Jamiyat | 15:47 / 31.07.2022
19343
4 daqiqa o‘qiladi

Toshkent viloyatida 2 gektar yerni 500 ming dollarga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Toshkent, Jizzax va Andijon viloyatlarida yer maydonlari noqonuniy sotilishi bilan bog‘liq qator holatlarga chek qo‘yildi.

Foto: Videodan kadr

Davlat xavfsizlik xizmati O‘zbekistonning qator hududlarida yer maydonlarining noqonuniy sotilishlariga chek qo‘ydi.

DXX axborot xizmati xabarida qayd etilishicha, DXXning Toshkent shahar bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamda shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi bilan hamkorlikda bir nechta tezkor tadbirlar o‘tkazilgan.

Jumladan, Toshkent shahrida yashovchi muqaddam sudlangan shaxs (1959 yilda tug‘ilgan) Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida joylashgan va boshqa bir fuqaroga issiqxona tashkil etishi uchun ajratilgan 2 gektar sug‘oriladigan yer maydonini hokimiyat tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib, u yerda ishlab chiqarish sexi qurishi uchun ruxsat olib berish evaziga 500 ming dollari talab qilgan. U so‘ralgan pulning 50 ming dollarini oldindan olgan vaqtida ushlangan.

Bo‘stonliq tumanida kuzatilgan holatda esa (1990 yilda tug‘ilgan) shaxs boshqa bir fuqaroga tegishli fermer xo‘jaligiga bog‘dorchilik uchun 49 yil muddatga ajratilgan 35 gektar yer maydonini mansabdor tanishlari orqali auksion savdolariga chiqarmasdan xaridor nomiga rasmiylashtirib berishini aytgan. Evaziga 350 ming dollar talab qilib, oldindan 40 ming dollar olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Toshkent shahrida yashovchi shaxs (1992 yilda tug‘ilgan) ham o‘zganing ishonchiga kirib, Bo‘stonliq tumanidagi mahalliy MChJga tegishli 3 gektar yer maydonini uning nomiga rasmiylashtirib berishni va’da qilgan. Evaziga 680 ming dollar talab qilib, oldindan 10 ming dollar olgan vaqtida ushlangan.

Bu yo‘nalishda DXX Jizzax viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari ham Bosh prokuratura huzuridagi departamentning hududiy boshqarmasi xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazgan. Xususan, Sharof Rashidov tumanidagi paxta va g‘allachilikka ixtisoslashgan fermer xo‘jalik rahbari mazkur xo‘jalikning 5 gektar suvli yer maydonini 200 million so‘mga sotmoqchi bo‘lgan. Shuningdek, tuman qishloq xo‘jaligi bo‘limida ishlovchi tanishlari orqali yerning tegishli hujjatlarini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni reja qilgan.

Ammo u so‘ralgan pulni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Andijon shahrida va Oltinko‘l tumanida yashovchi muqaddam sudlangan 3 nafar shaxs ham o‘zaro til biriktirib, mansabdor tanishlari orqali Oltinko‘l tumanidagi kichik sanoat zonasi hududidan 4,5 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berishni aytgan. Ular xizmati evaziga 36 ming dollar talab qilgan. Qonunbuzarlardan biri so‘ralgan pul mablag‘idan 10,7 ming dollarini olgan vaqtida DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda departament xodimlari tomonidan qo‘lga olingan. Tezkor tadbir davom ettirilib, uning ikki nafar sherigi ham ushlangan.

Hozirda barcha holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid