Jamiyat | 14:17 / 26.01.2018
30801
3 daqiqa o‘qiladi

Nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalarini ochish ishlarida ko‘zbo‘yamachilikka yo‘l qo‘yilayotgani aniqlandi

Foto: Fotolia

2017 yilning 30 sentabrda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Maktabgacha ta'lim tizimi boshqaruvini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmoni qabul qilingan edi. Mazkur huquqiy asosga ko‘ra, maktabgacha ta'lim muassasalarining davlat va nodavlat tarmoqlarini yanada kengaytirish, ular o‘rtasida sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish, davlat va xususiy sektor sherikligi shartlarida maktabgacha ta'lim muassasalarining yangi shakllarini joriy etish belgilangan.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 19 dekabrdagi Maktabgacha ta'lim tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar va istiqboldagi vazifalarga bag‘ishlangan majlisida ham bu borada mutasaddilarga aniq topshiriqlar berilgan.

Ushbu topshiriqlar ijrosini ta'minlash maqsadida nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari ochish niyatida bo‘lgan ko‘plab tadbirkorlar bugungi kunda hududiy hokimliklarga murojaat etishmoqda. Ushbu ehtiyojlardan kelib chiqib, viloyat hokimliklari tomonidan tuman va shaharlarda bo‘shab qolgan joylar va binolarni ro‘yxatdan o‘tkazish ishlari ham qizg‘in pallaga kirgan. Bu haqda Maktabgacha ta'lim vazirligi Matbuot xizmati xabar bermoqda.

“Vazirlik tomonidan o‘tkazilgan tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, berilgan topshiriqlar ijrosini ta'minlashda joylarda ko‘zbo‘yamachilik, topshiriqlarni noto‘g‘ri talqin qilish holatlari kuzatilgan. Xususan, nodavlat maktabgacha ta'lim muassasalari tarmog‘ini kengaytirish, davlat-xususiy sherikchilik asosida yangi turdagi maktabgacha ta'lim muassasalarini tashkil qilish maqsadida to‘laqonli faoliyat ko‘rsatayotgan davlat maktabgacha ta'lim muassasalarini xususiylashtirish, tadbirkorlarga berib yuborish holatlari uchrab turibdi. Joylardagi mutasaddilar bir narsani yaxshi tushunib olishlari lozimki, faoliyat ko‘rsatayotgan, zarur shart-sharoitlarga ega, tarbiyalanuvchilari soni belgilangan, talabga javob beradigan bog‘chalarni xususiy sektor vakillariga nol qiymatda berib yuborish oqibatida, maktabgacha ta'lim muassasalarida ta'lim va tarbiya olayotgan bolalarning ta'lim olishida uzilishlar, tarbiyalanuvchilarni qamrab olish, moliyaviy muammolar kelib chiqmoqda”, deyiladi vazirlik bergan axborotda.

Ma'lumot o‘rnida: moddiy-texnik bazasi talabga javob bermaydigan, faoliyat ko‘rsatmayotgan maktabgacha ta'lim muassasalari faqatgina Maktabgacha ta'lim vazirligi bilan rasmiy kelishilgandan so‘ng xususiylashtirilishi yoki davlat-xususiy sherikchilik asosida tadbirkorlarga berilishi mumkin.  

Shu munosabat bilan Maktabgacha ta'lim vazirligi mazkur yo‘nalishdagi ishlar ushbu vazirlik ostida ekanligi, fuqarolar va ularning farzandlari manfaatlari buzilmasligi uchun barcha kuchlar safarbar etilganligini ma'lum qiladi.

Vazirlik mazkur holatlar haqida xabardor fuqarolarni Maktabgacha ta'lim vazirligining (0371) 255-34-47, 255-34-58 telefon raqamlariga yoki mtvmdo@gmail.com elektron manziliga murojaat yo‘llashlarini so‘rab qoladi.

Mavzuga oid