Jamiyat | 11:00 / 11.03.2018
90951
2 daqiqa o‘qiladi

O‘zbekning «havodagi allomalari» butun dunyoga kulgi bo‘lmaydimi?

Bugun biz uyatga qolyapmiz. Bugun biz davlat rahbari tomonidan ilgari surilayotgan g‘oyalardan shoshib qolyapmiz, balki yaxshi ko‘rinish uchundir, pala-partish ish qilyapmiz...

Bugun O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan internet nashrlari hamda ijtimoiy tarmoqlarda ajib bir xabar tarqaldi. Emishki, Buxoroda havoda muallaq turadigan allomalar paydo bo‘libdi. Ular hassalariga suyangan holda, odamlarga, sayyohlarga ko‘zlarini qadab, havoda muallaq turishibdi. Qo‘llariga qandaydir kitoblarni ham ushlab olishgan. 

Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi tomonidan O‘zbekistonga sayyohlar sonini oshirish va mamlakatning turizm salohiyatini ko‘rsatish borasida ko‘p ishlar amalga oshirilyapti. Ammo bu kabi bachkana qiliqlar butun dunyoga bizni sharmanda etadi. Fikrimni ikki sabab bilan isbotlashga urinaman.

Birinchidan: bizning allomalarimiz nega havoda muallaq turibdi? Havoda muallaq turishlarida biror ma'no bormi? Islom dini va o‘zbekchilik ma'naviyatida bu haqda biror narsa deyiladimi?

Ikkinchidan: hindlarning rohiblari o‘z bozorlarida shu kabi turganlarini fosh qilib, buning surati va videosini internetga chiqarishgan va butun dunyo bu holatdan kulgan edi. Sayyohlarni jalb etish uchun shu usulni qo‘llash shart edimi?

Bugungi insoniyatni «bir narsalar» bilan aldab bo‘lmaydi. Bugungi sayyoh qayerga va nima uchun pul to‘lab borayotganini yaxshi biladi. O‘zbekiston turizmiga mas'ul bo‘lgan va nimadir qilishga urinayotgan mas'ullarga maslahat – odamlarni kuldirmang, dunyoning O‘zbekiston ustidan kulishiga sababchi bo‘lmang, mamlakat turizmini rivojlantirish uchun sizda bitmas-tugunmas zaxira mavjud.

Sarvar Anvar o‘g‘li

Mavzuga oid