«Ijtimoiy fikr»: Aksari o‘zbekistonliklar «taqdirim, kelajagim Vatan bilan mushtarak» deyishmoqda
Iqtisodiy globallashuv kuchayib borayotgan bugungi kunda inson resurslari harakatining shakl va yo‘nalishlari, boshqacha aytganda, migratsiya oqimi tobora jadal tus olmoqda. Albatta, kimdir zamonaviy bilim egallash, davolanish uchun xorijga yo‘l oladi. Boshqa birov esa turmush sharoitini yaxshilash maqsadida musofirchilikda yurib bo‘lsa ham, serdaromad ishning boshini tutishga harakat qiladi.
O‘zbekiston xalqaro mehnat bozorining to‘laqonli a'zosi sifatida migratsiya jarayonidan chetda qolgani yo‘q. Fuqarolarimizning xorijda ishlash, muayyan kasb va ixtisoslik bo‘yicha chet el tajribalarini o‘rganish huquqi kafolatlangan. Biroq mo‘may maosh ilinjida o‘zga yurtlarga noqonuniy yo‘l bilan ketgan hamda odam savdosi qurboniga aylanayotganlar ham uchrayotgani og‘riqli muammolarimizdan biridir.
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi so‘rov shu nuqtai nazardan o‘ta dolzarb ahamiyatga ega.
«Migratsiya jarayonlari — jamoatchilik fikri ko‘zgusida» mavzuida fuqarolarimizning kayfiyatini, mehnat migratsiyasiga munosabatini o‘rganish, ijtimoiy holatini, huquqiy savodxonlik darajasini aniqlash maqsadlari ko‘zda tutilgan so‘rovda yurtimizning barcha hududidan turli millatga mansub 1 ming 100 nafar kishi ishtirok etdi. Aytish kerakki, respondentlar orasida davlat korxona va muassasalarida ishlayotganlar ham, fermer, tadbirkorlar ham, talabalar hamda o‘quvchilar, pensioner va ishsizlar ham bor.
Kim xorijga yo‘l olmoqda?
«Sizda O‘zbekiston Respublikasini tark etish va doimiy yashash uchun boshqa mamlakatga ketish istagi bormi?»
Ushbu savol bilan boshlangan so‘rovda respondentlarning mutlaq katta qismi — 97,1 foizi O‘zbekistonni tark etishni aslo istamasligini, o‘z kelajagini shu yurt bilan bog‘liq holda ko‘rishini bildirgan. Faqat 1,5 foiz ishtirokchi boshqa mamlakatga ketish niyatida ekanini ma'lum qilgan. Yosh kesimida esa 18–19 yoshlilar va 20–29 yoshlilar guruhidagi respondentlar migratsion kayfiyatga ko‘proq moyil.
Tadqiqotga ko‘ra, 62,5 foiz ehtimoliy migrantlarning mamlakatdan ketish haqidagi qarori uzil-kesil emas hamda ular doimiy va daromadli ish topishsa, o‘z kasbiy va intellektual salohiyatini amalga oshirish imkoniyatiga ega bo‘lishsa, chet elga jo‘nash fikridan voz kechishga tayyorlar.
So‘rov natijalariga muvofiq, mehnat migrantining taxminiy ijtimoiy qiyofasini yaratish mumkin, bu:
• 20-49 yoshlardagi erkak va ayol, ko‘p hollarda erkak;
• shahar yoki qishloq joylarida yashaydi;
• o‘rta maxsus yoki o‘rta texnik ma'lumotga ega;
• moddiy jihatdan o‘zini o‘rtadan past ijtimoiy tabaqaga mansub, deb hisoblaydi;
• past malakali xodim;
• malaka va alohida kuch-g‘ayrat sarflamasdan tez boyib ketishga intiluvchi.
Jozibador va qulay manzillar
So‘rov natijalari ehtimoliy migrantlar uchun qaysi mamlakatlar eng jozibador ekanini aniqlash imkonini berdi. Avvalgi yillarda bo‘lgani kabi hozir ham o‘zbekistonliklar uchun Rossiya Federatsiyasi eng maqbul mamlakat bo‘lib qolmoqda. Bu til bilishda muammoning yo‘qligi, oilaviy va madaniy aloqalar, ta'lim tizimlarining o‘xshashligi, vizasiz borib-kelish tartibi mavjudligi kabi omillar bilan izohlanadi.
Shuningdek, 2017 yilda AQShga ko‘chib borish istagidagilar soni o‘sdi. Bu yo‘nalish, asosan, Andijon, Samarqand, Toshkent viloyatlari va Toshkent shahri aholisi o‘rtasida ommalashgani qayd qilindi. Ayni damda G‘arbiy Yevropaga intilayotgan respondentlar soni qisqardi va hech bir respondent Yaqin Sharqdagi biron-bir mamlakatga borib yashash niyatini bildirmadi.
Salohiyatli yoshlar o‘zimizga ham kerak!
O‘zbekiston fuqarolarining xorijga yo‘l olishiga asosiy sabablardan biri, bu — ta'lim olish bilan bog‘liq. Masalaning ushbu jihati alohida e'tiborga olingan tadqiqotda «Keyingi besh yilda sizning oilangizdan kimdir ta'lim olish yoki ta'lim darajasini oshirish maqsadida chet elga borganmi?» savoliga ishtirokchilarning salkam ikki foizi «Ha» deb javob berdi. Oila a'zolari chet elda ta'lim olgan yoki hozirgi vaqtda ta'lim olayotgan respondentlarning ko‘pchiligi poytaxt aholisi hissasiga to‘g‘ri keladi. Ayon bo‘ladiki, Rossiya Federatsiyasi, AQSh, Janubiy Koreya, Yevropa mamlakatlari va Xitoy — ta'lim migratsiyasining eng ommabop yo‘nalishlaridir.
Farzandlari chet davlatda tahsil olgan 42,1 foiz respondentning bildirishicha, ularning oila a'zosi o‘qishdan so‘ng ona-Vatanga qaytgan.
9,5 foiz ishtirokchilarning javobiga ko‘ra, ularning yaqin kishisi o‘qishni tamomlagan, lekin uyga qaytmagan. Xorijda qolgan bu yosh mutaxassislarning ayrimlari o‘sha joyda oila qurishi ham ularning O‘zbekistonga qaytmasligiga sabab bo‘lmoqda.
So‘rov natijalari xorijda ilm olgan yoshlarning Vatanga qaytishi uchun ishga joylashish va kasbiy moslashuvning qulay sharoitlarini yaratishning yangi mexanizmlarini ishlab chiqish, biznes-inkubatorlar va texnoparklar barpo etishni kengaytirish zarurligini ko‘rsatdi. Zero, bilimli, salohiyatli yoshlar o‘zimizga ham kerak!
Uy qurish, to‘ylar qilish ilinjida...
Tashqi mehnat migratsiyasi bugun fuqarolarimizning uzoq-yaqin o‘lkalarga yo‘l olishiga turtki berayotgan bosh omillardan ekani barchamizga yaxshi ma'lum.
2015–2017 yillardagi so‘rovlar natijalariga muvofiq, mehnat migratsiyasiga ketish istagini bildirganlarning katta qismini erkaklar tashkil qiladi. Pul topish uchun fuqarolar boshqa mamlakatga ko‘pincha bir yil muddatga (26,7 foizi), kamroq holatda ikki yil muddatga borishni afzal ko‘rishadi (15,8 foizi). Ishlash uchun uzoq muddatga ketmoqchi bo‘lganlar foizi u qadar yuqori emas.
Qizig‘i, boshqa mamlakatda ishlash uchun ketish istagidagi respondentlar ulushi shaharda ham, qishloq joylarda ham bir xil.
Xorijda ishlash uchun sabablar turlicha. So‘rov fuqarolarning qaysi maqsadda mehnat migratsiyasiga intilishlarini aniqlashga imkon berdi. So‘ralgan har ikkinchi fuqaro ishlab topgan puliga uy-joy, yer uchastkasi, avtomobil sotib olishini ko‘rsatgan. Har to‘rtinchi respondent to‘y marosimlarini o‘tkazish, bolalarining o‘qishi uchun to‘lovni amalga oshirish va boshqa o‘tkir ijtimoiy-maishiy muammolarini hal qilish maqsadida mehnat migratsiyasiga qo‘shiladi. Har o‘ninchi respondent o‘z biznesini ochish uchun boshlang‘ich kapitalga muhtoj. So‘ralganlarning sakkiz foizi o‘z ijtimoiy maqomini oshirishga umid qiladi.
Yana bir muhim jihat. Rossiya Federatsiyasi O‘zbekiston fuqarolari mehnat migratsiyasining asosiy yo‘nalishi bo‘lib qolmoqda. Respondentlar (18 foizi) ishlash uchun ma'qul sanagan navbatdagi davlat Janubiy Koreyadir. Binobarin, Janubiy Koreya mehnat migratsiyasi bo‘yicha O‘zbekistonning yaqin sheriklaridan biri hisoblanadi. Ushbu uchlik so‘ngida esa AQSh turibdi.
Mehnat haqi yaxshi to‘lansa, bas
Tadqiqotda mehnat migratsiyasi mamlakatini tanlashda yuqori ish haqi omilini shaharliklar qishloq aholisiga nisbatan, ayollar esa erkaklarga nisbatan ko‘proq e'tirof etdilar. Ularning aksariyati tez va salmoqli daromad keltiradigan, qo‘shimcha tahsilni talab qilmaydigan sohalarga ishga joylashishni xohlashadi. Shu ma'noda, qurilish sohasida ishlash mehnat migrantlari uchun ayni muddaodir. Qolaversa, bu yil savdo sohasida ishlashni istaydiganlar soni kamaydi, xizmat ko‘rsatish va transport sohalarida ishlashni mo‘ljallayotgan respondentlar soni o‘sdi.
So‘rovda erkaklarning har ikkinchisi ishlash uchun qurilish, 15,4 foizi yo‘lovchi va yuk tashish, 10,8 foizi xizmat ko‘rsatish sohalarini tanlagan. Ayollar esa bolalarni, keksa yoki bemor kishilarni parvarishlash (40,6 foiz), savdo (12,5 foiz), xizmat ko‘rsatish tarmoqlarida ishga joylashishni istaydilar.
Darvoqe, mehnat bozorida shaharliklarning o‘ziga ishonchi qishloq aholisiga nisbatan kuchliroq ekan.
Migrant ijtimoiy qiyofasi
Tahlillardan ko‘rinadiki, chet davlatda muayyan muddat ishlab, keyin ona-yurtga qaytish istagidagi respondentlar soni, o‘tgan yillar natijalari bilan qiyoslaganda, bir oz kamaydi va so‘rov o‘tkazish paytida 9,2 foizni tashkil qildi. Hududlar kesimida ko‘rilganda, ko‘proq Samarqand, Jizzax, Surxondaryo va Farg‘ona viloyatlari aholisi chetga ketish istagida bo‘lib, Navoiy, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida pul topish uchun mamlakatni tark etishga intiluvchi fuqarolar soni kamaygan.
So‘rov natijalariga asoslanib, mehnat migrantining ijtimoiy qiyofasini shunday ta'riflash mumkin: u 20–49 yoshlar o‘rtasida, o‘rta maxsus yoki o‘rta texnik ma'lumotga ega, moddiy jihatdan o‘zini ijtimoiy past tabaqaga mansub, deb hisoblaydi va qisqa fursatda boyib ketishni istaydi.
Qonuniylik — xotirjamlik kafolati
Mazkur tadqiqot yana bir diqqatga molik ma'lumotni taqdim etdi. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi yordamida boshqa mamlakatga ketish istagidagi fuqarolar soni o‘tgan yildagiga nisbatan o‘sdi. Xorijda ishga joylashtirishni va'da qilgan shaxslar orqali mehnat migratsiyasiga ketish niyatidagi fuqarolar soni pasayish tendensiyasiga egadir.
Bu shundan dalolat beradiki, migrantlar xorijga qonuniy tartibda ketishning afzalligini yanada teran anglamoqda va chet elda rasman ishga joylashish imkoniyatidan foydalanishni ko‘proq xohlamoqdalar. Respondentlar fikricha, nolegal migratsiya va migrantlarning odamfurushlar to‘riga tushib qolishi bilan bog‘liq xavf-xatarlarni kamaytirish kerak. Buning uchun yoshlar, ayniqsa, uyushmagan yigit-qizlar bilan ishlash tizimini yanada yaxshilash, nolegal migratsiya ustidan nazoratni kuchaytirish, aholining tashqi migratsiya bo‘yicha xabardorlik darajasini oshirish va mahallaning salohiyatidan yanada samarali foydalanish, mehnat migrantlari, shuningdek, odam savdosi jabrdiydalari bo‘lgan kishilarga ko‘maklashuvchi muassasalar ishini jonlantirish hayotiy zaruratga aylandi.
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi materiallari asosida
F. MAHKAMOVA tayyorladi.
Mavzuga oid
19:32 / 07.11.2024
Tramp O‘zbekiston bilan munosabatlarni qanday olib boradi?
17:48 / 06.11.2024
«O‘zbekiston qit’alarimiz chorrahasida joylashgan va global aloqalarimiz markazida bo‘lishi lozim» - Ursula fon der Lyayyen
21:49 / 04.11.2024
O‘zbekistonliklar 2024 yilda Qozog‘istonda eng ko‘p pul sarflagan xorijliklar qatoriga kirdi
17:03 / 29.10.2024