O‘zbekiston | 13:57 / 06.10.2016
6480
5 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi XMT konvensiyasi loyihasini ko‘rib chiqishga kirishdi

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi “XMTning “Birlashish erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi 87-sonli Konventsiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni loyihasini ko‘rib chiqishga kirishdi.

Mazkur Konventsiya 1948 yilda XMT Bosh Konferentsiyasining 31-sessiyasida qabul qilingan va 1950 yilda kuchga kirgan. Konventsiya preambula, 4 bo‘lim va 21 moddadan iborat bo‘lib, XMTning 8 ta asos soluvchi Konventsiyalaridan biri hisoblanadi. 

Bugungi kunda ushbu Konventsiya XMTga a'zo bo‘lgan 153 mamlakat tomonidan ratifikatsiya qilingan. Konventsiya preambula, 4 bo‘lim (21 modda)ni o‘z ichiga oladi va quyidagilarni ko‘zda tutadi:
- xodimlar va ish beruvchilarning tashkilotlar tuzish, shuningdek, ushbu tashkilotlarga kirish huquqi;
- xodimlar va ish beruvchilar tashkilotlarining o‘z Ustavlari va ma'muriy reglamentlarini ishlab chiqish, o‘z faoliyatini tashkil etish, harakatlar dasturini tasdiqlash va amalga oshirish huquqi;
- davlat organlarining birlashish huquqini cheklovchi yoki uni qonuniy amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi aralashuvidan erkinlik; 
- xodimlar va ish beruvchilar tashkilotlarini tarqatib yuborishni yoki ma'muriy tartibda ular faoliyatini to‘xtatib qo‘yishni ta'qiqlash; 
- xodimlar va ish beruvchilarga birlashish huquqini erkin amalga oshirishni kafolatlovchi choralar qabul qilish.

XMT Ustaviga muvofiq Konventsiyaning ishtirokchi davlatlari XMTga mazkur Konventsiyaga oid o‘z majburiyatlarini bajarish uchun amalga oshirgan chora-tadbirlari to‘g‘risidagi ma'ruzani taqdim etadilar.  
Birinchi va keyingi ma'ruzalar ushbu Konventsiya tegishli ishtirokchi davlat uchun kuchga kirganidan so‘ng kamida uch yilda bir marta, shuningdek, XMT tomonidan talab etilgan hollarda taqdim etiladi.

O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligi birlashish erkinligi tamoyillarini to‘liq aks ettiradi, qonunchilik amaliyoti XMTning “Birlashish erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi 87-sonli Konventsiyasiga to‘la mos keladi. Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi tomonidan birlashish erkinligi kafolatlarini mustahkamlovchi xalqaro huquqiy hujjatlar ratifikatsiya qilingan va amalda qo‘llanilmoqda. Xususan, fuqarolarning kasaba uyushmalariga birlashish huquqining konstitutsiyaviy kafolatlari o‘rnatilgan (Konstitutsiyaning 34 va 59 moddalari), mazkur kafolatlar shuningdek, 20 dan ortiq hujjatlarda, shu jumladan, “Kasaba uyushmalari, ular huquqlari va faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida”gi Qonunda va Mehnat kodeksida ham mustahkamlab qo‘yilgan.

Qonunchilik kasaba uyushmalariga birlashish, jamoa muzokaralarini olib borishni Konventsiyaning 9-moddasida belgilanganidek, Qurolli Kuchlar, ichki ishlar organlari, MXX, ichki qo‘shinlar va boshqa harbiy tuzilmalarni istisno qilgan holda, davlat sektorida ta'qiqlamaydi.

Hozirgi kunda O‘zbekistonda xodimlar manfaatlarini 14 tarmoq, 14 hududiy, 37 mingga yaqin boshlang‘ich kasaba uyushma tashkilotlarini birlashtirgan va o‘z saflarida 6 mln.dan ortiq a'zoga ega bo‘lgan Kasaba uyushmalari Federatsiyasi ifodalaydi. 2015 yil oktabr oyida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Xalqaro kasaba uyushmalari Konfederatsiyasi (XKUK)ning assotsiatsiyalashgan a'zosi bo‘ldi, O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi va XKUK o‘rtasida hamjihatlik to‘g‘risida Memorandum imzolangan va amalda tatbiq etilmoqda. 

Ish beruvchilar manfaatlarini 14 hududiy vakillikni o‘z ichiga olgan va ish beruvchilar, shu jumladan, kichik biznes manfaatlarini himoya qiluvchi va ilgari suruvchi hamkor hisoblangan Savdo-sanoat palatasi ifodalaydi. 2014 yildan boshlab Savdo-sanoat palatasi Xalqaro ish beruvchilar tashkilotining teng huquqli a'zosi hisoblanadi. 

O‘zbekiston Respublikasi tomonidan “XMTning Birlashish erkinligi va kasaba uyushmalariga birlashish huquqini himoya qilish to‘g‘risida”gi 87-sonli Konventsiyasini ratifikatsiya qilish to‘g‘risida”gi Qonunning qabul qilinishi – davlatning xalqaro mehnat standartlarini milliy qonunchilikka implementatsiya qilishni yanada takomillashtirishga xizmat qiluvchi inson huquqlari sohasidagi qadriyatlarga sodiqligining yaqqol namunasidir.

Mazkur Konventsiyaning ratifikatsiya qilinishi O‘zbekiston Respublikasining xalqaro va regional tashkilotlarga yanada integratsiyalashuvi hamda xodimlar va ish beruvchilar manfaatlari himoyasini xalqaro standartlarga muvofiq ta'minlashni yanada takomillashtirish uchun sharoit yaratadi.

Mavzuga oid