O‘zbekiston | 15:04 / 03.11.2024
3772
2 daqiqa o‘qiladi

Buxoroda xotiniga og‘ir tan jarohati yetkazgan shaxs qamoqdan ozod qilinib, shartli jazo tayinlandi

Ayblanuvchi xotiniga boltaning tig‘ qismi bilan og‘ir jarohatlar yetkazganiga qaramasdan sudda unga shartli hukm chiqarilgan.

Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida xotiniga og‘ir tan jarohatlari yetkazgan shaxsga hukm chiqarilgan. Bu haqda Buxoro sudlari rasmiy Telegram-kanalida xabar berilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, 2024 yil 16 aprel kuni soat 20:00 larda 1987 yil G‘ijduvon tumani Oqrabot qishlog‘ida tug‘ilgan shaxs uyida turmush o‘rtog‘i bilan tortishib qolgan va boltaning tig‘ qismi bilan xotinining bosh va orqa bel sohasiga qasddan urib, unga og‘ir shikast yetkazgan.

Sud ayblanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 126-1-moddasi (oilaviy (maishiy) zo‘ravonlik) 7-qismi “j” bandi bilan 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan.

Biroq ayblanuvchiga Jinoyat kodeksining 72-moddasi (shartli hukm qilish) qo‘llanib, shartli hukm qilingan holda 2 yil sinov muddati belgilangan.

Xabarda sudya bunga asos qilib jabrlanuvchining da’vosi yo‘qligini, ayblanuvchi qilmishiga pushaymonligini, jabrlanuvchi bilan yarashib, voyaga yetmagan to‘rt nafar farzandini tarbiyalab kelayotganini, oilada yagona boquvchiligini, qaramog‘ida qariya kasalmand onasi borligini, G‘ijduvon tumani “Oqrabot” MFYning kafolat xatini e’tiborga olgani aytiladi.

Mavzuga oid