Co‘nggi yillarda O‘zbekiston aholisi ham anomal issiq ob-havo bilan yuzlashmoqda. Tabiiyki, bunday issiq jamoat transporti foydalanuvchilariga noqulaylik tug‘diradi, ayniqsa, bekatlarda avtobus kutish oson emas. Hozirgi bekatlar talablarga javob beradimi? Kun.uz mavzu yuzasidan Toshkent shahrida aholi fikri bilan qiziqib, so‘rovnoma o‘tkazdi.
Respondentlardan birining fikriga ko‘ra, poytaxtdagi bekatlar issiq bo‘lgani sababli ularning ichiga kirib bo‘lmaydi. Shuning uchun yo‘lovchilar tashqarida daraxtlar soyasida avtobuslarni kutadi. Juda kam bekatlarda konditsionerlar bor, borlarida ham ayrimlari ishlamaydi. Ba’zi joylarda hatto bekatning o‘zi yo‘q.
«Ko‘p joylarda «skameyka»lar bo‘lmaydi, olib tashlashgan. Issiqda odamlarga qiyin, xalqqa sharoit yaratilmagan», deydi yo‘lovchilardan biri.
Yana biri: «Hozir tepamiz soya bo‘lib turibdi, shunga ham shukur qilib turibmiz. Qari odamlar, yosh-yalanglar, chaqaloqlilar bor. Ular bu issiqda juda qiynaladi», deydi.
«Bunday 40-45 gradusli issiqda bekatlar usti yopiq, yoni berk, oldida «naves»i bo‘lishi kerak», deydi yana bir yo‘lovchi.
Ayrimlar kutish joylarida o‘rindiqlar yetishmasligi, ko‘pchilik tik holatda kutishini aytishdi.

Shuningdek, respondentlar bekatlarda tozalik talabga javob bermasligi, chiqindilar ko‘p to‘planishi, atrofda sochilib yotishini bildirdi. Nogironligi bor insonlarga sharoitlar yo‘q, odamlarning o‘zlari ularga yordam beradi.
Bundan tashqari, odamlarning ko‘pchiligi kutish joylarini tadbirkorlar egallab olib, do‘konlar, ovqatlanish joylari qilib olganidan ham norozi. Bu holat ertalabki vaqtlarda bekatlar qulf bo‘lib, ichkariga kirolmasligiga sabab bo‘lyapti. Ayniqsa, yog‘ingarchilik paytlarida insonlar tashqarida qolib, juda qiynalishini aytdi.
«Bekatlar ichida do‘konlar bor. Ularni yon tomonga chiqarishsa bo‘lardi. Eshiklarni qulflab ketishadi. Hech kim kira olmaydi. To ertalab soat 9-10 eshikni ochgandan keyin ichkariga kirishadi», deydi har kuni bekatlardan foydalanadigan yo‘lovchi.


















