20:35 / 06.02.2018
8450

BAA arab davlatlari ichida birinchi bo‘lib o‘zining sun'iy yo‘ldoshini yaratdi 

Shayx Muhammad bin Rashid Al Maqtum. Foto: Reuters

BAAlik muhandislar arab davlatlari ichida birinchi bo‘lib xorijiy mutaxassislarning yordamisiz sun'iy yo‘ldosh loyihalab, uni yig‘ishga muvaffaq bo‘lishdi. KhalifaSat deb nomlangan ushbu koinot qurilmasini BAA vitse-prezidenti va bosh vaziri, Dubay hokimi shayx Muhammad bin Rashid Al Maqtum ko‘zdan kechirgan. 

“Amirliklar muhandislari arab olamida xorijiy ko‘maksiz birinchi bo‘lib sun'iy yo‘ldosh yarata olishdi. Bu yutuq amirliklarning koinot texnologiyalarini egallagan yoshlarining qobiliyatlari yuqoriligidan darak beradi. Bizning olimlar va muhandislar tomondan to‘plangan bilim va tajriba BAAning ilmiy va texnologik rivojlanishi uchun mustahkam asos soldi. Biz aminmizki, milliy koinot sanoati o‘sishda davom etadi va iqtisodiyotimizning muhim komponenti bo‘ladi”, deb aytdi Al Maqtum Muhammad bin Rashid nomidagi koinot markaziga tashrifi vaqtida. 

KhalifaSat koinot markazi xodimlari tomondan yaratilgan 3-sun'iy yo‘ldosh bo‘lib, bungacha DubaiSat-1 va DubaiSat-2 qurilmalari muvaffaqiyatli sinovdan o‘tkazilib, uchirilgan. Ayni vaqtda 100 foiz BAAda yaratilgan sun'iy yo‘ldosh yakuniy sinovlardan o‘tkazilmoqda va yil oxirigacha Yaponiyadagi kosmodromdan Mitsubishi Heavy Industries Rocket - H-IIA raketa-tashuvchisi tomondan yer atrofidagi orbitaga olib chiqiladi.

Yaratilishiga 4 yil ketgan sun'iy yo‘ldosh takomillashgan global joylashuv tizimi, avtomatik nazorat dasturi bilan jihozlangan. Uning asosiy vazifalaridan biri koinotdan suratlar olish va Yerga vizual axborotni uzatishdan iborat.

BAAning ilk sun'iy yo‘ldoshi 2009 yilda uchirilgan, 2014 yilda esa milliy koinot agentligi tashkil etilgan. 2015 yilda tasdiqlangan davlat dasturi amirlikning Marsni tadqiq qilishda ishtirok etishini o‘z ichiga oladi. Loyiha 2020 yilda Hope kemasining Marsga uchirilishini ko‘zda tutadi. Kema Qizil sayyoraga BAA tashkil etilganining 50 yilligi nishonlanadigan 2021 yilda yetib borishi kerak.

Top