Jahon | 15:27 / 26.10.2016
12807
2 daqiqa o‘qiladi

Rossiya harbiy kemalariga ruxsat bergan Ispaniya tanqid qilinmoqda

Foto: The Guardian

NATO a'zosi hisoblanuvchi Ispaniyaning Rossiya harbiy kemalari guruhini o‘z portiga kiritgani g‘arb siyosatchilari va harbiylarining keskin noroziligini keltirib chiqardi. Rossiya Shimoliy dengiz flotiga tegishli harbiy kemalari yoqilg‘i quyib olish va oziq-ovqat g‘amlash maqsadida Ispaniya portiga kirgan, deb xabar qilmoqda Britaniyaning The Guardian gazetasi.

Ma'lum bo‘lishicha, Rossiya HDFning O‘rta yer dengiziga yo‘l olayotgan "Admiral Kuznetsov" aviatashuvchi kreyseri yetakchiligidagi aviatsiya guruhi Gibraltar bo‘g‘ozidan o‘tgach, Ispaniyaning Seuta portiga kirgan. 

NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg Rossiya ushbu kemalarni Halabdagi fuqarolik inshootlariga havo zarbalari berishni kuchaytirishda qo‘llashidan "tashvish" bildirgan edi. 

Uning qo‘shimcha qilishicha, alyansning har bir mamlakati "bu kabi kemalarning O‘rta yer dengizi sharqiga borishda zaxiralarni to‘ldirib olish va yoqilg‘i quyib olish uchun portlarga kiritishni mustaqil hal etishlari lozim".

Buyuk Britaniya sobiq mudofaa vaziri Jyerald Hovard Ispaniyaning ruxsat berganini "umuman keraksiz" qaror deb atagan bo‘lsa, Britaniya qirollik HDK sobiq qo‘mondoni lord Alan Uestning fikricha, "Rossiyaga sanksiyalar joriy qilingan bir vaqtda NATO ittifoqchisining bu qilmishi nomaqbuldir".

Britaniya TIV vakilining bayonot berishicha, "portga kiritishga ruxsat berish Ispaniya hukumati qaroridir. Ammo, rasmiy London ma'muriyati Ispaniya rahbariyatiga Rossiya kemalariga mehmondo‘stlik qilish borasida o‘z tashvishini bildirgan. Chunki, barcha Rossiyaning harbiy faolligidan xavotirda".

Belgiyaning sobiq bosh vaziri, ayni vaqtda Britaniyaning YeI tarkibidan chiqishi bo‘yicha muzokaralarda Ittifoq vakili bo‘lgan Gi Verxovstadt Ispaniya qarorini "ziddiyatli" deya baholagan.

Mavzuga oid