Bizni birlashtirgan rishtalar yoki Xitoy bilan o‘zaro hamkorlik haqida
Ming eshitgandan ko‘ra, bir marta ko‘rgan afzal, degan hikmat qanchalik haqiqatligini Xitoyda bo‘lgan kunlarimiz qayta-qayta angladik. Xitoy Xalq Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi tomonidan belgilangan rang-barang dastur asosida o‘tgan bir haftalik sayohatimiz davomida ko‘p bor hayratga tushdik. Ko‘rganlarimizdan qay biri haqida yozishni uzoq o‘ylab qolganimizni ham yashirmaymiz.
Xitoyning ming asrlik tarixi, katta hududi, aholisining soni, Xitoy imperatorining o‘n beshinchi asrda barpo etilgan saroyi har kuni sayyohlarni hayratga soladi. O‘rkach-o‘rkach bo‘lib, borgan sari bulutlarga yaqinlashayotgan tog‘ tizmalari ustida barpo etilgan mashhur Xitoy devorini ko‘rmay qaytadigan sayyohni topish qiyin. Ikki yarim ming kilometr masofadan uzoqqa cho‘zilgan, toshdan, pishiq g‘ishtdan iborat bu noyob, o‘ta og‘ir mehnat talab qiladigan mudofaa devorini odamzot qo‘l bilan yaratganiga aql bovar qilmaydi. Xitoy xalqining aql-zakovatidan darak beruvchi bu bebaho me'moriy san'at yodgorligi qanday mashaqqatli mehnat evaziga barpo etilganini tasavvur etish qiyin emas.
Bular hammasi e'tirofga, Xitoy mo‘'jizalari, deb ta'riflashga munosib, albatta. Ammo bulardan-da ko‘proq hayratlanarli, butun dunyoni qiziqtirayotgan boshqa bir masala bor. Buni Xitoyning eng katta mo‘'jizasi, deyish mumkin. Bunga iqror bo‘lish uchun avvalo, o‘zimizga ushbu savolni beraylik: Dunyoda 5-6 yoki 10-15 million aholisini boqolmay, muammolardan boshi chiqmay yotgan davlatlar ozmi? Oz emas. Tabiiy savol tug‘iladi: Xitoy qanday qilib 1 milliard uch yuz million aholini oziq-ovqat, uy-joy bilan ta'minlab kelmoqda?..
O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning so‘zlari yodga tushadi. «Xitoy — buyuk davlat. Xitoyda amalga oshirilayotgan islohotlar faqat bizning emas, balki butun dunyo e'tiborini tortmoqda. Darhaqiqat, sayyoramizda yashovchi har to‘rtinchi kishini oziq-ovqat bilan ta'minlayotgan, o‘z fuqarolari hayot darajasini samarali oshirishga erishayotgan, yuksak iqtisodiy sur'atlarni namoyish etayotgan davlat har qanday hurmat va qadrga munosibdir».
Bugunga kelib, butun dunyo Xitoyning iqtisodiy taraqqiyot yo‘lini o‘rganmoqda, barcha yutuqlari zamirida ana shu hayotiy islohotlar turganini e'tirof etmoqda. Bunga qo‘shimcha qilib, Xitoy xalqining mehnatkashligi va tirishqoqligini ta'kidlash o‘rinli bo‘ladi, deb o‘ylaymiz.
Xitoyga ta'rif berilganda, go‘zal va ko‘rkamlikda, zamonaviylikda biri-biridan o‘tadigan shaharlari haqida to‘xtalmay o‘tib bo‘lmaydi. Xitoyliklar o‘z mehmonlarini ko‘pincha Shenchjyen shahriga taklif qilishadi.
Bu shahar 22 provinsiyadan biri — Guandonda joylashgan, aholisi 20 million. Sharq tomoni Xitoy dengiziga tutash, havosi namroq. Ammo shaharda turli-tuman daraxtlar shunchalik ko‘pki, o‘zingizni go‘yo istirohat bog‘ida yurgandek his etasiz. Bir so‘z bilan aytganda, Shenchjyen — yashil shahar.
Arxitekturasi zamonaviy, ko‘p qavatli binolari osmonga bo‘y cho‘zib turibdi, yo‘llar ravon, chetlarida gullar, manzarali daraxtlar...
— Shenchjyen bundan 30-35 yil avval dengiz bo‘yidagi asosan baliqchilar qishlog‘i o‘rnida qurila boshlangan. U bir avlod ko‘z o‘ngida dunyoning sanoat, ayniqsa, axborot texnologiyalari va ilm-fan gurkirab o‘sgan mintaqalaridan biriga aylandi. Buning boisi shundaki, 1980 yillarda mamlakat rahbari Den Syaopin Shenchjyenni ochiq iqtisodiy zona, deb e'lon qildi va unga juda ko‘p soliq imtiyozlari berildi. Shunda dunyoning deyarli barcha qit'alaridan, Gongkongdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri investitsiyalar oqib kela boshladi, — deydi hamrohimiz, «Shenchjyen kechki gazetasi» bosh muharriri Dun Shichjao.
Bu yerga so‘ngi 30 yil ichida juda katta miqdorda xorijiy investitsiya jalb etilishi natijasida shahar mamlakat sanoati, moliya, savdo va transportining muhim markazlaridan biriga aylandi. Eksport hajmi jihatidan eng katta to‘rtlikka kirdi.
Shenchjyen — Xitoyning elektronika sanoati rivojlangan shahridir. Dunyoda nom qozongan iPhone va iPad aynan shu yerda ishlab chiqariladi.
Shahar sanoati tarkibida telekommunikatsiya uskunalari, mobil telefonlar, kompyuter, xo‘jalik elektr texnik asboblari, tibbiyot jihozlari, mashinasozlik yetakchilik qiladi. Shuni ham ta'kidlash kerakki, Shenchjyenni ilmiy markazlar shahri ham deyishadi. Darhaqiqat, mahsulotlar turini yangilash, ko‘paytirish, takomillashtirish ustida 40 dan ziyod ilmiy markazlar, ming-minglab mutaxassislar izlanishlar olib boradi.
Bu shaharda ishlab chiqarilayotgan jahonga mashhur Huawei, ZTE, Lenovo kabi brend mahsulotlarni O‘zbekistonda ham yaxshi bilishadi. Elektronika bozorining 20 dan ziyod yetakchi korxonalari aynan Shenchjyenda joylashgan. Birgina 2016 yilda ularning savdo aylanmasi 447 milliard dollarni tashkil etgan. Bunda eksport hajmi importdan ikki barobar ko‘pdir. Dunyoning eng yirik 500 korporatsiyasidan 180 tasi Shenchjyenda joylashgani yoki bu yerda filialiga egaligining o‘zi shahar nufuzini ko‘rsatib turibdi.
O‘zbekiston — Xitoy iqtisodiy munosabatlarida ham Shenchjyen alohida o‘rin tutadi. Uning Huawei korporatsiyasi o‘n yetti yildirki, O‘zbekistonning ishonchli hamkorlaridan biridir. Bu korxona mahsulotlarini yurtimizdagi aksariyat oilalarda uchratish mumkin.
Huawei dunyoning 170 dan ziyod mamlakatiga o‘z mahsulotlarini eksport qiladi. Uning telekommunikatsiya sohasidagi dasturlari, uskunalaridan yer kurrasidagi har uchinchi inson foydalanmoqda. Korporatsiyada 170 mingdan ziyod ishchi-mutaxassis xizmat qiladi. 2016 yilda 75 milliard dollarlik tovar aylanmasiga erishilgan. Yillik daromadining o‘n foizi ilmiy tadqiqotga sarflanadi. Dunyoning 16 mamlakatida ilmiy markazlariga ega. Faqatgina 2016 yilda 116 million dona smartfonlari sotilgan. Mana shunday jozibador kompaniya O‘zbekistonda ham o‘z vakolatxonasiga ega. U mamlakatimizda telekommunikatsiya tarmog‘i rivojlanishiga katta hissa qo‘shmoqda. «O‘zMOBAYL», «O‘zbektelekom» milliy aloqa tarmoqlari Huawei bilan texnologik hamkorlik tufayli jahon andozalari darajasiga erishmoqda.
— O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga rasmiy davlat tashrifi chog‘ida o‘zaro hamkorlikni yanada rivojlantirish borasida yangi shartnoma imzoladik, — deydi Huawei korporativ aloqalar departamenti vitse-prezidenti Uolter Djyennings. — O‘zbekistonning qator vazirliklari bizning mahsulotlarni xarid qiladigan bo‘ldi.
Shenchjyen safari chog‘ida u yerdagi OAV faoliyati bilan ham tanishdik. Elektron OAVni Shenzhen Media Group birlashtirgan bo‘lib, uning tarkibida 11 telekanal, 4 radiostansiya va kinostudiya faoliyat olib boradi. Shenzhen Press Group mediaxolding kompaniyasi 10 gazeta, 5 jurnal va 10 internet sayt hamda nashriyot-matbaa uyiga ega.
— Tahririyatimizda 150 nafar ijodiy va texnik xodim ishlaydi. Ularning 100 nafari axborot yig‘uvchi jurnalistlar, 30 nafari muharrirlardir, — deydi kundalik «Shenchjyen iqtisodiy gazetasi» bosh muharriri Chjou Pin. — Biz iqtisodiy aloqalar tufayligina O‘zbekiston haqida bilamiz. Sizlarning kompaniyamizga tashrifingiz mamlakatlarimiz ommaviy axborot vositalari o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha hamkorlikka yo‘l ochsa ajab emas.
— O‘zbekistonni Markaziy Osiyo iqtisodiyotida yetakchi davlat sifatida bilamiz. U tez sur'atlar bilan rivojlanib bormoqda. Prezidentingiz Shavkat Mirziyoyevning Pekinda bo‘lib o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» forumida so‘zlagan nutqini o‘quvchilarimiz katta qiziqish bilan kutib oldi, — deydi «Shenchjyen Daily» gazetasi bosh muharriri Dun Xaytao. — Buyuk ipak yo‘lining qayta tiklanishi, Xitoy — Qirg‘iziston — O‘zbekiston temir yo‘li qurilishi munosabatlarimizni yanada mustahkamlashiga ishonamiz.
Xitoylik hamkasblarimiz so‘zlaridan angladikki, ularning yurtimizga qiziqishi va hurmati katta.
...Xarbin shahrini ko‘rishga taklif etishganda, to‘g‘risi, biroz ikkilandik. Kitoblarda o‘qiganmiz, kinofilmlarda ko‘rganlarimiz orqali taassurotga ega edik. Buning ustiga Shenchjyendan samolyotda to‘rt yarim soatlik yo‘l ekan. Xarbinni sharqiy-shimoliy Xitoyning poytaxti, deb ham atasharkan. Sanoat va ilmiy markazlar rivojlangan. Atigi bir asrdan ortiqroq vaqt ichida bo‘m-bo‘sh yerda barpo etilgan shahar bunchalik gullab-yashnaganiga ishonging kelmaydi.
Xeyluntszyan provinsiyasi markazi bo‘lgan bu shaharda 10 million aholi yashaydi. Xarbin mamlakatning shimolidagi mintaqalarni bir-biri bilan bog‘lovchi transport chorrahasi, ma'muriy, iqtisodiy va madaniy markaz, deb e'tirof etiladi.
Xarbinga safarimizdan asosiy maqsad O‘zbekistonda zamonaviy gidroelektrostansiyalar qurilishi yoki rekonstrutsiya qilinishida ishtirok etayotgan korxonalar faoliyati bilan tanishish edi.
Xarbin elektr quvvati ishlab chiqaruvchi GES, GRESlar uchun yuksak aniqlikdagi noyob uskunalar yetkazib beruvchi rivojlangan korxonalarga ega. Ulardan biri «Xarbin Elektro Inter Injiniring» kompaniyasidir. U dunyoning Pokiston, Eron, Hindiston, Turkiya, Indoneziya kabi 30 dan ziyod mamlakatlariga 33,0 MVT quvvatli energiya ishlab chiqaruvchi qurilmalar eksport qildi, o‘rnatdi va ishga tushirdi. Ular qatorida Toshkent viloyatidagi Yangi Angren GRESi ham bor. Bu korxona rahbariyati bizni eski qadrdonlardek izzat-hurmat bilan kutib oldi. Yurtimiz bilan hamkorlik haqida iliq fikrlar bildirishdi.
— 2009 yilda O‘zbekiston bilan hamkorlik aloqalari o‘rnatganmiz, — deydi kompaniya bosh direktori o‘rinbosari Do Injo. — 2016 yilda Angren GRESining yangi quvvatlarini qurib ishga tushirdik. Bu O‘rta Osiyodagi birinchi loyihamiz edi. O‘zbekistonlik mutaxassislar bilan yelkama-yelka turib ishladik, natijada qurilish-montaj ishlari muddatidan 4 oy avval yakunlandi. Hozir biz Angrenda o‘rnatgan energobloklar muttasil ishlamoqda. 2016 yil 20 sentabrda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev obektni kelib ko‘rdi va bizning kompaniyaga ishonch bildirib, Angren GRESi ikkinchi navbatini ham qurish va jihozlashni topshirdi. Shartnoma hujjatlari Prezidentingizning Xitoyga safari chog‘ida imzolandi. Bunday yuksak ishonchni katta sharaf, deb bilamiz.
— Uskunalarni montaj qilib ishga tushiramiz, keyinchalik unga servis xizmati ko‘rsatamiz va mahalliy mutaxassislarni o‘qitamiz, — deydi kompaniya bosh menejyeri, «Angren» loyihasi rahbari Jiang Xonggan. — Kompaniyamiz o‘quv bo‘limida o‘zbekistonlik yuz nafardan ziyod yoshni turli kasblar bo‘yicha o‘qitdik.
Angren GRESining birinchi navbatini qurish va modernizatsiyalashtirish ishlarida Xarbinning yana bir kompaniyasi ishtirok etgandi. Hozir ular Angrenda energetik inshootlar va qurilmalari ikkinchi navbatini qurish bilan birga transport vositalari uchun rezina g‘ildirak (shina)lar ishlab chiqaruvchi korxonani bunyod etishda ham qatnashmoqchi.
— O‘zbekistonda xorijlik investorlar uchun katta imtiyozlar yaratilganidan yaxshi xabardormiz. O‘zbekiston rahbariyati dunyoning eng rivojlangan kompaniyalari bilan hamkorlik qilishga intilmoqda. Biz ham tinchlik hukm surayotgan, mehmondo‘st o‘zbek xalqi bilan hamkorlikdan manfaatdormiz. Shuning uchun «Xarbin Elektro Inter injiniring» kompaniyasining gidrotrubinalar montaj ishlari bo‘yicha filiali ham Angren loyihalariga jalb etildi, — deydi Do Injo.
Ko‘mirdan elektr energiyasi olish tabiiy muhitga zarar yetkazmaydimi, degan savolimizga janob Jiang Xonggan yo‘q, biz Angren GRESiga havoga chiqindi chiqarmaydigan zamonaviy tozalash uskunalarini ham o‘rnatganmiz, deb javob berdi.
Xarbinlik mutaxassislar O‘zbekistonning bundan 50-60 yil avval qurilgan boshqa hududlaridagi GES va GRESlarni ham modernizatsiyalash, qayta qurish loyihalarida ishtirok etishmoqchi.
Xarbindagi ayrim OAV faoliyati bilan ham tanishdik. Rus tilida chiqadigan «Partnyory» jurnali tahririyatidagi uchrashuvda ijrochi direktor Fan Juyxe bizga jurnal tarixi, tarqatilish makoni, yutuq va muammolar haqida gapirib berdi. «Partnyory» asosan Xitoydagi rusiyzabon xalqlar va rossiyalik o‘quvchilarga mo‘ljallangan bo‘lib, har oyda 20-40 ming tirajda chop etilar ekan. Tarixdan ma'lumki, bu yerda temir yo‘l va shahar qurilishida ko‘plab rus mutaxassislar ishlagan. Hozirgacha ularning avlodlari umrguzaronlik qilib kelmoqdalar.
Xarbin bosma nashrlar korporatsiyasida bizni uning rahbari Xu Minxiao kutib oldi. 6 kundalik, 2 haftalik gazetalar va 2 oylik jurnalni, internet sayt va nashriyot matbaa korxonasini o‘z ichiga olgan bu matbuot uyida 2800 odam mehnat qiladi. Xitoylik hamkasblarimiz internet tufayli gazetalar adadi qisqarayotgani, buning natijasida sof daromad yildan-yilga kamayib borayotganini gapirishdi.
— Agar korporatsiyaning 2014 yilgi daromadi 600 million yuan (90 million dollar) bo‘lsa, 2016 yil yakuniga kelib, 200 million yuan (30 million dollar)ga tushib qoldi, — deydi Xu Minxiao. — Biz asosiy e'tiborni tirajni saqlab qolishga qaratmoqdamiz.
Xitoyda kim bilan suhbatlashmaylik, O‘zbekiston haqida, o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida iliq gaplar eshitdik. Angren — Pop elektrlashgan temir yo‘li eslandi. Qator ommaviy axborot vositalari ham Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 11-13 may kunlari Xitoyga davlat tashrifi va 14-15 may kunlari Pekinda bo‘lib o‘tgan «Bir makon, bir yo‘l» forumidagi ishtiroki va bildirgan fikrlariga katta e'tibor qaratganiga guvoh bo‘ldik. Darhaqiqat, tashrif davomida 100 dan ziyod hujjat imzolanganligi, ko‘plab yirik sarmoyaviy loyihalarni amalga oshirishga qaror qilingani, ularning umumiy qiymati 23 milliard AQSh dollaridan ko‘pligini nazarda tutib, xulosa qiladigan bo‘lsak, munosabatlarimizning hozirgi bosqichi yuksak darajaga ko‘tarilayotganini ko‘rsatadi.
Bunday mustahkam o‘zaro ishonch, samimiy do‘stlik va hamkorlikning omillari to‘g‘risida turli fikrlar bildirilmoqda. To‘g‘ri, Xitoy, avvalo, yaqin qo‘shnimiz, ko‘p asrlik iqtisodiy va madaniy aloqalar, Buyuk ipak yo‘li bizni qadimdan bog‘lab kelgan. Xitoy O‘zbekistonning mustaqilligini birinchilardan bo‘lib tan olgan. Mustaqilligimizga bir yil to‘lar-to‘lmas Birinchi Prezidentimiz Islom Karimovning Xitoyga tashrifi chog‘ida 20 dan ortiq hujjat imzolangan edi. Keyingi yillarda do‘stona, teng huquqli hamkorlik kengayib bordi. Mamlakatlarimiz rahbarlarining dunyodagi ko‘p masalalarga nisbatan munosabatlari ham yaqin bo‘ldi. Eng muhimi, Xitoy ham O‘zbekiston singari tinchlik tarafdori.
Xitoyda bo‘lgan uchrashuvlar, turli kasb egalari bilan muloqotlar chog‘ida munosabatlarimiz nega yaqinligining yana bir jihatini angladik. Bu — xalqlarimiz ruhan yaqinligida, milliy odatlarimiz, insoniy fazilatlarimiz o‘xshashligida. Xitoy tashqi ishlar vazirligining Xarbin kantselyariyasi boshlig‘i o‘rinbosari Tszi Yuytszya aytgan so‘zlar ham fikrimizni tasdiqlaydi. U shunday dedi:
— Xitoy bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi masofa ming-ming kilometrni tashkil etadi. O‘rtamizda tog‘lar, dengizlar bor. Biroq ko‘ngillarimiz yaqin. Ko‘ngli yaqin xalqlarning o‘rtasida hech qanday masofa sezilmaydi...
Darhaqiqat, o‘zaro yuksak ishonch, hurmat asosiga qurilgan do‘stlik, hamkorlik barqaror va abadiy bo‘ladi.
Safar Ostonov,
Muhammadjon Obidov,
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalistlar.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
21:21 / 17.10.2024