Jamiyat | 13:38 / 08.05.2017
13324
8 daqiqa o‘qiladi

Panjara ortidagi piyonistalar

Foto: Flickr

Bugungi kunda jahon hamjamiyatiga, insoniyat hayotiga tahdid solayotgan xavf-xatarlar, balo-yu ofatlar qaysilar, deb savol berilganda, shubhasiz birinchi galda terrorizm, giyohvandlik, diniy ekstremizm kabi tushunchalar fikrimizga gavdalanadi. Ular yuzaga keltirayotgan katta muammolar va salbiy oqibatlarini ham tez fursatda o‘ylay boshlaymiz. Sababi bu qirg‘inbarotliklardan bugungi kunda jahon hamjamiyati aziyat chekmoqda...

Lekin bulardan qolishmaydigan yana bir illat bor. U bizning ichimizda, yonginamizda, shundoqqina ko‘z o‘ngimizda turganini ba'zan payqamaymiz ham. Aynan shu illat tinch-totuv yashayotgan oilalarning buzilib ketishiga, bir-biriga mehribon aka-uka, ota-bolalarning o‘zaro «yuz ko‘rmas» bo‘lib ketishlariga, jamiiki tubanliklar, jinoyatlar va bezoriliklarning ko‘payib yoshlarning ongi zaharlanishiga, shuningdek, jamiyatimizda nosog‘lom muhitning yuzaga kelishiga sabab bo‘lmoqda.

Bu - ichkilikbozlikdir.

Ichkilikbozlik sog‘lom jamiyatga ham, unda o‘sayotgan yosh bolalar, o‘spirinlarning ruhiyatiga ham salbiy ta'sir ko‘rsatadi. Hatto, yurishni zo‘rg‘a eplaydigan bolachalarning oddiy gazli suvdan ichib, «men mastman, aroq ichdim, meni ushla, yiqilib tushaman» kabi so‘zlar bilan «piyonista»larga taqlid qilib, chayqalib, qoqilib yurishlariga ko‘p marotaba guvoh bo‘lganmiz.

Vaholanki, inson nomiga dog‘ tushiradigan jinoyatlar, bezoriliklar va uni qing‘in yo‘llarga undaydigan ham shu - ichkilikdir.

Ichkilikni Kaykovus «Mastlik devonalik va darbadarlikdir», deb qoralasa, Sa'diy Sheroziy esa «Bu la'nati shayton idish ichida tinch va osoyishta o‘tiradi. Ammo agar uni tashqariga qo‘yib yuborsangiz, may bilan birga tomoqdan o‘tib, hatto filni ham masxarabozlardek o‘ynatadi», deydi.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, sodir etilayotgan o‘nta jinoyatlarning to‘qqiztasi spirtli ichimlik iste'mol qilish oqibatida sodir etilar ekan.

Ushbu maqola orqali biz ichkilikka ruju qo‘ygan ayrim kimsalarning qing‘ir qilmishlarini, buning oqibatida ular tomonidan sodir etilgan o‘ta og‘ir jinoyat tafsilotlarini bayon etmoqlikni joiz deb bildik.

Buxoro tumani Rabotiqalmoq qishloq fuqarolar yig‘ini «Bog‘dorchilik» jamiyatiga qarashli dala hovlilarning birida istiqomat qiluvchi Qambar bobo ayoli Xosiyat momo va nevaralarini Buxoro shahrida yashovchi qizining uyiga mehmondorchilik uchun yubora turib, yolg‘iz o‘zi dala hovlida qoladi.

Shu kuni Qambar boboning dala hovlisi joylashgan hududda istiqomat qilib kelayotgan Ashurov Jo‘ra To‘rayevichning uyida bazmi jamshid avjida. «O‘xshatmasa uchratmas» deganlaridek, Jo‘ra ichkilikka mukkasidan ketgan hamtovoqlari Rustamov Ahmed G‘afforovich va Rustamov Nodir Botirovichlarni erta tongdan o‘zining uyiga taklif qiladida, navbatdagi bazmni uyushtiradi.

Bu uchala betayin bezorilar kuni bilan aroqxo‘rlik qilib, to‘rtinchi shishani dumalatganlarida kun ham botib ulgurgan edi. Tunning ikkinchi yarmiga kelib, soat 2 lar chamasida ularni yana aroqning xumori tutib, go‘yo «obi hayot»dek uni izlashga tushadilar. Uydan hech qanday ichimlik topilmagach uchovlon kalovlanib ko‘chaga chiqadilar.

«Och qolgan to‘ng‘iz o‘z bolasini ham yeydi» deganlaridek, Jo‘ra, Nodir va Axmed mastlik oqibatida, hattoki, ular to‘ng‘iz emas balki, inson bolasi ekanliklarini ham unutgan edilar. Jo‘ra o‘zining qadrdonlariga qo‘shnisi Qambar boboning uyida aroq topilishi mumkinligini aytadi, lekin Qambar bobo bu vaqtda ularga aroq tugul, eshigini ham ochmasligini tushungan hamtovoqlar, qariyaning uyiga bostirib kirishni rejalashtiradilar. Qambar bobo ularni tanib qolmasligi uchun bosqinchilar uydan topilgan ayollar chulkisini boshlariga kiyib oladilar va mastlikda tuzilgan rejaga muvofiq Qambar boboning uyiga g‘ayriqonuniy ravishda deraza orqali kirishga muvaffaq bo‘ladilar.

Yarim tunda chaqirilmagan «mehmonlar»ning tashrifidan cho‘chib uyg‘ongan Qambar ota bu mahalda o‘g‘li Umidjon kelgan, deb o‘ylab, dahlizga chiqadida boshiga urilgan tayoq zarbasidan hushini yo‘qotib polga yiqiladi. Ko‘nglida rahm-shavqat qolmagan yigitlar 85 yoshli Qambar otani shu holiga ham achinmasdan tinmay do‘pposlaydilar va uning uyini titkilab o‘zlariga kerak bo‘lgan biror bir ichimlik topa olmagach, javonda turgan 380 ming so‘m miqdoridagi pullarini qo‘lga kiritib juftakni rostlaydilar.

Bir oz muddat o‘tgandan keyin Qambar ota ko‘zini ochadida qo‘shnisi Akbarning uyi tomon yura boshlaydi. Ammo boshidan urilgan tayoq zarbalaridan boboning madori qolmay qo‘shnisining tomorqa yerida yiqilgancha tongga qadar yordamga muhtoj holda o‘lim bilan kurashadi.

Uchchala hamtovoqlar ertasi kuni kayflari tarqalib hushyor tortadilarda tunda sodir etgan pastkashliklaridan gangib qoladilar. qilmishlari jinoyat ekanligini tushungan, muqaddam sodir etgan turli jinoyatlari uchun bir necha marotaba sudlangan Jo‘ra, Nodir va Axmedlar endi yashirinish choralarini ko‘rib tum-taraqay bo‘ladilar.

Ammo ularning borar manzillari yana o‘sha temir panjaralar ortida. Ertasi kuni voqea sodir etilganligidan boxabar bo‘lgan Buxoro tuman IIBning tezkor xodimlari shu kunning o‘zida ushbu jinoyatni issiq izlarida ochilishiga erishadilar. Qilmish qidirmish deganlaridek uchchala bosqinchilarga Jinoyat ishlari bo‘yicha Buxoro shahar sudi tomonidan 8 yildan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Yuqorida bayon etilgan jinoyatning kelib chiqishiga yagona sabab bu, albatta, ichkilikdir. «Ichiladigan birinchi qadah odatda sog‘lik uchun, ikkinchisi - kayfiyat uchun, uchinchisi - surbetlik uchun, to‘rtinchisi esa - aqldan ozish uchun ichiladi», deb Kamol Xo‘jandiy ham ichuvchilarga me'yorga amal qilishlarini targ‘ib qilgan. Alloma Abul Faraj esa «Ichkilik insonga to‘rt hayvon sifatini ato qilar ekan: birinchi qadahni ichganda odamning yuziga qon yugurib tovusdek tovlanadigan, harakatlari sipo bo‘larkan. Ikkinchi qadahni ko‘targach maymundek qiyshanglaydigan, o‘zini ham boshqalarni ham masxara qiladigan bo‘lib qolarkan. Uchinchi qadahni sipqorgach, u sherdek takabbur, o‘z kuchiga ishongan, hech kimni nazar-pisand qilmaydigan janjalkash bo‘lib qolar ekan. To‘rtinchi qadahdan so‘ng, u endi to‘ng‘izdek ifloslanib, balchiqqa botib yotishni o‘ziga bir fazilat deb bilarkan», deya bu illatning oqibatlarini ta'kidlab o‘tgan.

Baxtiyor Raxmatov 
kapitan
Buxoro viloyati

Mavzuga oid