Jahon | 23:20 / 30.10.2017
19170
5 daqiqa o‘qiladi

Boku-Tbilisi-Qars - Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa yo‘l

Foto: Anadolu

Boku-Tbilisi-Qars (BTQ) temir yo‘li orqali Turkiya janubidagi Mersin portiga Qozog‘istonda yetishtirilgan g‘alla ortilgan ilk temiryo‘l sostavi jo‘natildi, deb yozadi Anadolu agentligi

Alati portida bo‘lib o‘tgan BTQ yo‘lining ochilish marosimida Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an, Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev, O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov, Qozog‘iston bosh vaziri Baqtjon Sag‘intayev va Gurjiston bosh vaziri Georgiy Kvirikashvili ishtirok etishdi.

«Loyiha Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiyaning xohish-irodalari tufayli amalga oshdi», dedi Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev ochilish marosimida.

«Uch mamlakat qat'iy iroda va ishonch bilan oldinga qo‘yilgan maqsadga erishish mumkinligini isbotlashdi.  Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiya keyinchalik ham bahamjihat, bir-birini qo‘llagan holda harakat qiladi. Bu loyiha davlatlarimizning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytiradi», — degan I.Aliyev.

«BTQ — Yevropa va Osiyo o‘rtasidagi eng qisqa yo‘l. Uni amalga oshirish bo‘yicha bitim Gurjistonda imzolandi, tamal toshi Turkiyada qo‘yildi, topshirish marosimi, mana, Ozarboyjonda o‘tkazilmoqda», — dedi Ozarboyjon prezidenti.

Foto: Anadolu

«Ozarboyjon, Gurjiston va Turkiya mintaqa va butun jahon uchun muhim ahamiyatga ega loyihalarni amalga oshirishda davom etadi. Biz «Janubiy gaz yo‘lagi» bo‘lmish Boku-Tbilisi Jayxon kabi neftgaz loyihalarini amalga oshirdik. «Shoh Dengiz» konida ishlar 98 foizga, Janubiy Kavkaz quvur o‘tkazgichida 99 foizga, Transanatoliya gaz quvuri (TANAP) da 84 foizga, Trnasadriatika gaz quvuri (TAP) da 60 foizga bajarilgan», — dedi Aliyev.

Tantanali qism tugagach, davlat va hukumat rahbarlari yo‘lovchi poyezdida portdan Alati stansiyasigacha sayohat qilishgan.

Yangi temir yo‘l Turkiya, Ozarboyjon va Gurjiston, shuningdek, tarixiy «Buyuk ipak yo‘li»da joylashgan boshqa davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘lining umumiy uzunligi 838 kilometrni tashkil etib, uning 76 kilometri Turkiya hududida, 259 kilometri Gurjiston va 503 kilometri Ozarboyjon hududidan o‘tadi.

Turkiya hududida to‘rtta stansiya, uchta ko‘prik va 76 km temiryo‘l qurilgan. Loyiha doirasida Turkiya va Gurjiston chegarasida ulkan tunnel barpo etilgan bo‘lib, uning bir qismi (2375 m) Turkiya hududidan o‘tsa, yana bir qismi (2070 m) Gurjiston uchastkasida joylashgan.

Foto: Anadolu

Gurjistonda shu loyihani deb yangi 105 kilometrlik temiryo‘l magistrali qurildi, 154 km.lik uchastka rekonstruksiya qilindi. Ozarboyjon hududida esa 503 km temir yo‘l rekonstruksiya qilingan.

BTQ London va Pekin o‘rtasida uzluksiz qatnovni amalga oshirish imkonini beradi, Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi yuklarning transportirovkasi Turkiya byudjyetiga ham ko‘p millionli daromad keltiradi.

Boku-Tbilisi-Qars temir yo‘li ekspluatatsiyasidan transport arteriyasi bo‘ylab joylashgan barcha davlatlar, jumladan Turkmaniston, Qozog‘iston, O‘zbekiston, Pokiston, Afg‘oniston va Hindiston foyda olishadi.

Transport yo‘lagining eng baland o‘tkazish quvvatida yiliga 17 mln. tonna yukdan iborat. Boshlang‘ich bosqichda bu ko‘rsatkich bir mln. yo‘lovchi va 6,5 mln. tonna yuk darajasida bo‘ladi.

BTQ Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi ko‘prik bo‘ldi

Gurjiston bosh vaziri Giorgiy Kvirikashvili ham BTQning mintaqa uchun ahamiyatini qayd etib o‘tdi:

«BTQ temir yo‘li Osiyo va Yevropa o‘rtasidagi ko‘prik bo‘ldi. Bu loyiha yangi Yevroosiyo tamal toshini o‘rnatdi. Bu yo‘l nafaqat iqtisodiyotlar, balki turli mamlakatlar aholisini bog‘laydi, tovar aylanmasi oshishiga va mintaqaviy xavfsizlikning ta'minlanishiga hissa qo‘shadi», — dedi bosh vazir.

Foto: Anadolu

BTQ Qozog‘istonning tranzit imkoniyatlarini oshiradi

Qozog‘iston bosh vaziri Baqtjon Sag‘intayev ham o‘z mamlakati BTQ loyihasini faol qo‘llab-quvvatlaganini aytib o‘tdi:

«So‘nggi to‘qqiz yilda Qozog‘iston transport va logistikani rivojlantirish uchun yirik investitsiyalarni yo‘naltirdi. Yo‘llar rekonstruksiya, Oqtov porti modernizatsiya qilindi. Boku-Tbilisi-Qars Qozog‘istonning tranzit imkoniyatlarini oshiradi. Qozog‘iston orqali BTQ yo‘nalishi bo‘ylab Xitoydan yiliga 25 million tonna yuk o‘tadi. Kaspiy orqali Sharqiy Yevropaga yo‘l ikki barobar qisqaradi», — dedi Sag‘intayev.

Mavzuga oid