Jamiyat | 23:14 / 27.04.2018
20548
5 daqiqa o‘qiladi

Mitti vujudlarni isitgan qalblar

“28 petel”. Bu muddatidan oldin tug‘ilgan chaqaloqlarga kiyim-bosh to‘qib beruvchi xayriya guruhining nomi. Jajji paypoqchani to‘qish uchun spitsaga aynan 28 ta ilmoq (xalqa) olish kerak bo‘larkan. Guruh nomi ham shundan kelib chiqqan. Guruhning Toshkent bo‘yicha koordinatori Yelena Semerdjidi bu xayrli ish qanday boshlanganini shunday so‘zlab berdi:

— Qozog‘istonda vaqti-soatidan oldin tug‘ilgan go‘daklarga o‘z qo‘llari bilan kiyim-bosh to‘qib tarqatuvchi insonlar borligini eshitib qoldim. Shifokorlardan so‘rab-surishtirsam, bunday chaqaloqlarda tana haroratining doim bir xil bo‘lib turishini nazorat qiluvchi tizim juda sust “ishlaydi”. Bolaning vazni qancha kam bo‘lsa, organizmning issiqlik yo‘qotish ehtimoli shuncha yuqori bo‘ladi. Oqibatda chaqaloq ona sutini yaxshi hazm qilolmasligi, infeksiyalarni tez yuqtirishi, nafas yetishmovchiligi kabi holatlar yuzaga kelishi mumkin. Shuning uchun mittivoylarning tana haroratini 36,5 – 37,5 daraja oralig‘ida ushlab turish nihoyatda muhim. Jundan to‘qilgan nimchalar, shapka, paypoqchalar ularni isitishga yordam beradi. Aynan jundan! Negaki, jun odamni yaxshi isitadi, natijada qon tomirlari kengayib, qon aylanishi yaxshilanadi. Ayniqsa, qo‘y juni hech qanday allergiya qo‘zg‘atmaydi. Tabiiy jun tolasidan to‘qilgan kiyimlar shu tariqa vazni o‘ta kichik chaqaloqlarga hayotidagi bu murakkab bosqichni yengilroq boshdan o‘tkazishlariga ko‘mak beradi. 

Foto: “28 petel” xayriya guruhi

Bu ma'lumotlarni bilgach, o‘ylab qoldim. Bizning yurtimizda ham har kuni o‘nlab chaqaloqlar belgilangan muddatidan oldin tug‘iladi. To‘qishni-ku bilaman, bo‘sh vaqtim ham bor. Nega endi ularga yordam qo‘lini cho‘zmasligim kerak?

Instagramdagi sahifamga shu fikrlarni yozganimda bor-yo‘g‘i besh kishi menga xayrixohlik bildirdi. Biz birgalashib chaqaloqlar va ularning onalariga yordam berishga kelishib oldik. 2017 yil 17 aprel kuni birinchi marta o‘zimiz to‘qigan kiyimlar komplektini Respublika perinatal markaziga topshirdik. O‘shanda shunaqangi hayajonlanganmizki... Sovg‘amizni tug‘uruq bo‘limidagilar qabul qilib olishganidan so‘ng esa o‘zimizni benihoya baxtli his qilganimiz hamon yodimda.  

Foto: “28 petel” xayriya guruhi

Hozir guruhimiz safi ancha kengaygan. Adashmasam, 60dan ortiq yigit-qiz bor. Ular muntazam ravishda kiyimchalar to‘qib berishadi. “Yangilarga” esa agar bilishmasa, to‘qishni ham o‘rgatamiz. Ular chaqaloqlarga ilk tuhfasini o‘z “hisobi”dan, ya'ni o‘zi xarid qilgan ipdan to‘qiydi. Keyinchalik “homiy”larimiz olib bergan iplardan foydalanishadi. Biz “homiy” deb atasak-da, aslida, ular bizdek oddiy odamlar. Birining boshidan shu holat o‘tgani, ya'ni farzandi “chala” tug‘ilganida buning qiyinchiligini o‘z tanasidan o‘tkazgani, boshqasi esa insoniylik nuqtai nazaridan bizga ip va to‘qish anjomlarini olib berishadi. 

Foto: “28 petel” xayriya guruhi

Biz haqimizdagi e'lon Respublika perinatal markazida osig‘liq turibdi. Chaqalog‘i muddatidan oldin yoki o‘ta kichik vazn bilan tug‘ilgan onalar bizga qo‘ng‘iroq qilishi mumkin. Odatda, hadyalarimizni tug‘ish bo‘limiga olib boramiz va shifokorlarga topshiramiz. Agar onalarning o‘zlari bizga murojaat qilishgan bo‘lsa, shaxsan ko‘rishamiz. Bilasizmi, farzandi erta tug‘ilgan ayollar ko‘pincha ruhan tushkunlikka tushgan, “bolam yashab ketarmikan, biror xastalikka chalinib qolmasmikan?”, degan xavotirda bo‘lishadi. Ularning bu holatiga befarq bo‘lmagan, arzimas esa-da, yordam qo‘lini cho‘zishga tayyor insonlar borligi bilish esa ularga kuch baxsh etadi.   

Foto: “28 petel” xayriya guruhi

Bugungacha qancha onalarga shunday sovg‘a topshirganimizni aniq aytishim qiyin. 2017 yilning o‘zida Toshkentdagi 14 ta tibbiy muassasa, shuningdek, Chirchiq, Samarqand, Urgut, Namangan, Andijon, Jizzaxdagi perinatal markazlarga to‘qigan narsalarimizdan yetqazdik. Nimcha, shapkacha, paypoqchalarni to‘qiyotganimizda bu kiyimchalarda bir mitti vujud isinishi o‘ylab, sevinib ketamiz.

Shohsanam Niyozova

Mavzuga oid