Kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan, texnik ko‘rikdan o‘tkazish qoidalari tasdiqlandi
Favqulodda vaziyatlar vazirining buyruqlari bilan kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish, texnik ko‘rikdan o‘tkazish, shuningdek kemalardan va ular turadigan bazalardan (inshootlardan) foydalanish qoidalari tasdiqlandi. Bu haqda Norma.uz yozmoqda.
Tasdiqlangan hujjatlar talablari quyidagi kichik hajmli kemalarga tatbiq etiladi:
• asosiy dvigatellar quvvati 55 kVtdan (75 ot kuchi) va yo‘lovchi yig‘imi 12 kishidan ortiq bo‘lmagan o‘ziyurar kemalar;
• motorlarning quvvati va sonidan qat'i nazar, osma motorli kemalar;
• suv mototsikllari (gidrosikllar);
• yuk ko‘tarish qobiliyati 80 tonnadan ortiq bo‘lmagan o‘ziyurmas kemalar;
• shishiriladigan motorsiz eshkakli qayiqlar.
Kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish
Kichik hajmli kemalarning barcha turlari ro‘yxatdan o‘tkazish kitobiga (keyingi o‘rinlarda – kema kitobi) tegishli qaydlarni kiritish yo‘li bilan ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Motorli va eshkakli kemalar alohida kitoblarda ro‘yxatdan o‘tkaziladi, ularga kichik hajmli kema bileti beriladi.
Kichik hajmli kemalarni boshqarish huquqini beruvchi guvohnomaga ega bo‘lgan shaxslarga bunday kemalarni boshqarishga ruxsat etiladi. Ro‘yxatdan o‘tmagan kichik hajmli kemalardan foydalanish taqiqlanadi.
Kichik hajmli kemalar texnik holatidan qat'i nazar, xarid qilingan kundan boshlab 1 oy ichida ro‘yxatdan o‘tkazilishi shart. Ro‘yxatdan o‘tkazish FVVning tegishli hududiy boshqarmalarida manfaatdor shaxslarning arizasiga ko‘ra amalga oshiriladi. Ro‘yxatdan o‘tkazishda kichik hajmli kemalarga bort raqami beriladi, bu raqamlar kema bortining har ikki tomoniga o‘chmaydigan kontrast bo‘yoqda ko‘rsatiladi.
Kema mulkdori almashganda, uning manzili o‘zgarganda yoki qayta jihozlanganda yangi bort raqami beriladi va yangi bilet topshirilib, shuningdek kema kitobiga tegishli yozuvlar kiritilgan holda qayta ro‘yxatdan o‘tkaziladi.
Kichik hajmli kema tiklashga va foydalanishga yaroqsiz holga kelganda ro‘yxatdan chiqariladi.
Kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) uchun quyidagi miqdorlardagi to‘lovlar amalga oshiriladi:
Kichik hajmli kemalarni ro‘yxatdan o‘tkazish (qayta ro‘yxatdan o‘tkazish) uchun undiriladigan pul mablag‘lari FVVning byudjyetdan tashqari fondiga kelib tushadi.
Kichik hajmli kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish
Ro‘yxatdan o‘tkazilgan kichik hajmli kemalar foydalanishga yaroqliligi bo‘yicha tegishli shtamp qo‘yilgan holda yillik texnik ko‘rikdan o‘tkazilishi lozim. Texnik ko‘rik FVVning Kichik hajmli kemalar inspeksiyasining hududiy bosh inspektorlari tomonidan amalga oshiriladi. Xavfsizlik talablariga mos kelmaydigan kichik hajmli kemalardan foydalanish taqiqlanadi.
Kichik hajmli kemalar bo‘yicha texnik nazorat quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• dastlabki texnik ko‘rik (ro‘yxatdan o‘tkazilgunga qadar), unda kemaning asosiy parametrlari: yuk ko‘tarish qobiliyati, yo‘lovchilar sig‘imi, dvigatel soni, ruxsat etilgan quvvati, yelkanlarning ruxsat etilgan maydoni, suzish joyi, kemalar suzishi mumkin bo‘lgan to‘lqin balandligi, suv usti borti, suvga botishi, qutqaruv vositalari va o‘t o‘chirgich, signal chiroqlari va navigatsiya uskunalari va boshqalar tekshiriladi. Texnik ko‘rik natijalari bo‘yicha 2 nusxada dalolatnoma tuziladi, uning bir nusxasi kema mulkdoriga topshiriladi.
• yillik texnik ko‘rik, u 1 martdan 30 iyungacha maxsus jihozlangan shoxobchalarda o‘tkaziladi. Ko‘rikdan o‘tkazish davomida kemaning asosiy elementlarida o‘zgarishlar kuzatilmaganligi, uning texnik holati va belgilangan me'yorlarga mos keladigan uskuna va anjomlarning mavjudligi tekshiriladi. Maxsus vositalar va usullar yordamida tegishli kema materialining (rezina, alyuminiy, plastik, yog‘och va h.k. materiallar) holati, korpusining chidamliligi, lok-bo‘yoq qoplamasi holati, suv o‘tkazmasligi, shatakka olish qurilmasining holati va boshqa parametrlar tekshiriladi. Foydalanish talablariga javob bermaydigan nosozliklar va boshqa kamchiliklar aniqlangan taqdirda, kema yaroqsiz deb tan olinadi, bu haqda tegishli dalolatnoma tuziladi, unda barcha nosozliklar ko‘rsatiladi.
• maxsus texnik ko‘rik – kema ta'mirlanganda, qayta jihozlanganda yoki avariyadan keyin o‘tkaziladi.
Texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun quyidagi to‘lovlar undiriladi:
Kichik hajmli kemalarni texnik ko‘rikdan o‘tkazish uchun undiriladigan pul mablag‘lari FVVning byudjyetdan tashqari fondiga kelib tushadi.
Kichik hajmli kemalardan foydalanish
Kichik hajmli kemalar turadigan joy uchun suv havzalari va ular bilan birgalikdagi qirg‘oq hududida maxsus jihozlangan joy – baza (inshoot) barpo etiladi. Suv havzalarida kichik hajmli kemalardan foydalanishga navigatsiya ochilgandan yopilgunga qadar bo‘lgan vaqt davomida, sel va suv toshqini mavsumi o‘tgandan so‘ng ruxsat etiladi. Kichik hajmli kemalarga ularning to‘xtash joylari, portlar, aholi turar joylari chegaralarida 30 km/soatgacha tezlikda, plyajlar va aholining ommaviy dam olish joylarida 10 km/soatdan ortiq bo‘lmagan tezlikda harakat qilishga ruxsat etiladi.
Hujjat bilan kichik hajmli kemalar turadigan joylarni aholi yashash punktlari, gidrotexnika inshootlari, aholi ommaviy dam oladigan joylarga nisbatan joylashtirish talablari, shuningdek kichik hajmli kemalar ishtirokida ommaviy tadbirlar, musobaqalar o‘tkazish tartibi, shu jumladan kichik hajmli kemalardan foydalanish xavfsizligi qoidalari belgilandi.
Hujjatlar 8.03.2018 yildan kuchga kiradi.
Mavzuga oid
14:42 / 11.11.2024
Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda
19:50 / 08.11.2024
Janubiy Koreyada 129 tonnali baliqchilar kemasi cho‘kib ketdi: 12 kishi bedarak yo‘qoldi
11:40 / 08.10.2024
«Suzib yurgan megabomba»: Yevroittifoq RFdan yo‘lga chiqqan avariyaviy holatdagi kemani qabul qilishdan bosh tortdi
09:40 / 08.10.2024