WSJ: Putin va Klinton munosabatlari o‘zaro ishonchsizlik negiziga barpo etilgan
AQSh prezidentligi uchun Demokratik partiyadan nomzod Hillari Klinton va Rossiya yetakchisi Vladimir Putin munosabatlari o‘zaro ishonchsizlikka asoslangan, deya fikr yuritgan Emi Ferris-Rotman The Wall Street Journal gazetasida e'lon qilgan maqolasida.
Sharhlovchining so‘zlariga ko‘ra, o‘tgan birinchi telebahslar chog‘ida Klinton Putin haqida shubhali fikrlarini bildirgan. Demokrat nomzodning aytishicha, Putin «uzoq va murakkab o‘yin o‘ynamoqda». Biroq, Kreml ham sobiq davlat kotibiga unchalik ishonmaydi, albatta.
Hukumat doiralaridagi manbalar va sobiq diplomatlarning ta'kidlaricha, Kreml ma'muriyati Klinton misolida oshkora demokratlashtirish jarayonini olib boruvchi insonni ko‘rmayapti. Xususan, rossiyalik mulozimlar Vashingtonni «tuzumni o‘zgartirish» siyosatini, jumladan Moskvaga qarshi ham olib borayotganlikda bir necha bor ayblagan edi. Ularga ko‘ra, AQSh shunday faoliyat yurituvchi «demokratik kuchlar»ni moliyalashtirmoqda.
Bu yoqtirmaslik, shuningdek, Klinton xonimning ayrim rossiyalik yetakchi siyosatchi va diplomatlar, xususan, Sergey Lavrov o‘rtasidagi «achchiq» shaxsiy munosabatlari bilan ham izohlanadi, deyiladi maqolada.
«U hech qachon Putin va Lavrov bilan ishlashni xush ko‘rmagan. O‘ylashimcha, bu hissiyotlar u tomonda ham shunday», — degan rossiyalik siyosatchi Fedor Lukyanov.
Sharhlovchining yodga olishicha, 2009 yili davlat kotibi vazifasiga kirishgan Klintonning ilk vazifalaridan biri Rossiya bilan munosabatlarni «qayta kuchaytirish» bo‘lgan edi. Biroq, avvalboshdanoq bu urinishlar samara bermadi: Klinton Lavrov bilan ilk uchrashuvida ramziy tugmani hadya qilgan, unda esa, tasodifanmi, ishqilib, rus tilidagi «perezagruzka» o‘rniga «peregruzka» so‘zi bitilgan edi. Albatta, bu holat uchrashuv kayfiyatiga ta'sir etmadi, ammo oradan 4 yil o‘tgach, Hillari davlat kotibi lavozimini tark etishi munosabati bilan prezident Obamaga bitgan maktubida Moskva bilan aloqalar eng quyi darajaga tushganini e'tirof etgandi.
Maqolada, Rossiyaning demokratlar nomzodini yoqtirmasligiga oid yana bitta sabab keltirilgan. Unga ko‘ra, rasmiy Moskva AQSh rahbarligini ayol kishi egallashini xohlamaydi. Masalan, Rossiya liberal-demokratlari yetakchisi Vladimir Jirinovskiyga ko‘ra, Klinton xonim «rahbar ayollarni yoqtirmaydigan arablar, turklar va boshqa davlatlar bilan qanday muomala qilmoqchi?».
Shunga qaramay, muallifning ta'kidlashicha, Putin boshqa ayol rahbarlar, jumladan Angela Merkel, Dilma Russeff kabi siyosatchilar bilan o‘zaro hamkorlik qilish bo‘yicha ko‘p yillik tajribaga ega.
Mavzuga oid
21:21 / 14.11.2024
AQSh dollarining mustahkamlanishi global muammoga aylanadi - The Economist
16:56 / 14.11.2024
AQSh saylovlarida respublikachilar Kongressda ham ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:46 / 14.11.2024
“Abadiy ximikatlar” yoshlarda buyrak shikastlanishiga olib kelishi mumkin - tadqiqot
15:42 / 14.11.2024