Tojikiston Respublikasi Prezidenti Imomali Rahmonning taklifiga binoan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018 yil 9-10 mart kunlari davlat tashrifi bilan Tojikiston Respublikasida bo‘ldi.

Ochiq, do‘stona va konstruktiv muhitda o‘tgan samarali muzokaralar davomida davlat rahbarlari O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasidagi munosabatlarning hozirgi holatidagi muhim masalalarni, siyosiy, savdo-iqtisodiy, transport-kommunikatsiyaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama keng qamrovli hamkorlikni yanada kengaytirish va chuqurlashtirish istiqbollarini, shuningdek, o‘zaro qiziqish uyg‘otadigan dolzarb mintaqaviy va xalqaro muammolarni batafsil muhokama qildilar.

O‘zbekiston TIV axborot xizmati tomonidan O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning do‘stlik va ahil qo‘shnichilikni mustahkamlash to‘g‘risidagi qo‘shma bayonoti matni e'lon qilindi.

Davlat rahbarlari so‘nggi yillarda erishilgan davlatlararo muloqotning yuqori darajasini, shuningdek, ikki mamlakat o‘rtasidagi hamkorlikni rivojlantirishda kuzatilayotgan ijobiy o‘sish sur'atini mamnuniyat bilan qayd etgan holda,

ikki mamlakat xalqlari o‘rtasida do‘stlik, ahil qo‘shnilik va o‘zaro hurmat tamoyillariga qat'iy asoslangan ko‘p asrlik tarixiy va madaniy umumiylikdan kelib chiqib,

O‘zbekiston bilan Tojikiston o‘rtasidagi konstruktiv va o‘zaro manfaatli hamkorlik ikki mamlakat xalqlarining uzoq muddatli manfaatlariga javob berishiga, shuningdek, butun Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik, xavfsizlik va izchil rivojlanishni ta'minlashda asosiy omil bo‘lishiga ishonch bildirgan holda,

xalqaro huquqning umume'tirof etilgan prinsiplari va normalariga, shuningdek, BMT Nizomi maqsad va prinsiplariga, shu jumladan, mustaqillikni o‘zaro hurmat qilish, suverenitet, hududiy yaxlitlik, chegaralarning daxlsizligi, bir-birlarining ichki ishlariga aralashmaslik, teng huquqlilik va o‘zaro manfaatdorlik prinsiplariga sodiqliklarini yana bir bor tasdiqlab,

O‘zbekiston-Tojikiston munosabatlarini yanada kengaytirish va chuqurlashtirishga, erishilgan kelishuvlarni o‘z vaqtida va to‘liq amalga oshirilishini ta'minlashga intilgan holda, quyidagilar to‘g‘risida bayonot beradilar:

1. Davlat rahbarlari tinchlik va barqarorlikni saqlash va mustahkamlash, butun mintaqa taraqqiyoti va ravnaqini ta'minlashda yuksak mas'uliyatlarini chuqur anglab, 2000 yil 15 iyunda imzolangan O‘zbekiston Respublikasi bilan Tojikiston Respublikasi o‘rtasida abadiy do‘stlik to‘g‘risida Shartnoma qoidalariga tayangan holda, an'anaviy do‘stlik, ahil qo‘shnilik va hamkorlik munosabatlarini imkon qadar yanada rivojlantirish va chuqurlashtirishga qat'iy tayyor ekanliklarini tasdiqlaydilar.