Jamiyat | 11:48 / 25.02.2017
159308
6 daqiqa o‘qiladi

Azaga aylangan suyunchi: Toshkentda e'tiborsizlik tufayli ona va bola hayotdan ko‘z yumdi

Tarmoqlar orqali tarqalgan bu mash'um xabar ko‘plab foydalanuvchilarning ko‘nglini junbushga solmoqda. Toshkentda yashaydigan 31 yoshli Yuliya Doroshina Toshkentdagi 5-tug‘uruqxonada vafot etdi. Ayni damda prokuratura ayolning vafoti yuzasidan tergov ishlarini olib bormoqda.

Ayolning oilasi uning bevaqt o‘limida shifokorlarning aybi katta ekanligini qayd etmoqda. Yuliya ko‘zi yorigan vaqt jon beradi, uning tug‘ilgan chaqalog‘i ham vafot etadi.

Doroshinaning turmush o‘rtog‘i Ts-1 nashriga bergan intervyusida rafiqasi hamda qizalog‘i shifokorlarning mas'uliyatsizligi oqibatida halok bo‘lganini aytib o‘tgan. 

Ma'lum bo‘lishicha, Toshkentning Shumilovo mavzesida yashovchi Yuliyaning 9 yoshli qizi bo‘lib, u ikkinchi farzandini intizorlik bilan kutgan. Uning turmush o‘rtog‘i Stanislav Gumenyukning ta'kidlashicha, Yuliya tug‘uruqdan 5 kun avval UZI tekshiruviga borgan. Unda bolaning bo‘yni kindigiga o‘ralgani ma'lum bo‘ladi. Biroq ayol ko‘zi yorigunga qadar chaqaloq to‘g‘ri holatga tushib qolishi va boshi kindigidan yechilishiga umid qilgan. Ayol tug‘ilajak qiziga ism ham tanlagan edi - Milana. 

Yuliya TAPOiCh qoshidagi tibbiyot markazida tug‘ishni rejalashtiradi, biroq tozalik ishlari tufayli u yer yopilgan edi. Doroshinani to‘lg‘oq tutganida tez yordam uni 5-raqamli tug‘uruqxonaga keltiradi. Bolaning joylashishidagi katta xavf UZI orqali ko‘ringan bo‘lar edi, biroq shifokorlar bu tekshiruvni amalga oshirishmagan. Tug‘uruqxona ishchilarining so‘zlariga ko‘ra, o‘sha vaqtda ultratovush apparati vaqtinchalik ishlamagan va bu ishni qila oladigan shifokor ham bo‘lmagan. 

Navbatchi shifokor tezkor operatsiyani amalga oshirib bo‘lganidan so‘ng Yuliyaga qarashini aytadi. Ayolning yaqinlarini tunda uyga jo‘natishadi va ertalab tetrasiklin mazi va qo‘lqop olib kelishlarini so‘rashadi. Ular kerakli dorilar zarur bo‘lsa, tug‘uruqxona zaxirasidan bir kechaga ishlatib turishlarini, ertaga tongda o‘rniga keltirib berishlarini iltimos qilishganida, hamshiralardan quyidagi so‘zni eshitishadi: «Bu yer sizga dorixona emas».

Tunda Stanislavga hech kim qo‘ng‘iroq qilmaydi. Ertalab soat sakkizga yaqin tug‘uruqxonaga kelishganida, Yuliyani ham, navbatchi shifokorni ham uchratishmaydi. Havotirga tushgan Stanislavga “Tonggi majlis, kutib turing”, deb javob berishadi. Faqatgina, bir soat o‘tgandan so‘ng bosh shifokor xonasida ular Yuliyaning hayoti saqlanib qolinmaganidan xabardor bo‘lishadi... 

Bosh shifokor Yuliyaning turmush o‘rtog‘iga kesarcha kesish (kesarevo) jarrohligi o‘tkazilganini aytadi. Chaqaloq soat 4.14da chiqarib olingan – u kindigiga 4 marotaba o‘ralgan bo‘lgan, bir daqiqadan so‘ng qizaloq vafot etadi.

Yuliya esa qariyb bir soatdan so‘ng 5.10da jon beradi. Shifokorlarning aytishicha, ular uch marta yurak urishini qaytarishga urinishadi, biroq foydasi bo‘lmaydi. To‘liq tibbiy xulosa o‘limdan 15 kun o‘tgach beriladi. Shifokorlar bergan dastlabki xulosada ayol ko‘p qon yo‘qotishdan vafot etgani qayd etilgan.

«Tadqiqot o‘tkazgan patologoanatomning aytishicha, kesarcha kesish jarayoni «ko‘r-ko‘rona» o‘tkazilgan, ya'ni hech qanday boshlang‘ich UZI tekshiruvisiz», – deydi ayolning eri. Stanislav bu fojiada shifokorlar aybdor ekanini qayd etmoqda. «Ular rafiqamning ahvolini to‘g‘ri baholay olishmadi. Ishonchim komilki, agar ayolimga o‘z vaqtida e'tibor qaratishganida Yuliya va qizalog‘im tirik qolgan bo‘lar edi».

«Agarda chaqaloq kindigiga o‘ralgan bo‘lsa, u ko‘m-ko‘k tug‘iladi, – deydi Yuliyaning qarindoshi Olga. – Milana esa farishtadek oppoq edi. Balki, shifokorlar uning o‘zi tug‘ishini kutib, jarrohlikni kechiktirishgan».

Olganing aytishicha, shifokorlar kesarcha kesishni bepul amalga oshirishni istamagan bo‘lishi ham mumkin.

20 fevral kuni Yuliyaning turmush o‘rtog‘i Toshkent shahar prokuraturasiga ariza beradi. U huquqni himoya qilish organlari mazkur masalaga oydinlik kiritishlariga ishonmoqda. 

«Nima sababdan Yuliyani UZI bor bo‘lgan boshqa shifoxonaga olib borishmadi? Nega uni zudlik bilan operatsiyaga olib kirishmadi? Tunda nima sodir bo‘ldiki, bosh shifokorning o‘zi bu ishga aralashgan? Nima sababdan oilaga o‘z vaqtida chaqaloqning vafot etgani xabar berilmagan?»

Stanislav kuzatuv kamerasidan olingan yozuvlar shifokorlar qayerda yanglishganini aniqlashga yordam berishiga ishonmoqda.

16 fevral kuni Yuliyani qizi Milana bilan so‘nggi manzilga kuzatishdi. 

«Men 11 yoshimda yetim qolganman, – deydi ko‘z yoshini berkitishga uringan Stanislav. – Barcha qarshilik qilishiga qaramay, qizimga onasi bilan so‘nggi marotaba ko‘rishishiga ruxsat berdim».

«Biz suyunchi uchun mablag‘ yig‘ib qo‘ygan edik. Oqibatda, pullar dafn marosimiga sarflandi», – deydi u.

Mavzuga oid