O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘zbekiston Respublikasi davlat bojxona xizmati organlari faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi. Hujjat matni O‘zA tomonidan keltirilgan.

Hujjat bilan O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi tuzilmasida shtat birliklarining umumiy soni doirasida quyidagilar tashkil etiladi: 

a) Bojxona ma'muriyatchiligining ilg‘or va innovatsion usullarini joriy etish boshqarmasi, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi: 

Butunjahon savdo tashkiloti, Butunjahon bojxona tashkiloti va boshqa xalqaro tashkilotlarning standartlari hamda tavsiyalarini tahlil qilgan holda bojxona ishini rivojlantirish va takomillashtirishning ustuvor yo‘nalishlarini ishlab chiqish; 

bojxona qonunchiligi va huquqni qo‘llash amaliyotini yanada takomillashtirish hamda huquqiy normalarni erkin, sub'yektiv va tanlov asosida talqin qilish holatlarini istisno etish yuzasidan takliflar tayyorlash; 

bojxona sohasida huquqbuzarliklarni sodir etish sabab va shart-sharoitlarini tizimli tahlil qilishni tashkil etish hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha ta'sirchan choralarni ishlab chiqish va amalga oshirish; 

davlat xizmatlari ko‘rsatish tizimini tubdan isloh qilish, bojxona organlarining yuridik va jismoniy shaxslar bilan bevosita muloqotsiz munosabatga kirishish shakllarini joriy etish; 

bojxona ishi hamda bojxona organlari xodimlarini tayyorlash va ularning malakasini oshirish sohasida ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, ularni O‘zbekiston Respublikasida joriy etish yuzasidan takliflar tayyorlash; 

b) Xavflarni monitoring qilish va baholash boshqarmasi, uning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilandi: 

bojxona organlarida bojxona qonun hujjatlari buzilishi xavfi yuqori bo‘lgan tovar va tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini nazorat qilish uchun kuch va vositalarni jamlashni nazarda tutuvchi xavfni boshqarishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish; 

xavfi yuqori bo‘lgan, shu jumladan, dastlabki ma'lumotlarni tahlil qilish va tasodifiy tanlov asosida tovar partiyalarini bojxona nazorati uchun maqsadli tanlab olish metodologiyasini ishlab chiqish; 

vijdonli tashqi iqtisodiy faoliyat qatnashchilarini aniqlash, ularga nisbatan soddalashtirilgan bojxona tartib-taomillarini qo‘llashning tartib va mezonlarini ishlab chiqish;