Jahon | 19:03 / 09.08.2024
5342
2 daqiqa o‘qiladi

Imomali Rahmon Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy pozitsiyani shakllantirish kerakligini aytdi

O‘sib borayotgan global chaqiriq va tahdidlar fonida Tojikiston prezidenti xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi samarali shakllarini ishlab chiqish taklifini berdi.

Foto: akorda.kz

Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari maslahat uchrashuvida so‘nggi olti yil ichida mintaqada hamkorlik rivojlanib borayotganidan mamnun ekanini bildirdi va buni mamlakatlar rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi samarasi deb baholadi. Bu haqda Tojikiston prezidenti matbuot xizmati xabar berdi.

Tojikiston rahbari o‘z nutqida hamkasblari e’tiborini savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida dasturlarni ishlab chiqish, yirik transport, infratuzilma va logistika loyihalarini amalga oshirish, gidroenergetika resurslaridan samarali foydalanish, shuningdek, madaniy-gumanitar sohada o‘zaro hamkorlik qilishga qaratdi.

Shu bilan birga, davlat rahbari mintaqada «yashil» iqtisodiyotni rivojlantirishning asosiy omillarini sanab o‘tdi: elektron tijorat, raqamli texnologiyalar va energetika, ayniqsa, «yashil» energetika sohalarida hamkorlikni mustahkamlash.

Tojikiston prezidentining ma’lum qilishicha, «dunyoda jadal o‘zgarishlar yuz berayotgan hozirgi sharoitda Markaziy Osiyo kelajagi uchun umumiy pozitsiyani shakllantirish zarurati yuzaga kelgan».

Imomali Rahmonning ta’kidlashicha, besh yilda mintaqada tovar ayirboshlash 80 foizdan ortiqqa oshgan (10 milliard dollardan ortiq). Tojikiston rahbarining fikricha, agar mavjud potensialdan foydalanilsa, yaqin kelajakda bu 20 milliard dollarga yetishi mumkin.

Tojikiston prezidenti Markaziy Osiyo davlatlari sanoat vazirlarining birinchi uchrashuvini 2025 yilda Dushanbeda o‘tkazish taklifini ilgari surdi. Shuningdek, u Maslahat uchrashuvlari doirasida «Ekspo — Markaziy Osiyo» ko‘rgazmalarining har yili o‘tkazilishi foydali ekanini aytdi.

O‘sib borayotgan global chaqiriq va tahdidlar fonida Tojikiston prezidenti xavfsizlik sohasida hamkorlikning yangi samarali shakllarini ishlab chiqish taklifini berdi. Shuningdek, u huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘rtasida yaqin hamkorlik mexanizmlarini yaratish taklifini ham ilgari surdi.

Mavzuga oid