Jahon | 08:42 / 08.12.2016
7331
6 daqiqa o‘qiladi

Trampning saylangan prezident sifatidagi birinchi oyi: Manxettendagi Oq uy va Twitter mojarolari

Foto: © AP

Milliard Donald Tramp bir oydan beri AQShning yangi saylangan, biroq hali hukumat tepasiga kelmagan prezidenti bo‘lib turibdi. Tramp hozirdanoq amerikaliklar hayotini o‘zgartirishni boshladi - senat tomonidan keyinchalik tasdiqlanadigan vazirlarni taklif qilmoqda. Avvalgi hech bir prezidentga o‘xshamaydigan tadbirkor davlat rahbari lavozimida ham o‘zgarmasligini ko‘rsatib berdi.

Xususan, u Twitter’da barcha tanqidchilar bilan bahslarga kirishib, xalqaro siyosatda ham, savdo sohasida ham yoki so‘z erkinligi borasida ham o‘zining aniq fikri borligini ko‘rsatib berdi.

Manxettendagi Oq uy

Vashingtondagi Oq uyga ko‘chish arafasida Tramp hamon o‘zining Nyu-Yorkning Manxettenidagi Trump Tower osmono‘par binosida ishlamoqda. Bu yerga uning maslahatchilari va vazirlik lavozimiga nomzod bo‘lganlar to‘xtovsiz ravishda kelishmoqda. AQSh maxfiy xizmati esa odamlar bilan doimo gavjum bo‘luvchi ko‘chaning bir qismini yopib qo‘ydi.

Nyu-York hokimi Bill de Blazio federal hukumatga Tramp va uning oila a'zolari xavfsizligini ta'minlash uchun 35 million dollar taqdim etishni so‘rab murojaat qildi. Mablag‘lar shahar politsiyasining qo‘shimcha sarf-xarajatlariga yo‘naltiriladi. Yangi davlat rahbarining rafiqasi Melanya esa Nyu-Yorkda kamida kelasi yilning yoziga qadar qoladi – o‘g‘illari Berron o‘z maktabidagi o‘quv yilini tugatib olishi uchun.

Vazirlar masalasi

Tramp saylovoldi kampaniyasi vaqtida o‘zini konservator va tadbirkor sifatida yorqin namoyon etdi. Bu holat vazirlarni taklif qilishda ham o‘zini ko‘rsatdi. Tramp vazirlarining umumiy moliyaviy ahvoli 40 milliard dollar atrofida baholanmoqda. Iqtisodiyot sohasida avval hukumatda ishlamagan badavlat xej-jamg‘arma menejyeri Stiv Mnuchin (moliya vaziri) va milliarder Uilbur Ross (savdo vaziri) faoliyat olib boradi. Ta'lim vaziri lavozimiga esa milliarderlar oilasi vakilasi Betsi Devos taklif etildi. Transport vaziri lavozimiga tavsiya etilgan Eleyn Chao esa kichik Jorj Bush ma'muriyatida vazir bo‘lib ishlagan. 

Tramp harbiy sohada faqatgina tajribali generallarni taklif qildi. Jyeyms Mettis – dengiz piyoda qo‘shinlari sobiq qo‘mondoni mudofaa vaziri lavozimiga, avval harbiy razvedkaga rahbarlik qilgan Maykl Flinn esa prezidentning milliy xavfsizlik bo‘yicha maslahatchisi lavozimiga taklif etildi.

Tramp davlat kotibi lavozimiga hali hech kimni tayinlamadi – bunda Nyu-Yorkning sobiq hokimi Rudi Juliani, prezidentlikka sobiq nomzod Mitt Romni, MRB sobiq direktori, iste'fodagi general Devid Petreus va boshqalarning nomzodi ko‘rib chiqilmoqda

Maslahatlar kerak emas

Tramp tashqi siyosat bo‘yicha bir qator bayonotlar bilan chiqdi. Rossiya bilan munosabatlarda prezident Vladimir Putin bilan yaqinlashish haqida gapirdi. Shuningdek, Tramp o‘nlab boshqa jahon yetakchilari bilan ham telefon suhbatlarini o‘tkazdi. Davlat departamentining rasmiy amaldorlari esa Tramp ular bilan maslahatlashmaganidan hayratga tushishdi – odatda bunday vaziyatlarda saylangan prezident tashqi siyosiy mahkama tomonidan taqdim etilgan maxsus eslatmalardan foydalanadi. Trampning Yaponiya bosh vaziri Abe bilan Nyu-Yorkdagi uchrashuvida atigi ikki amerikalik bo‘ldi – Trampning o‘zi va uning qizi Ivanka. Pokiston bosh vaziri Navoz Sharifga esa Tramp mamlakatining barcha muammolarini hal etishda ko‘mak berishni va'da qilgan. 

AQShning saylangan prezidenti Kuba inqilobi yetakchisi Fidel Kastroni “diktator” deb atadi.

Bundan tashqari, Tramp Tayvan ma'muriyati rahbari Tsay Inven bilan gaplashdi – bu AQSh tomonidan 70-yillarda “Yagona Xitoy” siyosati e'lon qilinganidan so‘ng amalga oshirilgan ilk shunday suhbatdir. O‘z o‘rnida Xitoy ham tezkorlik bilan Pekindagi AQSh elchisiga taqdimnoma jo‘natdi. Tramp esa bunga javoban Twitter’da Xitoyni tanqid qilib chiqqan.

Twitter mojarolari

Tramp Twitter uning uchun butun dunyo bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish qulay vositasi ekanini ko‘rsatib berdi. Har kuni Twitter’da saylangan prezidentning o‘nlab yozuvlari paydo bo‘ladi.

Birinchi oy Tramp mojarolardan qo‘rqmasligi va o‘z fikrini ifodalashda maydalashib o‘tirmasligini ko‘rsatib berdi. Saylangan prezident New York Times gazetasini tanqid qilib, uni o‘z pozitsiyasini boshqalar bilan hisoblashmasdan, birinchi o‘ringa chiqarib qo‘yishda aybladi.

Farzandlar masalasi

Tramp ko‘p masalalarda farzanlariga tayanishi ma'lum bo‘ldi – birinchi bo‘lib katta Donald, Ivanka va Erikka, shuningdek Ivankaning turmush o‘rtog‘i Jared Kushnerga. Bolalar – uning eng yaqin maslakdoshlaridir. Qizi Ivankaning xorijiy siyosatchilar bilan muzokaralarda qatnashishi masalaga yanada oydinlik kiritadi. Shuningdek, uning turmush o‘rtog‘i Jared ham vazirlik lavozimlariga nomzodlar tanlashda ishtirok etayotganligi xabar qilingan. Xullas, saylangan prezidentning farzandlari mamlakatni boshqarishda ishtirok etayotgani aniq. 
 

Mavzuga oid