"Qassobga go‘sht qayg‘usi.." Odamlarni kim o‘ylaydi?
Bozorlarimizda kundalik ehtiyoj uchun zarur bo‘lgan go‘sht mahsuloti narxining oshib ketishi, aholining haqli e'tirozlariga sabab bo‘lmoqda. Viloyat hokimliklari va tegishli mutasaddi tashkilotlar ushbu vaziyatdan kelib chiqib, o‘z hududlarida go‘sht mahsuloti uchun yagona narx belgilab berayotganidan xabarimiz bor. Xo‘sh, go‘shtning narxini belgilab berish bilan muammo hal bo‘lyaptimi?
Mutasaddilarning aholi muammosini hal etish uchun amalga oshirayotgan ishlariga rahmat aytgan holda shuni aytish mumkinki, erkin bozor iqtisodiyotida narxni bozor belgilaydi. Bizning fikrimizcha, bu yo‘l bilan narx-navoni vaqtincha ushlab turish imkoniyati tug‘iladi, xolos. Tibbiyotda aytilganidek: “Kasallikni tuzatishni o‘zi kamlik qiladi, balki uning kelib chiqish sabab va omillarini o‘rganib, bartaraf etish lozim”.
Yurtimizning turli viloyatlaridan saytimizga kelayotgan murojaatlarda qat'iy belgilangan narxda juda sifatsiz go‘sht sotilayotgani, risoladagidek mahsulotning narxi esa baribir qimmat ekanligi aytilmoqda.
Buxoro shahridan bizga maktub yo‘llagan Akmaljon Qudratov bu borada o‘z fikrlarini qo‘yidagicha bayon qiladi:
“Buxoro bozorlarida go‘sht narxi asosan 23 000 so‘mdan sotilishi belgilangan bo‘lsada, go‘shtning sifati hamda sotuvchilarning muomala madaniyati nazoratga olinmagan. 23 ming so‘mdan sotiladigan go‘shtni olgandan ko‘ra, olmagan durust. Sababi, o‘sha “arzon go‘sht” oriq yoki qari mollarning go‘shti bo‘lib chiqadi. Kun.uz saytida berilayotgan maqolalarni doim kuzatib boraman. Go‘sht nega qimmatlashgani haqidagi maqolalarda narxning oshishiga sababni ozuqa-yem bilan bog‘liq ekanligi aytilmoqda. Menimcha, go‘shtning qimmatlashishiga sabablar juda ko‘p.
Buxoroda mol so‘yib sotadigan qassoblar to‘liq nazoratga olinmagan. Bunday deyishga asosim bor. Hozirda qassoblarni birlashtiruvchi "qassoblar" uyushmasi mavjud bo‘lib, mazkur tashkilot nomigagina faoliyat yuritadi. Chunki 2 yil davomida bir bo‘rdoqi voyaga yetgunicha chorva boqqan kishi juda ko‘p mashaqqat chekadi. Molni semirtirish uchun katta mablag‘ sarflaydi. Lekin molni so‘yib olgan qassob faqat go‘shtni pulga hisoblab qolgan - kalla, tuyoq, oshqozon, ichak, teri va hokazolarni xizmat haqiga tekinga oladi. Bozor narxida ushbu mahsulotlarning narxini keltiradigan bo‘lsak, bitta moldan olinadigan kalla-pocha, tuyoq, oshqozon ichaklari bilan 150 ming so‘m atrofida, teri esa o‘lchamiga qarab 250 mingdan 500 ming so‘mgacha sotilishi aniq.
Ko‘rinib turibdiki, qassob mol egasidan tekin oladigan yuqoridagi mahsulotlardan 750 ming so‘m atrofida yana 150 kilogram keladigan mol go‘shtini har bir kilosidan 2 ming so‘m atrofida arzon olishi hisobiga bir million so‘m foyda qilar ekan. Bitta qassob 1 kunda bir million so‘m foyda qilsa-yu, chorvador 2,5 yilda nisbatan juda oz foyda qilsa, adolatdan emasku? Nega endi o‘sha - “Qassoblar uyushmasi” qassoblarni nazorat qilmaydi?
Hududlarda veterinariya xizmatlari yetarli darajada emas. Sababi, viloyatlarda go‘shtning yetishtirilishiga qishloq va suv xo‘jaligi bo‘limlari hamda veterinariya xizmati xodimlari mas'ul etib belgilangan. Lekin ular tomonidan yem-ozuqa mahsulotlari adolatli taqsimlanmaydi. Shaxsan o‘zim yemni o‘rtakash dallol yemfurushlardan kilosini naqd pulga 1900 so‘mdan olaman. Dallollar kunjarani qayerdan olarkin? Buyog‘i mavhum. Aslida bular bilan kimdir shug‘ullanishi kerakdir? Oddiy tuyoq boquvchi aholida ularni tekshirishga vakolat yo‘q. Menimcha, masalani qo‘yidagicha yechish mumkin: Shunaqangi tizim ishlab chiqish kerak-ki, chorvador bo‘rdoqini boqib, qonuniy so‘yish punktlari(kushxona)ga borib, chorvasini so‘ysa, qoramolning yuqoridagi kalla-pocha, tuyoq va boshqa toza go‘sht hisobga kirmaydigan a'zolariga 500 ming so‘m pul olsin. 150 kg go‘shtni qassoblar 26 ming so‘mdan olib ustiga ikki ming so‘m qo‘yib sotsa ham kuniga 300 ming so‘m foyda oladi. Axir bu eng kam ish haqining 2 baravari-ku?! Demak, qassoblar ozgina insof qilsalar ham go‘shtning narxini tushirish mumkin. Yana qonuniy mol so‘yadigan shoxobchalar mudirlari o‘z qassobxonalarini ochib, kollej bitiruvchilarini ishga olsa, ko‘plab yoshlar ish bilan ta'minlanar edi”.
Yuqoridagi fikrlar xonadonida qoramol boqib yetishtiradigan oddiy fuqaroga tegishli. Yurtimizning boshqa hududlarida yashovchi kishilar ushbu mulohazalarga qo‘shilmasligi ham mumkin. Murojaat egasi go‘sht narxini pasaytirish uchun yem-ozuqaga e'tibor qaratishdan tashqari, qassoblarning insofli bo‘lishiga ham bog‘liqligi haqida mulohaza qilgan. Bugun vodiyning uch viloyatidagi kishilar bilan qo‘ng‘iroqlashganimda ular bitta mol terisi 300-400 ming so‘mdan sotilishini aytishdi.
Demak, buxorolik yigit aytganidek bir kunda 100 kg go‘sht sotadigan qassob chorva egasidan olingan tovarga 2 ming so‘mdan qo‘shib sotsa ham kuniga 200 ming daromad olishi mumkin. Bundan tashqari, teri, kalla-pocha singari toza go‘sht hisobiga kirmaydigan mahsulotlar ham bor. Qassobning o‘ziga yarasha kunlik qanday chiqimlari borligi haqida tushunchaga ega emasmiz.
Bu muammoli holat chuqur o‘rganishlarga muhtojligini sezgan holda, soha mutaxassislaridan tahliliy maqola va chiqishlar kutib qolamiz.
Elmurod Ermatov, Andijon
Mavzuga oid
17:13 / 01.11.2024
Prezident bozorlarda narxlarni barqarorlashtirish bo‘yicha tezkor choralar ko‘rishni buyurdi
08:00 / 07.10.2024
Toshkentdagi Ibn Sino bozori binosi sotuvga qo‘yildi
21:40 / 02.10.2024
Qirg‘iziston O‘zbekiston tufayli go‘sht eksportiga vaqtinchalik taqiq joriy qilgani ma’lum bo‘ldi
17:25 / 24.08.2024