O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining O‘zbekiston Respublikasining davlat xavfsizligi tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida farmoni chiqqanini eshitib, matni bilan tanishib, dilimizda yana umid uyg‘ondi.

Yashirmayman, har bir iymonli millat ziyolisining bu tashkilot bilan azaliy hisob-kitobi bor: bu NKVD-KGB-SNB brendlari ostida «faoliyat» yuritgan va bugun SGBga aylanayotgan idoraning qo‘llarida Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon singari minglab ziyolilarning, millatimizning ma'naviy ustozlarining qoni bor. Hamid Sulaymon, Shayxzoda, Shukrullo kabi ko‘plab buyuk insonlarning avval qamoqda, keyin uyida siqilib o‘tgan hayotlari, asablari, zoye o‘tgan umru jonlari shu idora deb qaqshagani, bugun ham ko‘p ziyolilarimiz «rostdan ham o‘zgarayotganmikin yoki peshtaxtasidagi nomini o‘zgartirib, mohiyati o‘shaligicha qolarmikin... Har holda jim yurganim tuzuk, har xil xatlarga imzo chekib baloga qolmay», deya qaltirab yurganliklari ham shu sabablidir.

Shavkat Mirziyoyevdan kutilgan va bir qadar umid ham uyg‘otgan bu qadamlarning izchil va muqarrar bo‘lishida qancha avlod ajdodlarimiz ruhining nihoyat osoyish topishi va bugungi hamda kelgusi avlodlarning taqdiri, mamlakatning va xalqning istiqboli bog‘liqdir.

Farmonda to‘g‘ri ta'kidlanganidek, «davlat tuzilmasi va davlat chegaralari daxlsizligini ishonchli himoya qilish, inson huquqlari va erkinliklariga og‘ishmay rioya etish, jamiyatdagi millatlararo totuvlik, diniy bag‘rikenglik, tinchlik va osoyishtalik – demokratik huquqiy davlat qurishning hamda mamlakatni jadal ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning muhim shartlaridan hisoblanadi». Sobiq milliy xavfsizlik xizmati bu yuqorida sanalgan sohalarning har birini qanday «o‘ziga moslagani»ni bilamiz-ku? «Davlat chegarasi»dan qush ham uchib o‘tolmasdi, ammo narkotrafik tinmadi. «Inson huquqlariga og‘ishmay rioya qilish» topshirig‘i inson huquqlari himoyachilarini ovlash va ado qilishga do‘ndi. «Diniy bag‘rikenglik» taqvodorlarning boshiga ne kunlarni soldi. «Tinchlik va osoyishtalik»ni ta'minlash mamlakatning yarmi qamoqda o‘tirsa ham, tinchlik bo‘lsa bo‘ldi, deb tushunildi.

Milliy xavfsizlik xizmatining nomi o‘zgartirilganini quvvatlaymiz va tezroq uning maqomi, vazifalari va vakolatlari doirasini aniq belgilab beruvchi qonun hujjati yaratilishini kutamiz. 

Oldindan aytaman – korrupsiyaga qarshi kurashning ham, iqtisodiy islohotlarning ham, ma'naviy kamolotning ham, shu jumladan, bo‘lg‘usi davlat xavfsizligi xizmati (DXX) vakolatlarini (yangi qarorda ham unga avvalgisining deyarli barcha vakolatlari yuklangan) yana kengaytirib talqin etmasligi, bir muddat qisqarib, yana avvalgi holiga yo‘llanmasligi (chunki yangi rahbariyat ham o‘zi boshqarayotgan joyning zaiflashib ketishini istamasligi juda ham tabiiydir) kafolati, eng avvalo, so‘z erkinligi va mustaqil sud tizimi mavjud bo‘lishidir. Buning boshqa yo‘li yo‘q. Parlament nazorat yetarli bo‘lmaydi va deputatlarni - xalq va matbuot himoyasi bo‘lmasa – oson egib olishadi yoki aynan sobiq mansabdorlargina deputatlardir. Saylovlarning adolatli bo‘lishi ham yurt taqdiriga daxldordir.