“O‘sh sori otlandik...”. KUN.UZ’chilarning Qirg‘iziston safari tafsilotlari (2- qism)
O‘ylaymanki, Qirg‘iziston safariga borib to‘plagan ma'lumotlarim siz uchun qiziq bo‘ladi. “O‘sh safarini ikkinchisini qachon o‘qiymiz?”, - deya savol bergan KUN.UZ muxlislarining so‘rovi o‘zimga ham qirg‘iz qaymog‘idek yoqqani bor gap.
Ishoning, yonimizda joylashgan davlatda ikki kun yurish asnosida bir jahon yangilik kashf qildim. Mabodo, uzoqroq joyga borib qolsam - she'riy doston yozsam kerak.
Qo‘shni mamlakatdagi safarimiz to‘g‘risidagi maqolaning 1- qismida chegara postidan o‘tish, O‘sh shahar meriyasidagi qabul, hech qanday g‘oyasiz turgan Lenin haykali, o‘qituvchi va tibbiyotchilarning o‘rtacha maoshi, deyarli tekin internet va shahar markazida O‘zbekiston tomonidan tuhfa sifatida qurilayotgan maktab haqida suhbatlashgan edik.
Qirg‘izistonning janubiy poytaxti atalmish O‘sh shahri va viloyati haqidagi ikkinchi maqolamizdan ham sizga qiziq bo‘lgan hikoyalar o‘rin olgan.
Meriya xodimasi: “Qirg‘iz futboli o‘zbek futbolidan ilgarilab ketgan..”
O‘tgan gal aytib o‘tganimizdek, O‘sh shahar meriyasi bizni shahar bo‘ylab harakatlanish uchun “Toyota” mikroavtobusi bilan ta'minladi. Matbuot xizmati vakili bo‘lgan ikki xodim Julduz Ayatillayeva va Zamira Niyazbekovalar esa shaharni tanishtirish uchun KUN.Uzchilarga biriktirildilar.
Qiz bola bo‘lishiga qaramay Julduz futbolga juda qiziqar ekan. Yo‘l-yo‘lakay shu kunlarda O‘shning “Alay” jamoasi Osiyo kubogi bahslarida “Istiqlol” klubiga qarshi uchrashuv o‘tkazishini bot-bot esga solardi. Yangi bunyod etilgan futbol akademiyasiga borishni taklif qilar ekan: “Qirg‘iziston futboli sizlarnikidan oldinda...” deb ham qo‘ydi. Bu haqda esa keyinroq gaplashamiz.
Darhaqiqat, shahar markazida bunyod etilgan Momunov nomidagi futbol akademiyasidagi sharoitlar havas qiladigan darajada. Bu yerda Qirg‘izistonning janubiy viloyatlaridan 400 nafar futbolchi bo‘lishni orzu qiladigan bolalar kelib shug‘ullanishar ekan. Akademiya internat emas, shuning uchun yotoqxonasi yo‘q. O‘rganuvchilar xuddi bizdagi to‘garaklarmisol ma'lum kunlarda kelib-ketib shug‘ullanishadi.
Biz uchun qizig‘i bolalar bilan shug‘ullanayotgan murabbiylar orasida Braziliya davlatidan kelgan mutaxassislar ham bor. Akademiya direktori Ruslan aka ularning mashg‘ulot o‘tish jarayoni mahalliy murabbiylarnikidan katta farq qilishini alohida ta'kidladi. Akademiyada mavjud maydonlar holati, anjomlar, chet ellik murabbiylarning bolalar bilan o‘zgacha kayfiyatda mehnat qilayotganini tomosha qildik. Akademiya direktori: “Braziliyalik murabbiylar bolalarga natija uchun futbol o‘ynashni emas, balki maydonda fikr yuritishni va eng avvalo futbolni sevishni o‘rgatishar ekan” dedi.
Julduzning “Qirg‘iz futboli o‘zbek futbolidan oldinda” degan gapiga nisbatan bizning futbolni saviyasi ancha yuqori ekanligini aytgan muassasa direktori, lekin FIFA reytingida qirg‘iz futboli yuqoridaligiga to‘xtaldi.
Internetni titkilasak, haqiqatda FIFAning 2018 yil aprel oyidagi reyting jadvalida Qirg‘iziston 75 o‘rinni, O‘zbekiston esa 81 pog‘onani band qilib turardi. Reytingda hech qo‘shnilardan pastda turmagan futbolimiz ozib-yozib bir mehmonga kelganimizda uyaltirganini qarang! Bir tomondan hozirda o‘z futbolimizdan maqtanadigan joyimiz ham yo‘q.
O‘shda nechta televideniye bor?
O‘shni bejiz janubiy poytaxt deya atamaydilar. Viloyat ahlini axborot bilan ta'minlash uchun beshta televideniya, ikkita radio va oltita gazeta ishlab turibdi. “ElTR”, “OshTV”, “Yntymak”, “Keremet”, “Bashat” televideniyalari ko‘rsatuvlarini O‘zbekiston bilan chegaradosh viloyatlarida ham bemalol kuzatish mumkin. Biz davlat tomonidan moliyalashtiriluvchi “ElTR” va “Yntymak teleradiokompaniyalarida bo‘ldik. Hamkasblarimiz o‘zlaridagi mavjud shart-sharoitlar va ijodiy jarayon bilan tanishtirdilar. “Yntymak” o‘z ko‘rsatuvlarini o‘zbek tilida ham olib boradi. Ular bilan hamkorlik yuzasidan kelishib ham oldik.
Bosma nashrlar soni oltita bo‘lib, ulardan biri “O‘sh sadosi” ijtimoiy-siyosiy gazetasi o‘zbek tilida chop etilar ekan.
Har ko‘chada o‘ntadan valyuta ayirboshlash punktlari va qirg‘iz tiliga katta e'tibor samarasi
O‘shda bizni hayron qoldirgan yana bir jihat deyarli barcha gavjum ko‘chalarda valyuta ayirboshlash shoxobchalari mavjudligi bo‘ldi.
Sarroflik rosa gurkiragan. Kichik-kichik bankchalar go‘yo.. Balki, do‘kon desam yanada aniqroq bo‘lar. Ko‘cha tarafidagi e'longa kamida o‘nta o‘zga davlatning serxaridor pul birliklarining bugungi kursi yozilgan. Kirasiz, almashtirib chiqib ketaverasiz. Qorasuv bozorida esa butun boshli valyuta ayirboshlash rastalarini ko‘rdik.
Qo‘shni xalqning o‘z tiliga berayotgan e'tibori esa tahsinga loyiq. Davlat idoralarida bo‘lganimizda “Uluttu ulut qylgan anyn tili” singari shiorlarga ko‘zimiz tushgandi. Ko‘cha, xiyobon va turli muassalarga borib esa ushbu shiorlarning ijrosini ko‘rdik. O‘zbek tili va qirg‘iz tili deyarli bir xil bo‘lsa-da, ba'zi so‘zlarni o‘xshashini topa olmay ruscha gapirib suhbatdoshimdan qirg‘izcha javob olaverdim. Shuni ham aytib o‘tish lozim, Qirg‘izistonda qirg‘iz tili davlat tili, rus tili esa rasmiy til hisoblanadi. Davlat idoralarida ishlaydigan har bir xodim davlat tilidan majburiy tarzda imtihondan o‘tar ekan.
Do‘kon, kafe-restoran, tashkilotlar reklamasi faqat davlat tilida. Har bir reklama banneri matni shahar meriyasidagi komissiya xulosasidan so‘ng ilinar ekan. Shuning uchun bo‘lsa kerak, ovoza qiluvchi ko‘cha bitiklari imlo xatolarisiz yozilgan. Ajnabiy tilda yozilgan reklamalar deyarli yo‘q hisobi. Nima ham derdik, o‘rgansa bo‘ladigan jihat...
Ko‘chalar pokiza, taomlar bir xil, yuk transportida yuk tashish madaniyatiga havas qilganimiz haqida
O‘sh oshxonalaridagi taomlar deyarli o‘zimizniki bilan bir xil. Markaziy Osiyoga xos -sho‘rva, lag‘mon, somsa, palov va kabobning barcha turlari menyulardan joy olgan. Qirg‘izcha milliy salqin ichimlik “Shoro”ni boplashibdi “azamatter”. Ayronga o‘xshash ichimlikning o‘z soyaboni, ichish idishchalari va savdo qilayotgan kishining xalati bor ekan.
Ko‘chalar pokiza, ko‘chaning har 50 metrida axlat qutilarini joylashtirishgan. Xiyobonlarida tamaki chekib yerga uloqtirgan kashandani, pista po‘chog‘ini yerga tashlayotgan kishini ko‘rmadik.
Yana bilmadim-ku, lekin bizning shahar atrofi va ichida yuk mashinalari bilan bog‘liq o‘ta salbiy bir jihat bor. E'tibor bergan bo‘lsangiz, bizda yuk mashinasiga ortilgan shag‘al, tosh, qum va tuproq orqa pritsepda ochiq holda tashib ketilaveradi va bunga hech kim e'tiroz bildirmaydi. Ana shu mahsulotlar yo‘lma-yo‘l to‘kiladi, ko‘cha iflos bo‘ladi, yana orqada kelayotgan mashinaning old oynasiga tosh tegib noxushliklar sodir bo‘ladi.
Aslida, ana shunday qurilish materiallarini tashish jarayonida, albatta uning ustini maxsus yopinchiq bilan o‘rab olinishi zarur. O‘sh ko‘chalarida xuddi shunday ijobiy holatni kuzatdik.
P.S. Mana shu joyda Qurbonjon dodho yurtiga safar haqidagi ikkinchi hikoyamni tugataman. Keyingi qismda Bobur alqab ko‘p satrlar yozgan Sulaymon tog‘i va Xitoy mollari savdosi qiziyotgan Qorasuv bozori haqida gaplashamiz. Shuningdek, videolavha va alohida fotoreportaj ham keyingi safarga qoldi.
KUN.UZ muxbiri Elmurod Ermatov.
Axrorbek Yoqubjonov olgan tasvirlar
Mavzuga oid
21:37 / 20.11.2024
«Xitoy-Qirg‘iziston-O‘zbekiston» temiryo‘li bo‘yicha muzokaralar yakuniy bosqichda – OAV
20:34 / 20.11.2024
Qirg‘iziston o‘z fuqarolariga Ukrainani tark etishni tavsiya qildi
18:39 / 20.11.2024
2024 yilda Qirg‘izistondan O‘zbekistonga gaz eksporti 5 barobar oshdi
17:30 / 14.11.2024