O‘zbekiston | 01:05 / 16.06.2017
6371
8 daqiqa o‘qiladi

TIV rahbari o‘rinbosari: “O‘zbekistonning tinchliksevar siyosati BMT faoliyatiga hamohangdir”

Foto: O‘zA

Ma'lumki, Prezident Shavkat Mirziyoyev taklifiga binoan, 2017 yil 10 iyun kuni Birlashgan Millatlar Tashkilotining Bosh kotibi Antoniu Guterrish O‘zbekistonga keldi. O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Anvar Nosirov «Jahon» AA muxbiri bilan bo‘lib o‘tgan eksklyuziv suhbat chog‘ida mazkur tashrif yakunlari va ushbu global tizim bilan amalga oshirilayotgan birgalikdagi ishlar haqida so‘zlab berdi.

“Avvalo shuni qayd etishni istar edimki, yuqori martabali mehmonning ushbu tashrifi jahon hamjamiyati, xususan, BMT tomonidan O‘zbekistonning zamonaviy rivojlanishiga nisbatan ulkan qiziqishning mavjud ekanligidan dalolat beradi.

Mamlakatimizda o‘z vakolatxonalarini ochgan ushbu tashkilotning qator ixtisoslashgan muassasalari ro‘yxati e'tiborga molik bo‘lib, o‘zaro hamkorligimiz nuqtai nazaridan ular ko‘pgina sohalarni qamrab olgan.

Hamkorligimiz BMTning qator asosiy hujjatlariga asoslangani holda, ularning bosqichma-bosqich hayotga tadbiq etilishi o‘zbek xalqi farovonligi yo‘lida yanada yuksalishga hamda gullab-yashnashga erishishimizga ko‘maklashmoqda. Xususan, Barqaror rivojlanish maqsadlarini respublikamiz sharoitlariga moslashtirish ustida birgalikda ish olib bormoqdamiz. Xalqaro tamoyillarga muvofiq holda Barqaror rivojlanish maqsadlarining milliy ko‘rsatkichlari hamda indikatorlari ishlab chiqildi va qabul qilindi.

Shubha yo‘q-ki, mazkur global tizim bilan hamkorlik haqida gapirar ekanmiz, BMTning O‘zbekiston taraqqiyotiga ko‘maklashish bo‘yicha doiraviy dasturi (YuNDAF) bandlarini hayotga tadbiq etish yuzasidan mamlakatimiz jiddiy maqsadlarni ko‘zlayotganini alohida ta'kidlash zarur. YuNDAF va Barqaror rivojlanish maqsadlari 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida ham o‘z aksini topganining o‘zi ham bu fikrni tasdiqlaydi.

Umuman olganda, bosib o‘tilgan yo‘lga nazar tashlar ekanmiz, shuni ishonch bilan aytishimiz mumkinki, samarali hamkorligimizda to‘plangan qimmatli tajriba BMTning muhim hujjatlarida belgilab berilgan yuksak maqsadlar yo‘lidagi samarali sa'y-harakatlarning bardavomligi uchun muhim asos bo‘lib xizmat qiladi.

- Hamkorligimiz umumbashariy xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash masalalarini ham qamrab olgan. Siz O‘zbekistonning BMT doirasida tashabbuslarni ilgari surish va amalga oshirish bo‘yicha to‘plagan tajribasini qayday baholaysiz?

- O‘zbekistonning tinchliksevar siyosati, uning qarama-qarshiliklarni diplomatiya yo‘li bilan hal etishni ko‘zlashi, mintaqada xavfsizlik va barqarorlikni ta'minlash borasidagi sa'y-harakatlari BMT faoliyatiga hamohangdir.

Masalan, respublikamiz Afg‘onistondagi vaziyatni tezda normallashtirish muammosiga keng miqyosli mintaqadagi tinchlik va xavfsizlikning muhim qismi sifatida qaraydi. O‘zbekiston qo‘shni mamlakatda tinch hayot o‘rnatilishi bo‘yicha afg‘onlarning hamda xalqaro hamjamiyatning sa'y-harakatlarini qat'iy qo‘llab-quvvatlagani holda Afg‘onistonni ijtimoiy-iqtisodiy qayta tiklash dasturlari amalga oshirilishiga salmoqli hissa qo‘shmoqda, jumladan, uning hududida ko‘pgina infratuzilma obektlarining qurilishiga ko‘maklashmoqda.

Umuman olganda, O‘zbekiston tashqi siyosiy faoliyati Konseptsiyasidagi asosiy vazifalardan biri - Markaziy Osiyoda tinchlik hamda barqarorlikni saqlash va mustahkamlash, mintaqani xavfsizlik va barqaror rivojlanish hududiga aylantirish vazifasini amalga oshirish bo‘yicha mamlakatimiz tomonidan tashlanayotgan qadamlarga BMT yuqori baho bermoqda. A.Guterrish o‘z tashrifi chog‘ida O‘zbekistonda hukm surayotgan tinchlik va osoyishtalik, uyg‘unlik va bag‘rikenglik muhiti BMTning asosiy maqsadlari va tamoyillariga to‘la muvofiqligini qayd etdi.

- O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida BMT Bosh kotibi Orol dengizi mintaqasida bo‘ldi. Orolbo‘yi hududining rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashda BMTga a'zo davlatlar sa'y-harakatlarini birlashtirishning ahamiyati haqidagi fikrlaringizni o‘rtoqlashsangiz.

- Biz ekologiya sohasida ushbu tashkilot bilan samarali hamkorlik qilmoqdamiz. O‘zbekiston bu yo‘nalishda umumsayyora miqyosida ahamiyat kasb etadigan muammo - kechiktirmasdan hal qilinishi lozim bo‘lgan Orol dengizi inqirozini bartaraf etish yuzasidan jahon hamjamiyatining diqqatini jalb etishga jiddiy e'tibor qaratmoqda.

Hozir bu noyob suv havzasini avvalgi holida qayta tiklash haqida gapirish g‘ayri imkon. Shu bois, birinchi darajada Orolbo‘yi biologik fondini saqlash, mintaqada istiqomat qiladigan aholi hayotiy faoliyati va salomatligiga ekologik inqirozning halokatli ta'sirini kamaytirish masalalariga e'tibor qaratish lozim. Bu masalaning jiddiyligini hisobga olib, 2008 yil mart oyida mamlakatimizda Toshkentda «Orol muammolari, ularning aholi genofondi, o‘simlik va hayvonot olamiga ta'siri hamda oqibatlarini yengillashtirish uchun xalqaro hamkorlik chora-tadbirlari» mavzusiga bag‘ishlangan xalqaro konferensiya o‘tkazilgan va unda BMT vakillari faol ishtirok etgan edi. 2014 yil oktabrida Urganch shahrida o‘tkazilgan «Orol dengizi mintaqasidagi ekologik ofat oqibatlarini yumshatish bo‘yicha hamkorlikni rivojlantirish» mavzusidagi xalqaro konferensiyada esa BMT Bosh kotibi o‘rinbosari Kristian Friis Bax, BMT Taraqqiyot dasturi ma'murining o‘rinbosari Oysha Jahon Sultono‘g‘li, ESKATO ijrochi kotibi o‘rinbosari Shun-ichi Murata ishtirok etdi.

BMT Bosh Assambleyasining 63-sessiyasida O‘zbekiston hammualliflaridan biri bo‘lgan «Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasiga Bosh Assambleya huzurida kuzatuvchi maqomini berish to‘g‘risida»gi rezolyutsiya umum qo‘llab-quvvatlashiga sazovor bo‘lgan eng muhim hujjatlardan biri bo‘ldi. O‘zbekistonning Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasidagi raisligi doirasida ishlab chiqilgan Orol dengizi qurishining oqibatlarini tugatish va Orolbo‘yidagi ekotizim inqirozini bartaraf etish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 2013 yil sentabrida BMT Bosh Assambleyasi 68-sessiyasining rasmiy hujjati sifatida tarqatildi. Bundan tashqari, O‘zbekistonning ushbu xalqaro tashkilot shafe'ligida Orol dengizi va Orolbo‘yi hududi bo‘yicha maxsus Trast jamg‘armasini tuzish to‘g‘risidagi tashabbusi ham BMT tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Yaqinda biz 2017-2021 yillarda Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish bo‘yicha Davlat dasturini qabul qildik. Bu hujjat Orol dengizi inqirozi oqibatlarini yumshatish, ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni, mahalliy aholi turmush kechirishi sharoitlarini yaxshilash bo‘yicha 67 ta loyiha va tadbirni amalga oshirishni ko‘zda tutadi. Loyihalarning umumiy qiymati 8,4 trillion so‘mdan ziyodni tashkil etadi. Davlat dasturi ish o‘rinlarini yaratish, mintaqaning sarmoyaviy jozibadorligini oshirish, sog‘liqni saqlash, odamlarning uy-joy sharoitlari, hududlar obodonlashtirilishini yaxshilash, bolalar va sport maydonchalarini barpo etish, aholi punktlarining transport, injyenerlik va kommunikatsiya infratuzilmalarini rivojlantirish, Nukus va Urganch issiqlik ta'minoti tizimlarini yaxshilash bo‘yicha chora-tadbirlarni o‘z ichiga olgan.

Mazkur tashrifdan keyin Orol dengizi qurishi oqibatlarini yumshatish borasida BMT tizimlari va O‘zbekiston hukumati o‘rtasidagi sa'y-harakatlarning muvofiqlashuvi kuchayishiga ishonchim komil.

Mavzuga oid