Iqtisodiyot | 23:11 / 04.07.2017
24562
4 daqiqa o‘qiladi

Bank of Scotland O‘zbekiston iqtisodiyoti haqida

Foto: STV

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi xalqaro moliyaviy-iqtisodiy doiralarning diqqat markazidadir. 

Shotland banki tahlilchilarining ta'kidlashicha, O‘zbekistondagi YaIM o‘sishi 2000-yillarning o‘rtalaridan buyon yuqori darajada. 2014 yilda iqtisodiyot 8,1 foizga o‘sgan. 2015 yilda o‘sish 8,0 foizgacha, 2016 yilda esa 7,8 foizgacha pasaydi. 2017 va 2018 yillarda 7,0 va 7,3 darajasidagi o‘sish prognoz qilinmoqda. Iqtisodiy o‘sishning bunday darajasi O‘zbekistonni MDHning eng dinamik iqtisodiyotga ega mamlakatlardan biriga aylantiradi.

Ta'kidlash joizki, O‘zbekiston - Qozog‘istondan keyingi ikkinchi o‘rinda Markaziy Osiyoning eng yirik va mintaqdagi eng ko‘p tarmoqli iqtisodi hisoblanadi. Hozirda O‘zbekistonning yuqori qo‘shimchali qiymatga ega mahsulotlari nafaqat Markaziy Osiyo va MDH, balki Yevropa, Osiyo, Afrika va Amerika mamlakatlarini ham qamrab olayotgani shundan dalolat bermoqda. Masalan, yaqinda Yevropa ittifoqi o‘zbek to‘qimachilik sanoati mahsulotlari importi uchun yangi qulay shart-sharoitlar yaratdi. 

"Demografik yuk"ka qaramay (mustaqillik yillarida mamlakat aholisi soni 12,5 million kishiga oshgan), O‘zbekiston iqtisodiyoti 90-yillar boshidan deyarli 6 barobar o‘sdi, o‘rtacha daromad 9 karra oshdi. 1992 yildan 2016 yilga qadar O‘zbekiston YaIM xarid qobiliyatiga ko‘ra 37,8 dan 205,7 milliard AQSh dollariga oshdi. Taqqoslash uchun, Qozog‘istonning xuddi shu vaqt ichidagi bunday ko‘rsatkichlari 122,7 va 451,3 milliard dollarni tashkil qilgan. 

Bank of Scotland saytida ta'kidlanishicha, mustaqillik qo‘lga kiritilgandan keyin O‘zbekiston hukumati bosqichma-bosqich islohotlar va import o‘rnini bosish strategiyasini tanlagan. O‘zbekiston hukumatining iqtisodiyotni diversifikatsiyalash, eksportni rivojlantirish va investitsiyalarni jalb qilishga doir iqtisodiy siyosati o‘z samarasini bermoqda. Mazkur siyosat "Tayyor mahsulot ishlab chiqarishni mahalliylashtirish dasturi", iste'mol tovarlarini ishlab chiqarishni rag‘batlantirish, eksportchilarga ko‘maklashish, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash va xizmatlar sektori rivoji dasturini o‘z ichiga olgan. 

2017 yilda O‘zbekiston o‘z eksportiga bo‘lgan tashqi talab va xomashyo tovarlari narxining pasayishidan jabr ko‘rdi, ichki talab qisqardi. Biroq mamlakat salmoqli moliyaviy zaxiraga ega hamda davlat qarzlari kam. Ishbilarmonlik muhiti nuqtai nazaridan, O‘zbekistonda vaziyatni yaxshilash imkoniyatlari katta. 

Xizmatlar sektori O‘zbekistondagi eng yirik sektorligicha qolmoqda, u mamlakat YaIMning 46,8 foizini, sanoat va qishloq xo‘jaligi esa - 33,9 va 19,3 foizni tashkil qiladi. 

O‘zbekiston yirik to‘qimachilik sanoatiga ega va u paxta yetishtirish bo‘yicha dunyoda oltinchi o‘rinni egallaydi. Mamlakat shuningdek ipak hamda jun ham ishlab chiqaradi. Bundan tashqari, O‘zbekiston meva va sabzavotlar yetishtirish hamda ularning eksportini oshirish evaziga qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilishga harakat qilmoqda.

Shu bilan birga O‘zbekiston yirik gaz va neft ishlab chiqaruvchisi hisoblanadi, mamlakat mashinasozlik, metallurgiya, kimyoviy mahsulotlar, o‘g‘itlar va qurilish materiallari kabi tarmoqlarini rivojlantirish ustida ishlamoqda. Bundan tashqari, mamlakat ko‘mir, rux, mis, volfram, uran va kumush kabi tabiiy resurslarga boy.

Mavzuga oid