarovning “Unutilmas futbol bahslari” kitobidan foydalanildi )

Manba: Tribuna.Uz

Top