Mamlakatimizda joriy yilning 4 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda. Bu jarayonga nafaqat yurtdoshlarimiz, balki nufuzli xalqaro tashkilotlar ham katta qiziqish bildirmoqda. Binobarin, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi Ehtiyojlarni baholash missiyasining (EBM) mamlakatimizga tashrifi fikrimizning yorqin dalilidir.

  O‘zA muxbiri O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasida doimiy asosda ishlovchi a'zosi Temur Shirinov bilan mazkur tashrifning mazmun-mohiyati xususida suhbatlashdi.

– Eng avvalo, Markaziy saylov komissiyasi hamda YeXHT o‘rtasidagi hamkorlik xususida to‘xtalib o‘tsangiz?

– Ta'kidlash kerakki, Markaziy saylov komissiyasi ko‘plab xalqaro tashkilotlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini yo‘lga qo‘ygan, – deydi T.Shirinov. – Ayni vaqtda Markaziy saylov komissiyasi hamda YeXHT o‘rtasidagi aloqalar ham samarali rivojlanib bormoqda. YeXHT O‘zbekistondagi loyihalari koordinatorining Toshkentdagi ofisi “O‘zbekiston Respublikasi saylov amaliyotini takomillashtirishga ko‘maklashish” qo‘shma loyiha doirasida mamlakatimizda saylov amaliyotini yanada demokratlashtirishning turli masalalariga bag‘ishlangan xalqaro tadbirlar, anjuman va seminarlarni tashkil qilish va o‘tkazishda faol ishtirok etdi. Ularning ishida YeXHTga a'zo mamlakatlar vakillari, shu jumladan, Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkilotining Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi ekspertlari ishtirok etdi.

Markaziy saylov komissiyasi vakillari Ispaniya, Fransiya, Daniya, Buyuk Britaniya saylov amaliyoti bilan yaqindan tanishish, shu jumladan, saylovchilarning yagona elektron reyestrini yaratish bo‘yicha xorijiy tajribani o‘rganish imkoniga ega bo‘ldi.

So‘nggi besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan YeXHTning mamlakatimizdagi loyihalari koordinatori, Germaniyaning F.Ebert va K.Adenauer jamg‘armalari singari nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda o‘nga yaqin xalqaro anjuman va davra suhbatlari o‘tkazildi. Ularda Yevropa, Osiyo, Amerika va MDH mamlakatlari, Butunjahon saylov organlari assotsiatsiyasi, YeXHT Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosi hamda MDH Ijroqo‘mi ekspertlari ishtirok etdi.

Tajriba almashish, demokratik saylovlarga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bo‘yicha xalqaro tajribani o‘rganish maqsadida mamlakatimiz mutaxassislarining Fransiya, Ispaniya, Polsha, Daniya, Buyuk Britaniya, Koreya Respublikasi, Rossiya, Hindiston kabi davlatlarga yigirmaga yaqin amaliy tashriflari uyushtirildi.