Jamiyat | 18:01 / 11.11.2017
11575
4 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekistonga deklaratsiyasiz tovarni juda ko‘p miqdorda olib kirishga urinishdi

Bugungi kunda yurtimizga tashqaridan tovar-moddiy boyliklarni olib kirish bo‘yicha aniq tartiblar ishlab chiqilgan, bu me'yorlarning asosiy maqsadi eng avvalo yurtdoshlarimiz salomatligi shuningdek, ichki ishlab chiqaruvchilar manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan.

Ammo, ayrim shaxslar tomonidan afsuski, amaldagi tartiblarga rioya qilmagan holda, o‘z manfaatini yuqori qo‘yish holatlari aniqlanmoqda.

Ana shunday holat yaqinda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi xodimlari tomonidan taqiqlangan materiallar hamda maxsus ruxsatnomalar talab etuvchi tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib o‘tishga harakat qilgan yo‘lovchi yukida fosh etildi. Bu haqda Samarqand viloyati bojxona boshqarmasi axborot xizmati xabar bermoqda.
 
Amaldagi tartiblarga muvofiq, bojxona chegaralarini kesib o‘tayotgan jismoniy shaxslar o‘zlari bilan olib o‘tayotgan tovarlar haqida yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida va bojxona xodimining og‘zaki so‘rovlari paytida ma'lum qilishlari shart. Bu talabni “Domodedovo-Samarqand” yo‘nalishi bilan harakatlangan fuqaro N.Ismailov (F.I.Sh. o‘zgartirilgan) chetlab o‘tmoqchi bo‘ldi.

Fuqaro N.Ismailov bojxona xodimi bilan o‘tkazilgan og‘zaki so‘rovida, o‘zi bilan olib kirilishi taqiqlangan audio va video yozuvlar hamda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan tovarlar yo‘qligini ma'lum qilgan.

Shundan so‘ng, unga tegishli bo‘lgan bagaj va sumkalar bojxona nazoratidan o‘tkazilganda, unda yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida yozib ko‘rsatilmagan 60 dona har biri 1 litr o‘lchamli idishlarga qadoqlangan “Akaritsid” nomli qishloq xo‘jalik ekinlari zararkunandalariga qarshi ishlatiladigan dori vositasi, 4 dona “Edam SE-3” markali “Eliktrokardiograf” nomli va 1 dona “DUS 60” markali “EDAN” nomli tibbiyot moslamasi borligi aniqlangan.

Shu bilan birga, fuqaro N.Ismailovga tegishli bo‘lgan uyali telefon tekshirilganda, ushbu telefon xotirasida 100 dona behayo mazmundagi video fayl borligi ma'lum bo‘lgan.

Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, uyali telefonda mavjud fayldagi video tasvirlar pornografik mazmunga ega ekanligi, “Akaritsid” nomli dori vositasi O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligida ruxsat etilgan himoya vositalari ro‘yxatiga kiritilmaganligi, olingan 2 turdagi tibbiyot buyumlarini sotish va tibbiyot amaliyotida qo‘llanishi taqiqlanganligi qayd etilgan. Fuqaro N.Ismailovdan olingan tovarlarning qiymati salkam 90 mln. so‘mni tashkil etadi.

Shunday qilib, fuqaro N.Ismailov deklaratsiyasiz tovar yoki boshqa qimmatliklarni juda ko‘p miqdorda O‘zbekiston Respublikasining bojxona chegarasidan o‘tkazishda ifodalangan xatti-harakatlarida O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 182-moddasida ko‘rsatilgan jinoyat alomatlari mavjudligini inobatga olib, unga nisbatan mazkur modda bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Raqamlarga murojaat qilsak, 2017 yil o‘tgan davri davomida “Samarqand-aeroport” bojxona posti xodimlari tomonidan aniqlangan 242 ta bojxona qoidabuzarliklari natijasida qiymati salkam 594 mln. so‘mlik tovar-moddiy boylik mahsulotlarining noqonuniy olib o‘tilishiga chek qo‘yilgan.

Mavzuga oid