Sport | 22:50 / 22.12.2017
59760
16 daqiqa o‘qiladi

El-Klasiko oldidan. 11:1: Aslida qanday bo‘lgandi?

O‘tgan asr o‘rtalarida mamlakatlar diktaturalarining futbolga aralashuvi – o‘yin natijalari haqida buyruq berish, hakamlarni nazorat qilish va hatto prezidentlarini otib o‘ldirish holatlari kuzatilgan. Ispaniya diktatori Franko tomonidan 1936 yilda «Barselona» prezidenti Jozep Sunol qatl qilingandi. Aynan Franko haqida o‘tgan safargi maqolada ham yozgandik, bosh murabbiydan g‘alaba uchun kafolat olmagach, Ispaniya terma jamoasini 1960 yildagi Yevropa chempionatiga, Moskvaga qo‘yib yubormagandi. Eng xavfli tomoni shundaki, tarix nuqtai nazaridan hech qanday ahamiyatga ega bo‘lmagan shaxslarning o‘ylamay qilgan ishlari oqibatida tuzatib bo‘lmas holatlar vujudga kelishi mumkin, millatlarni bir-biriga dushman bo‘lib qolishi ehtimoli mavjud...

«Real» va «Barselona». Bu ikki klubning bir-birisiz tasavvur qilish qiyin, ikki olam, ikki xil futbol, aynan shu qarama-qarshilik uchun futbol yaralgandek. Klublar fanatlarining bir-biriga bo‘lgan munosabatlari haqida latifalar to‘qilgan, ko‘pi haqiqat. U klubdan bunisiga o‘tgani salkam millat dushmanidek, kim bo‘lishidan qat'i nazar. Xullas, oddiy qilib aytganda, bu ikki jamoa bir-birini juda yomon ko‘rishadi. Bu safar biz buyuk nafratning tug‘ilish kuni haqida gaplashamiz.

Aytishlarcha, ushbu klublar paydo bo‘lgan davrlardan beri bir-birlari bilan raqobat qilishsa-da, o‘zaro munosabat unchalik ham keskin bo‘lmagan. Hammasi 1943 yili, yuqorida tilga olganimiz general Franko sharofatiga o‘tkaziladigan Generallissimus Kubogi yarim finalidan boshlangandi.

«Nou Kamp»da o‘tkazilgan dastlabki uchrashuv 3:0 hisobida maydon egalari g‘alabasi bilan tugadi. Ancha qo‘polliklar bilan o‘tgan ushbu uchrashuv natijasi har tomonlama finalchi nomini aniqlagandek edi go‘yo. Hatto kataloniyaliklar javob o‘yini uchun Madriddagi mehmonxonadan yetti kunlik buyurtma oldilar. Birato‘la final o‘yinini ham o‘tkazib kelishlariga ishonchlari komil edi.

Ammo Madridda butunlay boshqa holat hukmron edi. Muxlislar o‘yin adolatsiz bo‘lganligiga («Barselona» bitta golni penaltidan urgandi) ishonchlari komil edi. Mahalliy jurnalistlar esa olovga moy quyishar, kataloniyalik muxlislar «Real»ni tinmay haqorat qilganliklari, «Barselona» butunlay hakam yordamida gollarni kiritganligi haqida bong urishardi. Ayniqsa, «YA» gazetasi muxbiri, «Real»ning sobiq darvozaboni Eduardo Teus madridliklarni javob o‘yinida o‘ch olishga, raqibga bosim o‘tkazishga chaqira boshladi. 

- Har yerda mahalliy jurnalistlar ta'qib qilishardi va bizni mahv etishlarini aytishardi, - deb eslaydi «Barselona» o‘yinchisi, birinchi o‘yindagi gollardan birining muallifi Jozep Vale.

Stadionga ketishda «Barsa» avtobusi toshbo‘ron qilindi, stadion ma'muriyati va xodimlari ham futbolchilarga tazyiq o‘tkaza boshlashdi. Tribunaga kirishda tomoshabinlarga hushtak tarqatildi, hushtaksiz stadionga qo‘yishmadiyam hatto. Shu darajaga borib yetdiki, o‘yin boshlanmasdan oldin uchrashuv bosh hakami Selestino Rodriges «Barsa» yechinish xonasiga kirgan va har qanday holatda ham xotirjamlikni saqlab qolish, o‘zidan ketmaslikni futbolchilardan so‘ragan. «Barsa»ning ikkinchi darvozaboni Arxilaning aytishicha, shunday muhit yuzaga kelgandiki, kataloniyalik futbolchilar butunlay qo‘rquv ostida maydonga tushishgan.    

O‘yin boshlandi. Quloqni qomatga keltiruvchi hushtak ovozi, maydonga irg‘itilayotgan shisha idishlar, haqoratlar... Aslida kataloniyalik bo‘lmagan, klub massajchisi Anxel Mur matbuotda xotirlagandi:

- Butun maydon uzra «o‘ldiringlar kataloniyaliklarni», «qizil itlarga o‘lim» kabi vahshiyona chinqiriqlar tutib ketgandi. Shu pallada men ulardan shunchalik nafratlandimki, o‘zimni haqiqiy kataloniyalik his qila boshladim va bundan baxtiyor edim. 

Ushbu gaplar uchun keyinchalik Murni qamab qo‘yishlariga sal qoldi, «Barselona» prezidentining aralashuvigina massajchini saqlab qoldi. 

Shunga qaramay, «Barselona» o‘yinni yaxshi boshladi. Kalvet:

- Biz markazdan to‘pni o‘yinga kiritdik. Martin to‘pni Eskolga oshirdi, u esa qanotdan oldinga bordi va Sospedraga yetkazdi. Sospedra jarima maydoniga, Martinga yuqorilatib uzatdi, ammo Martinning zarbasi biroz yuqorilab ketdi. «Madrid» hatto to‘pga tega olmadi ham. Agar o‘shanda gol urganimizda hammasi boshqacha bo‘lishi ham mumkin edi.

6-daqiqadayoq «Real» futbolchilari Sautoning qanotdan hujumi natijasida Pruden zarba berib hisobni ochadilar. Biroz o‘tib Barinaga ikkinchi to‘pni kiritadi. 

Jarima maydoni yaqinida o‘yin qoidasini buzgan Benitoni hakam maydondan chiqarib yuboradi va jarima zarbasidan hisob 3:0 ga yetadi. So‘ng o‘zi shundoq ham o‘yini qovushmayotgan «Barsa» butunlay izdan chiqadi. Taym oxirigacha madridliklar yana beshta gol kiritadilar va ikkinchi taym faqat rasmiyatchilik maqomini olishi aniq bo‘lib ulguradi.          

Ruhan butunlay ezilgan «Barselona» futbolchilari ikkinchi taymga chiqishni xohlashmaydi.

- Biz bu haqida murabbiyimizga aytdik, - deb xotirlaydi Kalvet, - shu payt eshik ochildi va polkovnik kirib keldi. U bizni qo‘rqita boshladi va agar maydonga tushmasak, shu yerdan to‘g‘ri qamoqxonaga jo‘natishini aytdi.

Ikkinchi taymda butunlay o‘ynashni to‘xtatgan «Barsa» darvozasi yana uch bor nishonga olindi. Faqatgina o‘yin oxirlarida Martinning zarbasigina «Real» darvozasidan joy oldi – 11:1.

Ko‘p vaqtlar Xalqaro sport qo‘mitasi rahbari lavozimida ishlagan, o‘sha paytlarda esa mahalliy «La Prensa» gazetasining 23 yoshli muxbiri Xuan Antonio Samaranch bu haqida quyidagilarni yozgandi:

«11:1! O‘z maydonidagi yirik g‘alabadan keyin Ispaniya kubogini qo‘lga kiritish uchun eng yaqin turgan jamoa sharmandali mag‘lubiyatga uchradi. Ushbu mag‘lubiyat sababini va aybdorlarini «Barselona»dan qidirmang. Chunki ular yo‘q. «Barselona» yaxshi o‘ynay olmadi, ammo yomon ham o‘ynamadi. Ular maydonda yo‘q edilar xolos. Mag‘lubiyatning sababi o‘sha «Real»ning o‘zi doimo maqtanib keladigan jyentelmenlikning yo‘qotib qo‘yishganligidadir. 

Agar hisob 4:0 bo‘lganda «Barselona» futbolchilarini ayblashimiz mumkin edi. Ammo 10 ta to‘p farqi bu holatning boshqa sabablarini axtarishimiz kerakligini dalolat qilmoqda. Futbolchilar o‘ynashmadi, to‘p uchun kurashmadilar, madridliklarga tegishdan ham qo‘rqdilar. Chunki har bir qarshilik, har bir qo‘pollik o‘n barobar qattiqroq bo‘lib qaytayotgandi. Aynan olomon TO‘DAsi o‘sha kuni o‘zining haqiqiy kuchini namoyish qilgandi. 

Men «Real» yaxshi o‘yin ko‘rsatganligini tan olaman. Ayniqsa, yarim himoya yaxshi o‘yin ko‘rsatdi, butun o‘yin maydonda hukmronlik qildi. Ammo o‘ylab ko‘ring, agar hech kim halaqit bermasa, maydonda har qanday mo‘'jiza yaratsa bo‘ladi. Oddiy bolalar jamoasi ham o‘sha kuni «Real»ga yaxshiroq qarshilik ko‘rsatishi mumkin edi».

Ushbu maqola tufayli Samaranch jurnalistlik faoliyati bilan xayrlashishiga majbur bo‘ldi.

O‘yin haqida keyinchalik ham ko‘p yozildi. Ayniqsa, chet ellik jurnalistlar tomonidan juda ko‘p versiyalar o‘rtaga tashlandi. Aytishlaricha, «Barsa» darvozasi orqasida qurollangan askarlar o‘tirishgan va darvozabonni qo‘rqitishgan. «Barselona» futbolchilariga ko‘rsatilgan tazyiqlar, hatto ba'zilarining kaltaklanishi, «Barsa» darvozaboni Mironing madridliklardan pora olganliga va hokazo. 

Bu mavzu nafaqat ikki futbol klubi, balki Kastiliya va Kataloniya o‘rtasidagi an'anaviy to‘qnashuv sifatida baholangandi. Eng ko‘p urg‘u, albatta, General Frankoga qaratilgandi. Aytishlaricha, «Real» o‘sha paytlarda hukumatning katta quvvatiga ega bo‘lgan, Di Stefanoning Madrid klubiga o‘tishida ham General Frankoning qo‘li borligi isbot sifatida keltiriladi. Ammo…

Bu taxminlar ancha bo‘rttirilgan bo‘lishi mumkin. Chunki aynan Franko afsonaviy Kubalaning «Barselona»ga o‘tishida ko‘proq jonbozlik ko‘rsatgan. Kommunistik rejimdan qochib kelgan Kubala uning diktatorlik targ‘iboti uchun katta foyda keltirardi, hatto u haqida film ham olingandi.

Boshqa tarafdan olganda, Franko futbolni shunchalik sevgan deb tasavvur qilib ko‘raylik, uning uchun «Real» emas, «Deportivo» (Franko Galisiyada tug‘ilgan) yoki «Rasing» qalban yaqinroq bo‘lishi kerak edi. Xo‘p, agar Madrid klublari ichidan tanlanishi lozim bo‘lsa, armiyachilar qaramog‘idagi «Atletiko»ning tanlanishi mantiqiyroq bo‘lardi, nima deysiz? Chunki «Real» 50-yillarda Yevropani zabt etgandan keyingina haqiqiy «Qirollik klubi» maqomini olgandi. 

Agar bundan ham ko‘z yumsak, nega aynan o‘sha finalda «Real» emas Bilbaoning «Atletik» jamoasi g‘alaba qozondi? Franko o‘z nomi bilan yuritiladigan Kubokni sevimli jamoasiga topshirishni istashi ham mumkin edi-ku!

Bundan tashqari, Franko rejimi qat'iy tus olgan 2-jahon urushi yillarida, undan keyin ham «Real» uzoq vaqt ichki chempionatda g‘alaba qozona olmagan. O‘z vaqtida «AS» gazetasi bu haqida hazil maqola bilan chiqqan.

«Real»ning ashaddiy muxlisi Franko jamoasini chempion qilish uchun bor imkoniyatini ishga soldi. Har mavsumdan keyin raqobat qiluvchi jamoalar o‘yinchilarini qamadi, hakamlarni, klub rahbarlarini qatl qildi, ko‘ryapsizki, bu ham yordam bermadi. 1954 yilga kelibgina «Real» chempionlik maqomiga ega bo‘ldi. Bechora diktator. Qo‘lidan hech narsa kelmaydigan Franko» – deb kesatgandi gazeta, bu bilan Frankoning futbolga umuman aralashmaganligini isbotlashga harakat qilgandi. Aynan shunga o‘xshash voqealar oldinroq, Italiyada «Latsio» va Mussolini bilan ham kuzatilgandi.

Yuqoridagilardan xulosa qilish mumkinki, General Franko ichki chempionat o‘yinlariga aralashadigan darajada pastga tushishiga ishonish o‘ta mushkul. U futbolni, «Real»ni quvvatlagan, bu rost, ammo bu ham ancha keyinroq, o‘sha «Real» butun Yevropa bo‘ylab Ispaniya futbolini targ‘ib etishni boshlaganda bo‘lgan. 40-yillarda «Real»ning hukumatga, genarallarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri, rasmiy yoki norasmiy aloqasi bo‘lganligining isboti hech qayerda yo‘q. Klub prezidentligiga Santyago Bernabeuning kelishi bilangina, hukumat bilan rasmiy aloqalar o‘rnatilgan va yangi stadion qurilishi (shuning uchun ham Madrid stadioni Santyago Bernabeu nomi bilan ataladi) yuzasidan katta kreditlar olish va boshqa tashkiliy ishlarda hamkorlik boshlab yuborilgan. Ya'ni, aynan Bernabeu davrida «Real» mamlakatda siyosiy darajaga ko‘tarilgan, Franko ham aynan o‘sha paytda hayrixohlikni boshlagan. Qo‘li qonga to‘lgan diktatorning mamlakat futbolini butun dunyo bo‘ylab yoyish orqali o‘z nomini tiklab olish, xalq orasida obro‘sini ko‘tarish va gunohlarini shu orqali «yuvish»ni istashi tabiiy hol.       

1943 yildagi voqeada esa pastroq doiradagi, «Real»ni va futbolni yanada qattiqroq yaxshi ko‘rgan boshqa amaldor ta'sir qilgan bo‘lishi ehtimoli yuqori. 

O‘sha paytlarda sport ishlari bilan shug‘ullangan 65 yoshli general-leytenant Xose Maskardo ismi ham «11:1» ga ko‘pchilik tomonidan bog‘langan. Aynan u Madridda tug‘ilganligi «Real»ning fanati bo‘lganligiga dalolat qilishi mumkin. Ikkinchidan, u Barselonada o‘tgan dastlabki yarim finalni jonli kuzatgan va hakamning maydon egalariga yon bosganligini e'tirof etuvchilardan biri bo‘lgan. Antikataloniya targ‘ibotini boshlab yuborishga asoslari yetarli bo‘lgan, nega qilmasin? Shuningdek, aynan u sport ishlariga va jurnalistlarga ta'sir eta oladigan kuch sohibi bo‘lgan. 

«Real»ning finalda «Atletik»ka o‘yinni boy berganligi holatiga ham izoh topilishi mumkin. Moskardoning ikkinchi familiyasi – Ituarte, ya'ni uning onasi basklar yurtidan bo‘lgan. Bu ham bitta versiya.

Bu voqeaning asli qanday bo‘lganligini bilish nihoyatda mushkul. Bu sirlarning oshkor etilishi imkonsiz. Nima bo‘lgandayam, «11:1» tarixda o‘zining o‘chmas izini qoldirdi. Bu g‘alaba «El-klasiko» tarixidagi eng yirik hisob sifatida qayd etildi. Achinarlisi, aynan shu o‘yin ikki klub, ikki xalq futbol muxlislari orasidagi o‘chmas va tuganmas nafratning sababchisi sifatida muhrlandi. Tarixdagi voqealar orqali o‘zaro adovatda bo‘lgan xalqlarni birlashtirishi mumkin bo‘lgan futbol yaralarni yangiladi, o‘rtadagi chog‘ni yanada kattalashtirdi. Keyingi uchrashuvda ikki klub prezidentlarining bir-birlariga gullar taqdim etib, quchoqlashishganiga ham hech kim e'tibor bergani yo‘q. Adovat tug‘ilib bo‘lgandi allaqachon. 

Haqiqiy adovat aqlsiz insonlarning o‘ylamay qilgan birgina qadami, o‘z prinsipini adolat mezonidan ustun qo‘yishlari oqibatida vujudga keladi. Adovatning yo‘qolishi esa yanada qiyin, buning uchun qanday voqea bo‘lish kerakligini hech kim bilmaydi.

Qahramon Aslanov tayyorladi

Mavzuga oid