Gaz, ko‘mir, o‘tin yoqish mumkin emas: Paxtachidagi 2 qavatli uylar aholisi uyni qanday isitsin?
Ba'zan kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlarini yoritish maqsadida joylarga chiqamiz-u, yoritishga arzigulik tayyorgarlikning yo‘qligi hafsalamizni pir qiladi. Paxtachi tumanida ham ko‘p qavatli uylar ahvolini o‘rganib, achinarli manzaraga guvoh bo‘ldik.
Tumanda 26 ta ikki qavatli uy-joylar bo‘lib, barchasi 1991 yilgacha qurilgan.
Asosiy masaladan boshlaylik. 352 xonadon mavjud bu uylarning birortasida isitish tizimi yo‘q. Qishning sovuq kunlarini aholi qanday o‘tkazishi borasida shu uylarda yashovchilardan boshqa hech kim bosh qotirgan emas. Aholi bilan suhbatlashib, shunday xulosaga keldik.
13 qavatli uy hovlisida qo‘lbola o‘choqda ovqat pishirilayotganini ko‘rib, gaz bosimining qay ahvolda ekanini angladik. Garchi tabiiy gaz yil davomida kelib turgan bo‘lsa-da, kunlar sovishi bilan gaz bosimi pasayib ketgan. Umuman, bu yerda havo harorati bilan gaz bosimi o‘rtasida qattiq «rishta» bor ekan — ikkisi ham birdan pasayadi.
Aholining gaz bosimi pasayib ketayotgani haqidagi shikoyatlarini eshitgach, suyultirilgan gaz ta'minoti bilan qiziqdik. Ko‘p qavatli uylarga maishiy gaz ballonlarini ishlatish mumkin bo‘lmagani uchun yetkazilmas ekan. Ko‘mir ta'minotini surishtirganimizda ham shu javobni eshitdik: «Mumkin emas!»
— Ko‘p qavatli uylarda gaz ballondan foydalanish taqiqlangan, ko‘mir, o‘tin, tabiiy gaz pechkalarini o‘rnatish ham mumkin emas ekan, biz qanday qilib jon saqlashimiz kerak, — deydi Istiqlol mahallasidagi 130-uyda yashovchi R.Normurodova. — Yaqinda yong‘in xavfsizligi xizmati xodimlari kelib, yig‘ilish o‘tkazib ketishdi. Yong‘in xavfsizligi qoidalariga amal qilmasak, jarima to‘larkanmiz. Shularni tushuntirishdi ammo bizga uyni qanday isitishni kim tushuntiradi?
— Elektr energiyasi ta'minoti hozircha yaxshi, — deydi 127-uyda yashovchi O.Tangriyeva. — Ammo qish kelgach, uzilishlar ko‘payib ketishi aniq. O‘tgan yili qishda kuni bilan yarim soat elektr kelgan vaqtlar ham bo‘ldi. Bu yil qo‘shimcha biror tarmoq tortilgani yoki atrofimizda elektr uzatish uskunalarining ta'mirlanganiga ko‘zimiz tushmadi. Shunday ekan, faqat elektrga ishonib qolish ham qiyin. Bu ham yetmaganday har xil isitish pechlaridan foydalanish mumkin emasligini aytishadi.
Ko‘rib turganingizdek, qishda bu uylarda yashovchilarga havas qilib bo‘lmaydi. Ammo bu boshqa fasllarda hammasi yaxshi ekan degani emas. Aholining aytishicha, ushbu ko‘p qavatli uylar qurilganidan beri hali kapital ta'mirlanmagan. Deyarli barcha uylarning tom qismi ta'mirtalab ahvolga kelib qolgan, uylarning ichki yuqori qismlari namgarchilikdan mog‘or bosgan, hatto devorlarga ham zarar yetgan. Umuman, 26 ta ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatadigan xususiy uy-joylar mulkdorlari shirkati faoliyati sezilmaydi. Aholining aksariyat qismi shirkat nimaligini ham bilmaydi, eng yomoni, uy-joy mulkdorlari shirkatiga yetti yildan buyon pul to‘lab kelayotganlar ham bor ekan.
— Yetti yildan buyon shirkatga to‘lov qilib kelaman, — deydi Amir Temur mahallasidagi 22-uyda yashovchi Sh.Ahmedov. — Ammo uyimni ham har yili o‘zim ta'mirlayman. 2010 yil shu uyga ko‘chib o‘tgan bo‘lsam, tomdan chakka o‘taverib, har yili ta'mirlashga to‘g‘ri keladi. Hatto uy oldini ham o‘zim «styajka» qilganman.
Darvoqe, joriy mavsumda uzoq yillardan buyon ta'mirga muhtoj bo‘lib kelayotgan ana shu uylarning bir nechtasida «tarixiy voqea» qayd etiladigan bo‘ldi. 360 million so‘mlik kredit evaziga 130, 126, 124, 22-uylar mukammal ta'mirlanib, tom qismi shifer bilan yopilmoqda. Bir qator uylarning fasad qismi ham ta'mirlanmoqda. Ammo qolgan uylarda yashovchilar bu yil ham qiynalishlariga to‘g‘ri keladi.
Xullas, Paxtachidagi ko‘p qavatli uylarda qishga tayyorgarlik ana shu holatda. Biroq eng yomoni hali bu emas. Bu yerda aholini qiynab kelayotgan eng katta muammo hojatxonaning yo‘qligi. Uylarda kanalizatsiya tarmog‘i umuman mavjud emas. Bir vaqtlar qurilgan umumiy hojatxonalar esa xizmat muddatini o‘tab bo‘lgan. Ochig‘ini aytganda, bu hojatxonalar oldiga hatto suratga olish uchun ham yaqinlashib bo‘lmaydi. Aftidan davlat sanitariya-epidemiologiya nazorati markazi xodimlarining bu tomonlarga hech yo‘li tushmagan. Istiqlol mahallasida qurilishi boshlangan yangi hojatxona mablag‘ yo‘qligi sababli to‘xtab qolgan ekan.
«Zarafshon» gazetasidan.
Mavzuga oid
17:31 / 28.08.2024
Elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun majburiy to‘lovlarni undirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritildi
20:55 / 23.08.2024
Toshkentning qoq markazidan murojaat: Yosh bolalarimiz bor, qachongacha issiq suvsiz o‘tiramiz?
20:30 / 04.08.2024
Avstriya 2027 yilga borib Rossiya gazidan voz kechadi
22:20 / 12.06.2024