O‘zbekiston Respublikasining bir qator kodekslariga o‘zgartishlar kiritildi
Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining to‘qqizinchi yalpi majlisi ochildi. Majlisda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdilar. Bu haqda Senat Axborot xizmati xabar bermoqda.
Majlisni Oliy Majlis Senatining Raisi N. Yo‘ldoshev olib bordi.
Senatorlar “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunini ko‘rib chiqdilar. Qonun O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2016 yil 21 oktabrda qabul qilingan “Sud-huquq tizimini yanada isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2017 yil 21 fevralda qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasi sud tizimi tuzilmasini tubdan takomillashtirish va faoliyati samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlariga muvofiq ishlab chiqildi.
Senatorlar “Sudlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga, Fuqarolik protsessual va Xo‘jalik protsessual kodekslariga kiritilayotgan o‘zgartishlar hamda qo‘shimchalar yangi tuzilayotgan ma'muriy va iqtisodiy sudlar faoliyatining tegishli huquqiy bazasini yaratishga qaratilganligini ta'kidladilar.
Xususan, Oliy xo‘jalik sudi va Oliy sudning birlashtirilishi, iqtisodiy sudlar tashkil etilishi, harbiy sudlarning maqomi qayta ko‘rib chiqilishi munosabati bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonundan xo‘jalik sudlarining faoliyatini tartibga soluvchi normalar chiqarib tashlanmoqda, okrug harbiy sudlari va harbiy hay'atlar tugatilmoqda.
Oliy sud tuzilmasiga ma'muriy va iqtisodiy ishlar bo‘yicha hay'atlar kiritilmoqda, harbiy hay'at bekor qilinmoqda.
Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar ma'muriy sudlar tasarrufidagi ish toifalarini aniq belgilab bermoqda. Bu davlat organlarining, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining, shuningdek ular mansabdor shaxslarining ommaviy-huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan harakatlari (qarorlari) yuzasidan shikoyatlar va arizalar bilan bog‘liq.
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi tuzilishi munosabati bilan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilmoqda. Ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq Kengash zimmasiga sudlar faoliyatini tashkiliy jihatdan ta'minlash funksiyalari yuklatilmoqda. Shunday tartib belgilanmoqdaki, unga ko‘ra sudya Sudyalar oliy kengashining xulosasisiz javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas. Kengash Raisiga Oliy sud Plenumi majlislarida ishtirok etish huquqi berilmoqda.
“Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga muvofiq sudyalarni saylash (tayinlash), ular vakolatlarini muddatidan ilgari tugatish tartibi belgilanmoqda.
Qonunda sudya lavozimga birinchi marta besh yillik muddatni, navbatdagi o‘n yillik muddatni va sudyalik lavozimida bo‘lishning muddatsiz davrini belgilash, umumiy sudyalik stajidan kelib chiqqan holda sudyalarning vakolat muddatini hisoblab chiqarish tartibi, sudlar raislarini 5 yilga saylash (tayinlash), ayni bir sudda ushbu lavozimni surunkasiga ikki muddatdan ortiq egallash mumkin emasligi nazarda tutilmoqda.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyalari uchun sudyalik lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi 70 yoshni, boshqa sudlarning sudyalari uchun 65 yoshni tashkil etadi. Oliy sudning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi mamlakat Prezidenti tomonidan, boshqa sudlarning sudyasi lavozimida bo‘lishning eng yuqori yoshi Sudyalar oliy kengashi tomonidan besh yilgacha uzaytirilishi mumkin.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi sud hokimiyatining nufuzini yanada oshirishga, chinakam mustaqilligini ta'minlashga, jismoniy va yuridik shaxslar huquqlari hamda qonuniy manfaatlarining ishonchli himoya qilinishini ta'minlash bo‘yicha sudlar faoliyatining samaradorligini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.
Mavzuga oid
12:30 / 06.11.2024
AQShda Trampning respublikachilari Senatda ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritdi
15:55 / 24.10.2024
“5 yilda 440 ga yaqin qonun muhokama qilindi” - Senat raisi
13:38 / 23.10.2024
Yerdan foydalanish haqidagi qonunchilik talablarini buzganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi
13:04 / 23.10.2024