O‘zbekiston | 01:48 / 20.02.2018
34993
5 daqiqa o‘qiladi

2017 yilda 18 mingdan ortiq shaxs maxsus hisobdan chiqarilgan - Ichki ishlar vaziri

Foto: KUN.UZ

O‘zbekiston milliy axborot agentligi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov bilan suhbatni e'lon qildi.

O‘zA muxbirining turli savollariga javob qaytarar ekan, Po‘lat Bobojonov o‘tgan yillarda respublika ichki ishlar organlari oldiga qo‘yilayotgan vazifalar qay darajada bajarilayotganligi, o‘tgan bir yilda ushbu sohada qanday natijalarga erishilganiga to‘xtalib o‘tdi.

«Amalga oshirilgan islohotlarning muhim jihati shundaki, jinoyatchilikning barvaqt oldini olish va unga qarshi kurashishga butun jamoatchilik, xususan mahalla, xotin-qizlar, yoshlar tashkilotlari, piru badavlat otaxon va onaxonlar bilan hamkorligi qayta yo‘lga qo‘yildi va ushbu ishlar faoliyatimizda ko‘plab ijobiy ko‘rsatkichlarga erishish imkoniyatini berdi.

2017 yilda mamlakatimizda 73 ming 692 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, avvalgi yilga nisbatan 13 ming 720 taga yoki 15,7 foizga kamayishga erishildi.

Xususan, qotillik 22, qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish 7,1, nomusga tegish 21,8, bosqinchilik 22,8, talonchilik 21, o‘g‘irlik 6,6, firibgarlik 5,7, bezorilik 37,9, transport vositalarini olib qochish 6,2 foizga kamaydi», — dedi IIV rahbari.

«Jinoyat — odamlar xavfsizligiga putur yetkazuvchi mudhish hodisa. Bunday holatlar ko‘proq yoshlar tomonidan turli sabablarga ko‘ra sodir etilishi kuzatiladi. Albatta, bir jinoyat sodir bo‘lishi ham tashvishlanarli, biroq bu jarayonda xotin-qizlar, voyaga yetmaganlar uchrayotgani yanada ayanchli holat», — dedi vazir.

«Prezidentimiz topshiriqlariga asosan turli diniy oqimlarga boshqalar ta'sirida yoki yoshlik qilib, oqibatini bilmasdan kirib qolganlarning «pushaymonlik arizalari»ni o‘rganish amaliyoti yo‘lga qo‘yildi. Diniy ekstremistik oqimlarga kirganlarning har biriga nisbatan mavjud hujjatlar din ulamolari, yaqinlari, qo‘ni-qo‘shni va qarindosh urug‘lari, mahalla ahli fikrini inobatga olgan holda o‘rganilmoqda.Shu asosda tegishli komissiya tomonidan xulosalar qabul qilinmoqda. Buning natijasida o‘tgan yilning o‘zida 18 mingdan ortiq shaxs maxsus hisobdan chiqarildi», — dedi P.Bobojonov.

«Korrupsiya va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish boshqarmasi hamda uning joylardagi tizimlari tomonidan 2017 yil mobaynida korrupsiya va iqtisod sohasida sodir etilgan hokimiyat, boshqaruv va jamoat birlashmalari organlarining faoliyati tartibiga qarshi jinoyatlardan 1 ming 426 tasi aniqlandi. Mazkur jinoyatlarning 171 tasi poraxo‘rlik, 109 tasi tovlamachilik, 517 tasi firibgarlik, 125 tasi valyuta bilan bog‘liq qoidalarni buzish, 19 tasi qalbaki pul yasash, 190 tasi talon-torojlik hamda 295 tasi boshqa turdagi holatlardir», — dedi Ichki ishlar vaziri.

«2017 yilda yo‘l harakati xavfsizligi xodimlari tomonidan 3,7 milliondan ortiq qoidabuzarlik holati aniqlandi. 67 ming 148 haydovchi avtomobilini spirtli ichimlik ichib boshqargan. 40 mingga yaqin yo‘l harakati qoidalarini buzish holati esa piyodalar tomonidan sodir qilingan.

81 ming 128 huquqbuzarga nisbatan to‘plangan materiallar sudlarga yuborildi. Shundan 51 mingdan ortig‘i ma'lum muddatlarga transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilindi. 1,5 mingga yaqin yo‘l-transport hodisasi bolalar ishtirokida sodir bo‘lgan.

Hozirda yo‘l-patrul xizmati xodimlari bilan haydovchilar o‘rtasidagi tushunmovchiliklarni xolisona va qonun asosida hal qilish uchun haydovchi bilan inspektorning suhbati to‘la aks ettiriladigan videokameralar bilan har bir inspektorni ta'minlash choralari ko‘rilmoqda», — dedi vazir.

«2017 yilda 12 ming 705 yong‘in sodir bo‘lgan. Bunda 159 nafar fuqaro halok bo‘lgan, 398 nafari turli tan jarohati olgan. Yong‘inlar natijasida 68 milliard so‘mdan ortiqroq miqdorda moddiy zarar ko‘rildi. Yong‘in xavfsizligi bosh boshqarmasi va joylardagi xodimlarimizning xizmatga sodiq va fidoyiligi tufayli yong‘inlar vaqtida 195 nafar fuqaro sog‘-omon holda yong‘indan qutqarib qolindi», — dedi ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov O‘zA muxbiri Norgul Abduraimova bilan suhbatda.

Mavzuga oid