Jahon | 14:42 / 11.11.2024
7353
3 daqiqa o‘qiladi

Amerikaning kruiz kompaniyasi Tramp siyosatidan qochishni istaganlar uchun dunyo bo‘ylab 4 yillik sayohat taklif qilmoqda

Kema to‘rt yil davomida barcha qit’adagi 140 ta mamlakatga tashrif buyurishni taklif etmoqda.

Foto: AFP

Donald Tramp AQSh prezidenti etib saylanganidan hafsalasi pir bo‘lib, mamlakatni tark etish haqida o‘ylayotganlar uchun Villa Vie Residences kruiz kompaniyasi dunyo bo‘ylab to‘rt yillik sayohat taklif qilmoqda, deb xabar berdi Business Insider.

7 noyabr kuni kompaniya Villa Vie Odyssey kemasi bortida to‘rt yilgacha sayohat qilish istagidagi yo‘lovchilar uchun yangi Skip Forward paketlarini e’lon qildi.

“Hamma xarajatlar ichida” tizimi bo‘yicha chiptalarning narxi bir kishilik xonalar uchun 255 999 dollardan, ikki kishilik xonalar uchun 319 998 dollardan boshlanadi. Kema to‘rt yil davomida barcha qit’adagi 140 ta mamlakatga tashrif buyurishni va’da qilmoqda.

Kompaniyada arzonroq va qisqaroq muddatli variantlar ham bor. Xohlovchilar bir kishiga 150 399 dollar, ikki kishiga 187 998 dollar turadigan ikki yillik Midterm Selection paketini bron qilishi mumkin. Kema safarida, shuningdek, bir, uch yillik chiptalar sotilmoqda.

Kemada spa-salon va fitnes dasturlari mavjud bo‘lib, chipta narxiga ovqatlanish ham kiritilgan — tushlik va kechki ovqat paytida pivo va vino bepul taqdim etiladi.

Avvalroq Business Insider nashri Donald Tramp 2024 yilgi saylovlarda g‘alaba qozonsa, millionlab amerikaliklar mamlakatni tark etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqchiligi haqida xabar bergandi. 6 noyabr kuni tongda uning g‘alabasi e’lon qilingach, internetda “Kanadaga ko‘chib o‘tish” bo‘yicha qidiruv so‘rovlari keskin ko‘paydi.

Villa Vie Residences vakilining Business Insider nashriga aytishicha, Odyssey sayohati boshqa mamlakat fuqaroligini olib berolmasa-da, u yo‘lovchilarga “shahar hayotining bir xilligi, tirbandliklar va siyosatdan qochish imkoniyatini” taqdim etadi.

Kechikishlar tufayli to‘rt oy Irlandiyaning Belfast shahrida to‘xtab qolgan Odyssey kemasi sentabr oyida ilk bor dengizga yo‘l oldi. Takroriy kechikishlardan shikoyat qilgan ikki yo‘lovchi kemadan haydab chiqarildi va ularning shartnomalari bekor qilindi. Ulardan biri — 68 yoshli Jyenni Feniks kemada dunyo bo‘ylab sayohat qilish uchun barcha mol-mulkini sotgan edi.

Kema bortidagi boshqa yo‘lovchilar, yuzaga kelgan muammolarga qaramay, “taassurotlari katta” ekanini aytgan.

Kun.uz yangiliklarini Google News'da kuzating
+ Obuna bo'lish

Mavzuga oid