O‘zbekiston | 12:33 / 20.09.2017
7833
3 daqiqa o‘qiladi

YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari koloniya va axloq-tuzatish muassasalariga bordi

Foto: YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-sonli Farmoni va 2017 yil 11 avgustdagi PQ-3200-sonli Qarorida ko‘zda tutilgan islohotlarga muvofiq voyaga yetmaganlarga nisbatan odil sudlovni qo‘llash tizimi sohasida O‘zbekiston Hukumati bilan kelgusida hamkorlik qilish imkoniyatlarini o‘rganish uchun 2017 yil 15-19 sentabr kunlari YUNISEF tashkiloti vakillari Bosh prokuratura bilan birgalikda o‘g‘il bolalar uchun mo‘ljallangan tarbiyalash koloniyasi va ikkita ixtisoslashtirilgan o‘quv axloq-tuzatish muassasalariga tashrif buyurdi.

“YUNISEF O‘zbekiston Hukumatiga mazkur muassasalarga kirish imkoniyatini taqdim etishga tayyor ekanligidan mamnuniyat bildirdi, chunki YUNISEF O‘zbekistonda ozodlikdan mahrum etilganlar jazoni o‘taydigan muassasasiga kirish imkoniga ilk bor ega bo‘lmoqda. Bunday sa'y-harakatlar BMT inson huquqlari bo‘yicha Qo‘mitasining voyaga yetmaganlarning ozodlikdan mahrum bo‘lgan joylardagi ahvoliga oid 2013 yilda taqdim etilgan tavsiyalarini amalga oshirish yo‘lidagi birinchi qadamdir”, - deyiladi YUNISEF xabarida.

Ozodlikdan mahrum etilish har bir bola uchun oiladan ajralish, jamiyatdan uzoqlashish demakdir. BMTning bola huquqlari to‘g‘risidagi Konventsiyasiga muvofiq ozodlikdan mahrum etilgan bolalar ham boshqa bolalar ega bo‘lgan huquqlarning barchasiga ega bo‘ladilar. Umuman olganda, ozodlikdan mahrum etish jarayoni shunday tashkil qilinishi lozimki, bolalarning huquqlari himoya qilinsin va ta'minlansin hamda bola jazoni o‘tab bo‘lib, qaytib kelganidan keyin uning jamiyatdagi amaliy roli rag‘batlantirilsin. Ozodlikdan mahrum etish, qachonki boshqa maqbul yechimlar mavjud bo‘lmagan holda, eng oxirgi chora sifatida qo‘llanilishi darkor.

“Tashrifimiz chog‘ida biz ushbu muassasalarda bolalar uchun eng ma'qul sharoitlarni ta'minlash va bolalarning jamiyatga reintegratsiyalashuvi jarayonini yaxshilash imkoniyatlarini yaratish maqsadida kelgusidagi hamkorligimizni muhokama qildik, - dedi YUNISEFning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Sasha Graumann. - YUNISEF tashkiloti BMT inson huquqlari bo‘yicha Qo‘mitasining tavsiyalari hamda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 11 avgustdagi PQ-3200-sonli Qarori va 2017 yil 5 iyuldagi PF-5106-sonli Farmonida ko‘zda tutilgan yo‘nalishlarga muvofiq, voyaga yetmaganlarga nisbatan odil sudlovni qo‘llash tizimida islohotlarni amalga oshirishda O‘zbekiston Hukumatiga ko‘maklashishga tayyor ekanligini yana bir bor tasdiqlamoqda”.

Mavzuga oid