19:10 / 23.01.2018
71655

Orol dengizi suvida faqat bitta jonzot omon qoldi

Ma'lumotlarga ko‘ra, o‘tgan asrning 60-yillarida Orol dengizi suvining har bir litrida 10-12 gramm miqdorda tuz bo‘lgan. Okean suvi kabi sho‘r suvga aylangan davrlarda mahalliy baliqlar qirilib ketgani sababli unga kambala singari har xil okean baliqlari olib kelingan. Suvdagi tuzlilik darajasi 50 grammdan oshgandan keyin barcha baliqlar qirilib ketgan. Hozirgi vaqtda uning tuzlilik darajasi 160 gramm atrofida, deb yozmoqda O‘zA. 

Orol dengizi suvida faqat bitta jonzot yashab qoldi. U artemiyadir. Artemiya hamon mutatsiyaga uchramay, 100 million yillardan buyon o‘zgarishsiz kelayotgan oddiy organizmlardan biri. 

Artemiyalar yer yuzida asosan xlorli, sulfatli, karbonatli, har litrida 300 grammgacha tuzi bor sho‘r suvda uchraydi. Ular suv o‘tlari, bakteriyalar bilan oziqlanadi. Orol dengizidagi artemiyalar asosan urg‘ochi, lekin ular o‘z-o‘zidan ko‘payish xususiyatiga ega. 

Mamlakatda Orol dengizidan artemiya tsistalarini yig‘ib olib sotish bilan shug‘ullanadigan 10 dan ortiq firma va korxonalar mavjud. Ularni baliqchilik bilan shug‘ullanuvchi qator davlatlar sotib olmoqda. O‘zbekistondagi baliqchilik xo‘jaliklari ham albatta foydalanadi. 

Foto: The Wire

Artemiya tsistalari asosan Xitoy, AQSh, Rossiya, Qozog‘iston, Mo‘g‘uliston va Eron davlatlarining tuzli ko‘llarida yetishtiriladi. O‘zbekistonda esa faqat Orol dengizida uchraydi. 

Artemiya tsistalarini sof tarzda olib bo‘lmaydi. Dastlab dengizda qalqib turgan biomassa yig‘ib olinadi. U hali to‘liq ko‘payib ulgurmagani uchun faqat dengiz chetidan yig‘ib olinadi. Tsistalarning o‘rtacha diametri 235,5 mikromillimetr. Uni faqat mikroskop yordamida ko‘rish mumkin. Artemiya tsistalari yig‘ib olingandan keyin maxsus tayyorlangan hovuzga suv quyilib, belgilangan haroratda lichinkalar paydo qilinadi. Bu baliq lichinkalari uchun juda zarur ozuqadir. 

Oddiy omuxtalar bilan boqilgan baliq lichinkalarining 50 foizi tirik qolib o‘sadigan bo‘lsa, artemiya lichinkalari bilan oziqlangan baliq lichinkalarining 90 foizdan ko‘prog‘i hech qanday kasalliksiz rivojlanadi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining Qoraqalpog‘iston bo‘limi tomonidan artemiyalarning yashash sharoiti va yetishtirish darajasini o‘rganish bo‘yicha izlanishlar olib borilmoqda. 

Top