27 fevral kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida eksportni ko‘paytirish va importni qisqartirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. 

Prezident yig‘ilishda eksportchilar uchun barcha sharoitlar yaratib berilishini ta'kidlagan, soha bo‘yicha mutasaddi tashkilotlar, mas'ullar faqat quruq hisobot bilan cheklanayotgani, ba'zan bu hisobotlar ochib ham ko‘rilmayotganini tanqid qilgan.

«Biz eksport bilan importni hisob-kitob qilishni o‘rganmaganmiz. Olib kelgan odam olib kelavergan, kim qo‘l qo‘ysa qo‘l qo‘yavergan.

Bozor topish azob deganim bekorga emas. Bozorni kim topadi? Raqobatbardosh mahsulot ishlab chiqargan davlat, albatta, kon'yuktura qanchalik og‘ir bo‘lmasin, sifatli mahsulot bilan o‘z bozorini topadi.

Agar eksport bilan importni har kuni hisob-kitob qilmas ekanmiz, biz oldimizga qo‘ygan vazifalarimizni hech qachon uddalay olmaymiz. Bugundan boshlab hamma vazirlar, bankirlar, assotsiatsiyalar, hokimdan boshlab prezidentgacha hamma eksport ko‘paytirish, pirovardida importni qisqartirish bo‘yicha qo‘yilgan vazifalar ijrosi, bu borada tarmoqlar va hududlardagi ishlarning haqqoniy holatini tanqidiy ko‘rib chiqishimiz shart. Agar biz shuni o‘zimiz tanqidiy ko‘rib chiqmas ekanmiz, biz uchun hech kim qilib bermaydi.

Nega? Mana, ikki oy o‘tyapti, iqtisodiyot ertaga nima bo‘ladi, degan savolga javob esa yo‘q. Na Vazirlar Mahkamasi, na Tashqi savdo vazirligi, na Iqtisodiyot vazirligi yoki Davlat bojxona qo‘mitasi respublikaga kirib kelayotgan mahsulotlar importi tahlil qilinmagan, qaysi mahsulot qancha miqdorda va qanday narxlarda ekani o‘rganilmagani, bu haqda o‘ylab ham ko‘rilmagani haqiqat va bu menga noma'qul narsa.

Joylarda qaysi hokim va sohaga mutassaddi rahbarlar o‘z hududiga kirib kelayotgan yoki korxonalar import qilayotgan mahsulot bilan qiziqayapti? Hech kim. Bunday bo‘lsa ertaga bizning iqtisodiyotimiz nima bo‘ladi? Nima uchun Navoiy viloyati hokimi, NKMK yoki Navoiyazot korxonasi chetdan kirib kelayotgan import hajmini bilmaydi yoki qiziqmaydi?

Umuman, eksport va import masalalari bilan shug‘ullanishda faqat oy yoki kvartal tugaganidan keyin nomiga hisobot berish bilan cheklanib qolingan. Bu hisobotlarni tahlil qilish yoki tegishli choralar ko‘rish uyoqda tursin, ochib ham o‘qilmagan. Ushbu sohada nazorat butunlay o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, desak, bu ham to‘g‘ri.

Hukumatning qaysi kompleksi yoki idorasi import va eksport hajmiga ta'sir etayotgan omillarni tahlil qilyapti? Afsuski, hech kim bu masala bilan shug‘ullanmayapti.