20:37 / 16.04.2018
37030

Harakatlari noqonuniy deb topilgan tuman Majburiy ijro byurosi katta miqdordagi zararni qoplaydi

Foto: KUN.UZ

«Kun.uz» tahririyatiga bir muddat avval XK «TOUR AND TRANSPORT SERVICE» arizasi kelib tushgan edi. Unda aytilishicha, Xo‘jalik sudi 2017 yilning 14 aprelida korxonaga nisbatan Xitoy kompaniyasi foydasiga 69 ming 787 AQSh dollari miqdorida qarzdorlik belgilagan.

Majburiy ijro byurosi harakatlari davomida 2017 yilning 6 mayida №23300/22-sonli inkasso topshiriqnomasiga asosan, qarzdorning hisob raqamida xorijiy valyuta bo‘lmagani sababli qarzdorning Markaziy bank tomonidan belgilangan so‘mga nisbatan qiymati miqdorida 268 million 535 ming 179 so‘m miqdoridagi pul mablag‘i sud ijrochilarining depozit hisob raqamiga undirilgan. Biroq, valyutani sotib olish bo‘yicha ATIB «Ipoteka bank» Yunusobod filialiga arizani topshirishni oylab cho‘zib yurgan. Buning sababini so‘rab Yunusobod MIB bo‘limining bir necha xodimi bilan bog‘lanishga urindik, ulardan hech qanday javob bo‘lmadi. 

2017 yilning 2 sentabrida «Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi PF-5177 sonli farmoni chiqib, valyuta sotib olish ikki barobar oshib ketgach, Yunusobod MIB xodimlari tezda bankka ariza berishgan. Ammo, avgust oyida ham taxminan 4210 so‘m bo‘lgan, birdaniga sentabrdan 8100 so‘m deb belgilangan davlat kursi bo‘yicha o‘sha paytdagi 69 ming 787 AQSh dollari deyarli ikki barobar qiymatini yo‘qotgan. Yunusobod MIB aybi bilan vaqtida sotib olinmagan dollar hisobiga 313 million so‘mdan ortiq miqdordagi kamomad vujudga kelgan. Tadbirkor Yunusobod MIB xodimlariga bir necha marta nega o‘z vaqtida depozit hisob raqamdagi summani dollarga o‘tkazish bo‘yicha ariza topshirilmayotgani sababini bilish uchun murojaat qilgan.

Bu orada esa sud ham MIB xodimlarining xatti-harakatlarini noqonuniy deb topgan va tadbirkorning hisob raqamlari faoliyatiga qarshi taqiqlarni bekor qilishni talab qilgan. Mazkur ishlarni amalga oshirish o‘rniga MIB xodimlari 313 million so‘mni to‘lashi uchun tadbirkorga 5 kunga hisob raqamini ochib bergan. Biroq bu holatda haq ekanini bilgan tadbirkor talabni bajarmagan. Yunusobod MIB xodimlari esa (A.Mirzakarimov, A.Mavlon va U.Teshayev) tadbirkorning 26ta (Nissan, Toyota, Captiva, Lacetti bo‘lgan) mashinalariga nisbatan qidiruv e'lon qildirgan, uning ish joyini muhrlagan. Hatto tadbirkorga atigi ikkita mashinasining narxi bo‘lgan mashinalarni baholatishini ham kutishmagan. Tadbirkor esa o‘z faoliyatini yurita olmay, 11 oylik sarson-sargardonlikdan so‘ng 20 nafar xodimidan ayrilgan va kompaniya bankrotlik yoqasiga kelib qolgan.

Tadbirkor Yunusobod MIB faoliyati ustidan Toshkent tumanlararo iqtisodiy sudiga ariza bergan. Ish 2018 yilning 30 martida sudya I.B.Hakimova tomonidan ochiq sud majlisida ko‘rib chiqildi. Kun.uz maxsus muxbiri ham ishda qatnashdi. Sud jarayonida ikkinchi tomondan hech kim ishtirok etmadi. Iqtisodiy sud xo‘jalik protsessual kodeksining 130-moddasiga tayanib, ularning ishtirokisiz ham ishni ko‘rib chiqdi. Sud da'vogarning talabini qondirdi va Yunusobod MIB keltirgan zarar - 313 million 835 ming 741 so‘m undiriladigan bo‘ldi. Adolat o‘rnatilib, taraflarga qarordan norozi bo‘lgan hollarda, belgilangan muddatda, yuqori turuvchi sudga murojaat qilish huquqi borligi uqtirilib ish tugatildi.

Qarzdorlik masalasida-ku adolat o‘rnatildi, lekin 11 oylik sarsonlikdan so‘ng tashkilotda ishlayotgan 20 nafardan ortiq xodim ishidan ayrildi. Kompaniya ma'naviy va moddiy zarar ko‘rdi. Yana ularning kasbiga sovuqqonligi sababli davlat byudjyetiga 313 milliondan ortiq summa miqdorida zarar keltirildi. O‘zboshimchalik bilan ish tutgan MIB xodimlariga nisbatan bundan buyog‘iga qanday choralar ko‘riladi? Zarar qoplanishi masalasi nima bo‘ladi? Aybi bo‘lmagan tadbirkorlar mansabdor shaxslar tomonidan sarson bo‘lishi qachongacha kuzatiladi? Axir bunday holatlar jazosiz qolmasligi kerak-ku?..

Top