Jahon | 23:03 / 20.01.2017
44974
6 daqiqa o‘qiladi

AQSh prezidenti inauguratsiya marosimlaridan lavhalar: mast vitse-prezident va yoddan chiqqan qasamyod

Foto: AFP 

Amerika yetakchilarining lavozimiga kirishish marosimlari har doim ham silliq o‘tgan deyish noto‘g‘ri bo‘ladi. Kimdir tantanali qasamyod matnlarini unutgan, boshqasi mast holda ishtirok etgan, yana biri bu tantanadagi injiqligi sabab hayotdan ko‘z yumgan. RIA Novosti Qo‘shma Shtatlardagi inauguratsiya jarayonlaridan lavhalarni taqdim etadi. 

"Menga Xudo yordam bersin!"

Bu so‘zlar, har qanday amerikalik, madhiyaning ilk so‘zlari kabi o‘rganib qolgan jumlalardir. Buni AQShning har bir prezidenti aytadi. Ushbu an'anani Franklin Ruzveltdan boshlab barchasi davom ettirmoqda. Aslida esa, uning muallifi Amerikaning birinchi prezidenti Jorj Vashingtondir. Unga bu borada ikkita rekord xosdir. Birinchidan, u Saylovchilar hay'atining 100 foiz ovozini to‘plagan. Ikkinchidan, qayta saylangach, qasamyod qabul qilishga bir daqiqadan biroz ko‘proq vaqt sarflagan. 

AQSh prezidenti Jorj Vashington qasamyodi, 1789 yil
Foto: AP

Inauguratsiyadan qochish

AQShning uchinchi prezidenti Tomas Jyefferson inauguratsiya jarayoniga xohlagan kishilarni kiritishga ruxsat berish an'anasini boshlab bergan davlat rahbari hisoblanadi. Bu odat yettinchi prezident Endryu Jyekson uchun esa balo bo‘lgan. Gap shundaki, tarixga "Olomon qiroli" nomi bilan kirgan Jyeksonning tantanali qasamyod qabul qilishiga 20 mingdan ortiq inson kelgan. Natijada, Jyekson o‘zi bilan ko‘rishmoqchi bo‘lgan odamlar to‘dasidan qochishga majbur bo‘lgan. Olomon esa, Oq uyga bir necha ming dollarlik talofat yetkazgan.

Endryu Jyekson qasamyodi, 1865 yil
Foto: Library of Congress 

O‘limga olib kelgan marosim

Ha, AQSh tarixida, Amerika yetakchisining injiqligi, fojiali oqibat bilan tugagan voqea ham bor. AQShning 9-prezidenti Uilyam Henri Harrison marosim vaqtida palto, shlyapa va qo‘lqoplarni kiyishni keskin rad etgan va sovuq havoda, buning ustiga yomg‘ir ostida ikki soatga yaqin nutq so‘zlagan. U soyabon tutishlariga ham rozi bo‘lmagan. Oradan 3 hafta o‘tgach, o‘pkasi shamollagan Uilyam 1841 yil 4 aprelda hayot bilan vidolashgan. 

Uilyam Henri Harrison inauguratsiyasi, 1841 yil
Foto: AP

Mast qasamyod

1865 yili Endryu Jonson AQShning 16-prezidenti Avraam Linkoln tomonidan vitse-prezident lavozimiga ilgari surilgan edi. Jonson marosimda nutq so‘zlashi kerak edi. U hayajonini bosib olish uchun ikki qadah mast qiluvchi ichimlik ichishga qaror qilgan, ammo keyin, nafsini tiya olmagan va marosimga o‘lguday mast holda chiqqan. Linkolnning talabi bilan Jonson marosimni tark etishga majbur bo‘lgan. 

Avraam Linkoln inauguratsiya marosimi, 1861 yil
Foto: AP

Tutilgan prezident

1953 yilgi inauguratsiya paradida kovboy Monti Montana prezident Duayt Eyzenxauerni tutishga muvaffaq bo‘lgan. Albatta, bu xavfsizlik xizmati roziligi bilan, paradga "kovboylik tusi"ni berish maqsadida amalga oshirilgan. Aslida, rejaga ko‘ra, Eyzenxauer va vitse-prezident Nikson kovboylik shlyapalarini kiyishlari lozim edi, ammo keyinroq, arqon bilan tryuk ijro etishga qaror qilishgan. Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, kovboy irg‘itgan arqon Eyzenxauer bo‘yniga kelib tushgan. 

Duayt Eyzenxauer inauguratsiya balida, 1957 yil
Foto: AP

Prezidentlik boshga tushgan qor kabi 

Amerikaning 36-prezidenti Lindon Jonson qasamyodini Vashingtonda emas, balki havoda, Birinchi raqamli bortda qabul qilgan. Bu 1963 yil 22 noyabrda bo‘lib o‘tgan. 35-prezident Jon Kennedi o‘ldirilganidan so‘ng, Jonson shoshilinch ravishda prezidentlik lavozimiga kirishishga majbur bo‘lgan. 

Jaklin Kennedi Lindon Jonsonning qasamyodiga guvoh bo‘lmoqda
Foto: AP

Xotira chatoq bo‘lsa ham yomon

Garchi ingliz tilidagi qasamyod matni 35ta so‘zdan iborat bo‘lsa-da, ayrim prezidentlar uning matnini unutib qo‘yishgan. Xususan, AQShning 44-prezidenti bo‘lgan va iste'foga chiqayotgan Barak Obama "Men, Barak Husayn Obama, tantanali qasamyod qilamanki, Qo‘shma Shtatlar prezidenti vakolatlarini vijdonan bajaraman va kuchim boricha Qo‘shma Shtatlar Konstitutsiyasini qo‘llab-quvvatlayman, himoya qilaman hamda muhofaza qilaman". Shunga qaramay, u "qasamyod qilamanki" degan so‘zlardan keyin bir necha soniyaga to‘xtab qoladi va so‘ngra yana davom etgan. 

Barak Obamaning birinchi inauguratsiyasi, 2009 yil, 20 yanvar
Foto: AFP 

Namoyishlar

AQShning 37-prezidenti Richard Niksonning 1969 yildagi qasamyod marosimi o‘ziga xos xavotirli bo‘lib o‘tgan. O‘shanda, Vetnamdan Amerika harbiylarini olib chiqishni talab qiluvchi Mobe harakati prezident kortejiga taomlar, shisha idishlar va tutun shashkalarini otishgan. 1973 yilda esa, uning ikkinchi inauguratsiyasida yuz mingga yaqin kishi Niksonning ikkinchi marta saylangani sababli norozilik namoyishlari o‘tkazgan. 

Barak Obamaning birinchi inauguratsiyasi, 2009 yil, 20 yanvar
Foto: AP 

 

Mavzuga oid