Jamiyat | 15:02 / 30.11.2016
8227
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonda OIVga chalinish ko‘rsatkichi 2016 yilning o‘tgan davrida 8 foiz pasayishiga erishildi

Yaqinda BMTning OIV/OITS bo‘yicha hisoboti chop etildi. Hujjatda aytilishicha, dunyo bo‘yicha 2016 yilda OIVga chalinganlar soni 39,8 million kishiga yetdi, bu kasallik oqibatida birgina o‘tgan yili 1,1 million kishi vafot etdi. Jahonda 1,8 million bolalar shu virusni yuqtirib olgani g‘oyat achinarlidir. OIVga chalinish 15-24 yoshli xotin-qizlar orasida ko‘p uchrayotgani ham insoniyatni jiddiy tashvishga solmoqda. Bu haqda O‘zA yozmoqda.

BMT vakillarining qayd etishicha, 2030 yilgacha dunyoda OIV/OITS epidemiyasini o‘ta past ko‘rsatkichga olib tushish mumkin. Faqat buning uchun 2020 yilgacha bu virusni yuqtirganlarning 90 foizi xasta ekanini bilishi, davolanishi va organizmida ushbu virus xurujini juda past darajaga keltirishi lozim.

O‘zbekiston Respublikasining 2013 yil 23 sentabrda qabul qilingan «Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida»gi qonuniga muvofiq OIV infeksiyasini yuqtirgan shaxslarning ijtimoiy muhofazasi mustahkamlandi, ularga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yaxshilandi, epidemiyaga qarshi kurashish samaradorligi oshdi. Vazirlar Mahkamasining 2014 yil 10 sentabrdagi “2014-2016 yillarda O‘zbekiston Respublikasida OIV infeksiyasi tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi Davlat dasturini tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan OIV infeksiyasiga chalingan bemor bolalarga oylik nafaqa belgilandi. Qon va uning preparatlari orqali yuquvchi kasalliklarning oldini olish maqsadida Vazirlar Mahkamasi qabul qilgan «O‘zbekiston Respublikasida gemokontakt infeksiyalarning oldini olishni yanada takomillashtirish bo‘yicha 2016-2017 yillarga mo‘ljallangan kompleks chora-tadbirlar rejasi» izchil amalga oshirilmoqda.

Ilgari OIV aniqlangan bemorlar har kuni 3-4 mahal 5 tagacha dorilarni qabul qilgan bo‘lsa, bugun bir kunda 1 dona tabletka berilib, yuqori samara olinmoqda.

Jahon cog‘liqni saqlash tashkiloti 2-3 oyda bir marta bemorning tanasiga dori preparatini ukol orqali yuborish usulini tavsiya qildi. Bu bemorlarda har kuni dori ichish bilan bog‘liq noqulayliklarni bartaraf etadi, ushbu dori ta'sirida hujayrani yemirayotgan virusning kuchi kamayib, uning qonda ko‘payishining oldi olinadi. Organizmda virus kamaygach, bemorning immuniteti ko‘tarilib, yondosh kasalliklardan himoya qilinadi, umri uzayadi, ish qobiliyati tiklanadi. Virusning boshqalarga yuqish xavfi ham keskin kamayadi.

O‘zbekistonda OIV bilan kasallanish ko‘rsatkichlari 2015 yilda 5,5 foiz, 2016 yilning o‘tgan davrida 8 foiz pasayishiga erishildi.

Bu yerda OIV infeksiyasi oqibatida kelib chiqadigan barcha opportunistik (bakteriyali, zamburug‘li zotiljam, o‘pka sili, turli zamburug‘li infeksiyalar va hokazo) yuqumli kasalliklar davolanadi, retrovirusga qarshi preparatlarning nojo‘ya ta'siri bartaraf etiladi.

Bugun OIV infeksiyali onadan sog‘lom bola tug‘ilish ko‘rsatkichi O‘zbekistonda 99,3 foizni tashkil etmoqda. Vaholanki, rivojlangan Yevropa davlatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 98,5 foizni tashkil etadi.

Mavzuga oid