Harbiylar va xorijiy firmalar xodimlari o‘rtasida huquqiy savodxonlik darajasi yuqori ekani aniqlandi
«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik fikrini o‘rganish Markazi tomonidan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 25 yilligi» mavzusida jamoatchilik fikri so‘rovi o‘tkazildi.
O‘tkazilgan so‘rov ma'lumotlariga ko‘ra, fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi, ya'ni 90,5 foizi O‘zbekiston Konstitutsiyasini «mamlakatdagi huquqiy munosabatlarni tartibga soluvchi bosh hujjat», deb hisoblaydi, unda suveren davlat va adolatli jamiyatni shakllantirishning fundamental asoslari, inson huquqlarini himoya qilish va mustahkamlashga, demokratiya va ijtimoiy adolat ideallariga, fuqarolar osudaligi va millatlararo totuvlikni ta'minlashga sodiqlik mustahkamlab qo‘yilgan.
O‘zbekistonliklarning fikricha, Asosiy Qonunning qabul qilinishi bilan O‘zbekiston «davlatchilikning bosh ramzlaridan birining huquqiy asosi»ga ega bo‘ldi, uning g‘oyalari va normalari xalqning ko‘p asrlik tajribasi va ma'naviy qadriyatlarini, boy tarixiy huquqiy merosini aks ettiradi.
So‘rov jarayonida fuqarolar bildirgan fikrga ko‘ra, Konstitutsiya – bu xalqning irodasini va millatning birligini ifodalovchi qonunchilik hujjatidir, bizning huquqiy demokratik davlatning bosh ramzidir.
Mutlaq ko‘pchilik fuqarolarning - 86,3 foizining fikricha, Asosiy qonun nafaqat davrning zamonaviy talablariga javob beradi, balki u istiqbolga ham mo‘ljallangandir. O‘zbekistonliklar shunga ishonadilarki, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi mamlakatda bosqichma-bosqich, izchil amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy-huquqiy islohotlarning orqaga qaytmasligini, respublikani taraqqiy ettirish va modernizatsiyalashda dinamizm va barqarorlikni maqbul uyg‘unlashtirishni kafolatlaydi.
Fuqarolarning hisoblashicha, Konstitutsiya vaqt sinovidan o‘tgan umuminsoniy huquqiy qadriyatlar bilan birga taraqqiy etgan davlatlarning konstitutsiyaviy tajribasini, O‘zbekiston xalqining milliy o‘ziga xosliklarini, ma'naviy-axloqiy qadriyatlarini va davlatchiligining boy tajribasini o‘z ichiga qamrab oladi, bu davlat va jamiyatning tadrijiy huquqiy rivojlanishi, demokratik islohotlarning dinamikligi va natijadorligini oshirish maqsadlaridagi samarali hamkorligi uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratadi, «barcha davrlarga tegishli hujjat» bo‘lib hisoblanadi.
Shuningdek, fuqarolarning hisoblashicha, mavjud konstitutsiyaviy tizimga kiritilishi mumkin bo‘lgan o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar zamonaviy talablarni va odil sudlov sohasidagi xalqaro andazalarni hisobga olgan holda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini takomillashtirishga va maqbullashtirishga imkon beradi.
Jamoatchilik fikri so‘rovida aholining o‘z fuqarolik huquqlari to‘g‘risida xabardorlik darajasi aniqlandi. «Siz o‘z fuqarolik huquqlaringizni bilasizmi?», degan savolga fuqarolarning mutlaq ko‘pchiligi – 92,6 foizi tasdiqlovchi javob berdi.
Bandlik kesimida so‘rovning ko‘rsatishicha, harbiy xizmatchilar, xorijiy firmalar va qo‘shma korxonalar xodimlari, fermerlar o‘rtasida huquqiy savodxonlikning yuqori darajasi aniqlandi. Yosh kesimida 18-19 yoshlilar va 30 dan 39 yoshgacha bo‘lgan o‘rta yosh toifasi vakillarida o‘z fuqarolik huquqlarini bilishning eng yuqori baholari aniqlandi.
So‘rov jarayonida aniqlanishicha, fuqarolarning 45,8 foizi o‘z fuqarolik savodxonligini oshirishga intiladi va kuch-g‘ayratlarini mavjud qonunchilik to‘g‘risida xabardorlik darajasini oshirishga sarflaydi.
So‘rov natijalarining dalolat berishicha, aholining 54,1 foizi amaldagi va yangi qabul qilinadigan qonunchilik hujjatlari to‘g‘risida bilimlarni egallashga intiladi, huquqiy axborot olishga vaqt yoki zarurat bo‘lganda imkon qadar huquqiy savodxonligini oshiradi.
So‘rov natijalariga muvofiq erkaklar o‘z huquqiy savodxonligini oshirish uchun ayollarga nisbatan ko‘proq kuch-g‘ayrat sarflaydilar, o‘z fuqarolik huquqlari haqida ma'lumot olishga harakat qiladilar. Yosh jihatdan olganda, so‘rovning ko‘rsatishicha, 30-39 yoshdagi o‘rta yosh va 18-19 yoshlilar guruhlaridagi kishilar vakillari o‘z huquqiy bilimlarini oshirishga intiluvchi hamda bundan manfaatdor va faol fuqarolar toifasini tashkil qilishadi.
Mashg‘ulot turi bo‘yicha harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari so‘rov jarayonida o‘z huquqiy savodxonliklarini oshirishga intilishlari to‘g‘risida hammadan ko‘proq fikr bildirdilar, pensionerlar, uy bekalari va vaqtincha ishga joylashmagan fuqarolar huquq sohasida o‘z bilimini oshirishda faollik ko‘rsatmaganlar.
Tadqiqot natijalariga muvofiq ko‘pchilik fuqarolar – 77,2 foiz huquqiy savodxonligini oshirish va o‘z huquqlari to‘g‘risida ma'lumot olish uchun ommaviy axborot vositalariga murojaat qiladilar, jumladan, huquqiy masalalarga va amaldagi qonunchilikni tushuntirishga bag‘ishlangan teleradioeshittirishlardan foydalanadilar, bosma OAVlari va Internet tarmog‘idan me'yoriy-huquqiy hujjatlarning mazmunini o‘rganadilar. Yoshlar o‘quv yurtlaridagi o‘qish jarayonida O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini o‘rgana turib ham o‘z huquqiy savodxonliklarini oshiradilar.
Umuman olganda so‘rovning tasdiqlashicha, ommaviy axborot vositalari aholida butun umr davomida uzluksiz huquqiy madaniyatni shakllantiruvchi muhim vosita bo‘lib hisoblanadi, ayni vaqtda o‘quv yurtlari, jamoat tashkilotlari, yuridik yoki huquqiy maslahatxonalar qandaydir bir muayyan davrda bunday ta'sir ko‘rsata oladi.
Tadqiqot jarayonida fuqarolarning o‘z bilimlariga va Qonunning asosiy vazifasini tushunishga, Qonun qanday funksiyani bajarishini qanchalik yaxshi tasavvur qilishlariga o‘zlari bergan baho aniqlandi. Ko‘pchilik respondentlarning (80,7 foiz) hisoblashicha, ular Qonun bajaradigan asosiy funksiyalarni anglaydilar va tasavvur qiladilar, Qonunning asosiy vazifasini tushunadilar.
So‘rov «Qonun» tushunchasiga fuqarolarning qanday ma'no yuklashini va ularning fikricha, Qonunning asosiy vazifasi nimadan iborat ekanligini aniqladi.
Olingan natijalarga muvofiq o‘zbekistonliklarning qariyb yarmi “Jamiyat hayotining barcha sohalarini huquqiy tartibga solish Qonunning asosiy funksiyasi va vazifasi”, degan fikrni bildirdi, har uchinchi respondentning fikriga ko‘ra, «fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta'minlash» Qonunning bosh vazifasidir.
So‘rovning ko‘rsatishicha, 70,3 foiz o‘zbekistonliklarning fikriga ko‘ra, teng huquqlilikka, mamlakat har bir fuqarosining Qonunni buzganlik uchun hech kim jazosiz qolmasligiga va har bir fuqaro o‘zining buzilgan huquqlarini qayta tiklashni talab qilish huquqiga ega ekanligiga qat'iy ishonchga asoslangan inson huquqlari va qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilishni ta'minlash huquq nuqtai nazaridan adolatning oliy prinsipi bo‘lib hisoblanadi.
Mavzuga oid
17:03 / 29.10.2024
Yevropaliklar uy-joyga pul to‘lash uchun oziq-ovqat xarajatlarini kamaytirishga majbur bo‘lmoqda - so‘rovnoma
20:31 / 14.10.2024
Rossiya aholisi mamlakatdagi migrantlar sonini juda ko‘p deb hisoblamoqda
17:04 / 04.09.2023
Poytaxtda jamoat transporti yangi o‘quv yiliga tayyormi? - so‘rovnoma
16:44 / 02.08.2023