O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti «Jismoniy tarbiya va sport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi.
Hujjatda qayd etilishicha, O‘zbekistonda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish uchun zarur shart-sharoitlar va infratuzilmani yaratish, mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini ta'minlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sportni tashkil etishda qator tizimli muammolar va kamchiliklarning mavjudligi ushbu sohada davlat siyosatini samarali olib borishga va mamlakatning mavjud sport salohiyatidan to‘liq foydalanishga to‘sqinlik qilmoqda. Xususan:
birinchidan, ayniqsa, joylarda jismoniy tarbiya va sport boshqaruvining samarali yaxlit tizimi mavjud emasligi ushbu sohada davlat organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini lozim darajada muvofiqlashtirishni, sog‘lom turmush tarzini ommalashtirish va targ‘ib qilishni ta'minlamayapti;
ikkinchidan, mamlakatimizda ham ommaviy sport, ham oliy sport yutuqlari sohasida aniq vazifalar va maqsadli ko‘rsatkichlarni belgilagan holda, o‘rta muddatli va uzoq muddatli istiqbolda jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish konsepsiyasi ishlab chiqilmagan;
uchinchidan, davlat-xususiy sheriklik shartlarida sportning zamonaviy moddiy-texnika bazasi va infratuzilmasini yaratish bo‘yicha nodavlat sektor bilan o‘zaro munosabatlarning past darajada ekanligi ushbu sohada mavjud muammolarni samarali hal etishga imkon bermayapti;
to‘rtinchidan, joylarda yoshlar orasidan iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya)ning samarali va shaffof tizimi mavjud emasligi terma jamoalar tarkibini sifatli to‘ldirish uchun sport zaxirasini shakllantirish va yuqori malakali sportchilarni tayyorlashni ta'minlashga to‘sqinlik qilmoqda;
beshinchidan, sport kadrlarini, ayniqsa, boshqaruv kadrlarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishning amaldagi tizimi jismoniy tarbiya va sport boshqaruvi sohasida malakali mutaxassislarga bo‘lgan ehtiyojni qondirish imkonini bermayapti;
oltinchidan, jismoniy tarbiya va sport sohasini qo‘llab-quvvatlashning faqat alohida sport turlarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan, nooqilona tizimi boshqa ommaviy olimpiya sport turlarini, eng avvalo, sport o‘yinlari va qishki sport turlarini rivojlantirishga e'tibor qaratilmasligiga olib kelgan;

















