Jamiyat | 11:24 / 23.08.2016
9574
11 daqiqa o‘qiladi

G20 - xalqaro iqtisodiy hamkorlikni muhokama qiluvchi muhim maydon

Shu yilning 4-5 sentabr kunlari Xitoyning Chjyettszyan viloyatida «Katta yigirmalik»ka a'zo mamlakat rahbarlarining sammiti bo‘lib o‘tadi. Bu galgi sammit “Innovatsiyali, sog‘lom, o‘zaro aloqali va inklyuziv jahon iqtisodiyotini qurish” mavzusiga bag‘ishlanadi.

Sammit o‘tadigan Xanchjou shahar rasmiylari xavfsizlik choralarini kuchaytirmoqda. Buning uchun bir qator cheklovlar joriy qilindi. Shahar hokimiyati saytida ta'kidlanganidek, 20 avgustdan boshlab, shaharning ayrim mavzelariga kirish cheklanadi. Sammit o‘tadigan mavze atrofida istiqomat qiluvchi aholi va kompaniya xodimlari maxsus guvohnomalar asosidagina kirishlari mumkin. Boshqa fuqarolar esa xavfsizlik nazoratidan o‘tishi shart. Bundan tashqari, bu mavzega aloqasi bo‘lmagan avtotransportlarning kirishi va chiqishi taqiqlanadi. Bu kabi choralar 31 avgustga qadar davom etadi. 1 sentabrdan boshlab esa mahalliy aholi va kompaniya xodimlaridan boshqalarning kirishi to‘xtatiladi. Maxsus guvohnomaga ega bo‘lgan fuqarolar esa diqqat bilan tekshiriladi. «Katta yigirmalik» sammiti tashkilotchilarining ruxsati bo‘lgan avtomobillargina anjuman o‘tadigan hududga kirishi mumkin.

Xanchjou rasmiylari 28 avgustdan boshlab bu hududga pochta olib kirilishini ham cheklashga qaror qildi. Tegishli idoralarning talablariga binoan politsiya va boshqa tuzilmalar tumandagi kompaniya va korxonalar faoliyatini vaqtincha to‘xtatib turishi ham mumkin. Bundan avval Xanchjou shahri va uning atrofidagi aholi punktlariga yuk mashinalari va traktorlarning kirishi taqiqlangan edi. Bu taqiqlov 28 avgustdan 6 sentabrga qadar amalda bo‘ladi. Shu davr davomida soat 14.00dan tun yarmiga qadar toq kunlari toq raqamli mashinalar, juft kunlari esa juft raqamli mashinalar harakatlanadi. Chjyettszyan viloyatidagi yo‘llarda pirotexnika mahsulotlari va yuqori toksik kimyoviy moddalar tashuvchi transportlar harakati ham to‘xtatiladi. Bugungi kunda Xanchjou shahrida bir million 200 mingta avtomobil ro‘yxatga olingan. Shu sababli ham so‘nggi yillarda rasmiylar yo‘llardagi avtomobillar tirbandligini kamaytirishga intilmoqda. 2011 yilning oktabr oyidan beri ish kunlari ertalabki va kechki paytlarda shu kun qaysi sonni anglatsa o‘sha raqamli avtomobillar qatnovi cheklanadi. Avvalroq esa shaharni ifloslantirmaslik borasida qaror qabul qilingan edi.
Xanchjou shahri Chjyettszyan viloyatining ma'muriy markazi bo‘lib, Shanxay shahridan 180 kilometr janubiy-g‘arbda joylashgan. Bu shahar o‘zining choy plantatsiyalari bilan ancha mashhur.

Davlat va hukumat rahbarlarining sammitidan avval Shanxayda «Katta yigirmalik» mamlakatlarining savdo vazirlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv samarali yakunlandi. Bu xaqda Xitoy tijorat vaziri Gao Xuchen ma'lum qildi. Vazirlar global savdoning o‘sishi, jahon investitsiya siyosati borasida tavsiyalarni ishlab chiqdilar. Ular Savdo va sarmoyalar bo‘yicha ishchi guruhi tuzish borasida qaror qabul qilishdi.

Xitoy tashqi ishlar vaziri Van I yaqinda sammitga tayyorgarlik borasida jurnalistlar uchun matbuot anjumani o‘tkazdi. Vazir bergan bayonotga qaraganda ayni damda sammit o‘tishi uchun hamma narsa taxt qilib qo‘yilgan. Uning aytishicha, Xitoy o‘zining raisligi mobaynida bir qator muvaffaqiyatlarga erishdi. “Xitoy tomoni taklif qilgan sammit kun tartibi va asosiy masalalar ishtirokchi davlatlar tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Tashqi ishlar vaziri Van I bergan bayonotga ko‘ra,sammitda jahon iqtisodiyotiga taalluqli bo‘lmagan masalalar muhokama qilinmaydi. “G20-xalqaro iqtisodiy hamkorlikni muhokama qiluvchi muhim maydondir. Sammitda jahon iqtisodiyoti bilan bog‘liq masalalar muhokama qilinadi. Agar qaysidir mamlakat jahon iqtisodiyotiga tegishli bo‘lmagan masalani muhokama qilmoqchi bo‘lsa, ularning taklifi qo‘llab-quvvatlanmaydi”, dedi Van I.

Sammit 4 sentabrda kunning ikkinchi yarmida ochilib, 5 sentabrda kunning birinchi yarmida yakunlanadi. Sammit doirasida mamlakat rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlari o‘tkazish ham ko‘zda tutilgan. Sammit yakunida Xitoy Xalq Respublikasi raisi Si Szinpin ommaviy axborot vositalari vakillari uchun matbuot anjumani o‘tkazadi. Bu galgi sammit avvalgilaridan farq qiladi. Anjuman doirasida biznes-sammit o‘tkazilib, uning ishida Si Szinpin ishtirok etadi.

«Katta yigirmalik» (G 20 — inglizcha The Group of Twenty, major advanced and emerging economies) — hukumat va markaziy bank rahbarlarining klubi bo‘lib, unga iqtisodi taraqqiy etgan quyidagi davlatlar: Avstraliya, AQSh, Argentina, Braziliya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Indoneziya, Italiya, Kanada, Xitoy, Meksika, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Fransiya, Janubiy Koreya, Janubiy Afrika Respublikasi, Yaponiya va Yevropa Ittifoqi kirgan. Yevropa Ittifoqi nomidan Yevrokomissiya va Yevropa Kengashi raislari ishtirok etadi. G 20 anjumanlarida, shuningdek, xalqaro tashkilotlar, jumladan, Moliyaviy barqarorlik Kengashi, Xalqaro valyuta jamg‘armasi, Jahon savdo tashkiloti, BMT, Jahon banki rahbarlari ham ishtirok etadi.

G 20 va uning zamonaviy dunyo taraqqiyotidagi o‘rni haqida gapiradigan bo‘lsak, bu tashkilot G7 tashabbusi bilan dunyoga kelganligini eslatib o‘tamiz.

1971 yilda Amerika prezidenti Nikson davrida “bir untsiya oltin 35 dollarga teng” qoidasiga barham berildi. Shundan so‘ng jahon moliya tizimi tanazzulga uchray boshladi. 1973 yilgi arab-isroil urushi va undan keyingi neft inqirozi tufayli jahon moliya tizimida inqiroz kuzatila boshlandi. 1974 yil davomida AQSh, Fransiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya va Germaniya iqtisod vazirlari bir necha bor Oq uyning kutubxonasida uchrashib, yuzaga kelgan muammolarni muhokamma qildilar. 1975 yilda iqtisod vazirlaridan ikki nafari - fransuz Valeri Jiskar va nemes Helmut Shmidt davlat rahbarlari etib saylandilar. Valeri Jiskarning taklifiga binoan besh mamlakat va Italiya rahbarlari birinchi oliy darajada uchrashuv o‘tkazdilar. Ikkinchi uchrashuvda Kanada hukumati rahbari qatnashgani bois G7 guruhi tashkil topdi.

1990 yilning o‘rtalariga qadar G7 rahbarlari muntazam ravishda uchrashib turdilar va jahon iqtisodiy xamda moliyaviy tizimiga o‘z ta'sirlarini o‘tkazib kelishdi. 1997 yilda Osiyoda inqiroz boshlandi. Inqiroz Osiyo bilan cheklanib qolmadi, balki Tinch okean mintaqasini, keyinchalik Rossiya va Lotin Amerkasini ham qamrab oldi. G7 rahbarlari o‘z hollaricha global muammollarni hal qila olmay qoldilar. Buni o‘z vaqtida payqab qolgan Amerika prezidenti Bill Klinton Osiyo-Tinch okeani mintaqasidagi mamlakatlar rahbarlari ishtirokida sammit o‘tkazish tashabbusi bilan chiqdi. 1997 yilda Kanadaning Vankuver shahrida 22 mamlakat rahbari to‘plandi. Shundan keyin G22 rahbarlari ishtirokida yana ikki marta uchrashuv bo‘ldi. Biroq Yevropa va Yaqin Sharqdagi muhim davlatlarning yo‘qligi sabab, «Katta yettilik» guruhni G 33 kengaytirishga qaror qildi. Shu tariqa 11 mamlakat qo‘shib olindi. 1999 yilda G33ning ikkita uchrashuvi bo‘lib o‘tdi. Biroq guruhning kengaytirilgani uning ish samaradorligini pasaytirdi. Chunki o‘zaro fikr almashishda murakkabliklar yuzaga keldi. Shu sababli G7 yangi imkoniyatlarni qidira boshladi va G20 borasidagi qarorga keldi.

Ma'lumki, Ikkinchi jahon urushidan keyin AQSh yakka o‘zi jahon iqtisodiyoti boshqaruviga o‘tirib oldi. Ammo 60-70-yillardagi iqtisodiy inqirozlarni bartaraf etish yo‘lida boshqa davlatlar bilan hamkorlik qilishga majbur bo‘ldi.
G7 90-yillardagi iqtisodiy inqirozlarni bartaraf etish yo‘lida rivojlanish yo‘liga o‘tgan mamlakatlar bilan hamkorlik qilish lozimlignini anglab yetgan edi. 1999 yil iyunida bo‘lib o‘tgan sammit qabul qilgan deklaratsiyada G7 rahbarlari “muhim davlatlarni jalb qilish orqali” norasmiy muloqot maydonchasi tashkil etish ustida ish olib borilishi qayd qilingan edi. Shu tariqa 1999 yilning dekabrida ilk bor iqtisod vazirlari ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi va guruhga G20 nomi berildi. Birinchi deklaratsiyada G20 19ta mamlakat va Yevropa Ittifoqidan tashkil etilishi aytiladi. G20ga Turkiya ham qabul qilindi. G‘arb mamlakatlaridan iborat «Katta yettilik» rahbarlari Turkiyani musulmon va demokratik mamlakat, NATO a'zosi va Yevropa Ittifoqiga nomzodi qo‘yilgan, G‘arb dunyosi va demokratik qadriyatlardan uzoqlashmagan mamlakat bo‘lgani uchun xam G20ga qabul qilishdi.

G20 tashkil topganidan so‘ng jahonda yuz bergan global inqiroz mamlakatlar o‘rtasidagi hamkorlik aloqalarini yanada yuksak darajaga olib chiqishni taqozo qildi. Shundan so‘ng iqtisod vazirlari safiga davlat va hukumat raxbarlarini xam qo‘shish borasida taklif bo‘ldi. 2008 yil 14—15 noyabr kunlari Vashingtonda bo‘lib o‘tgan birinchi, 2009 yil 2 aprel kuni Londondagi ikkinchi uchrashuvda inqirozni bartaraf etish yo‘lida o‘ta muhim qarorlar qabul qilindi. Biroq kuzatuvchilarning fikricha, inqirozning jahon iqtisodiyotiga ta'siri susaygani bois G20 tomonidan qabul qilinadigan qarorlar ahamiyati xam pasayib bordi. Ayni damda G20 u yoki bu masala yuzasidan o‘zaro fikr almashadigan siyosiy maydon sifatida ko‘riladi. “Global inqirozlarni hal qilish yo‘lida G20dan ko‘p narsa kutib bo‘lmaydi”, deguvchilar ham bor. Xalqaro Valyuta jamg‘armasi ma'lumotlariga ko‘ra, 1970 yildan 2008 yilga qadar jahon iqtisodiyotida turli ko‘rinishdagi 100dan ortiq inqiroz kuzatilgan. Bu inqirozlarni bartaraf etish yo‘lida G7 ham, G20 ham jiddiy choralar ko‘rmagani tan olinadi.

Sharofiddin To‘laganov

Mavzuga oid