O‘zbekiston | 18:12 / 16.05.2018
7696
3 daqiqa o‘qiladi

Nogironligi bo‘lgan shaxs transportni boshqarishga ruxsatnomani qanday olishi mumkin?

Foto: ufacity.info

Sog‘liqni saqlash vazirligi va IIVning qarori bilan nogironligi bo‘lgan shaxslarni maxsus uskunalar bilan qayta jihozlangan va avtomat uzatgichli yengil transport vositalarini boshqarish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilangan, deb yozmoqda Norma.

Eslatib o‘tamiz, transportni boshqarish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tishning umumiy tartibi Haydovchi va haydovchilikka nomzodlarni transport vositalarini boshqarishga yaroqliligini tekshirish uchun tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi nizom bilan belgilangan. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish davlat DPM qoshida tashkil etiladigan tibbiy haydovchilik komissiyalari tomonidan amalga oshiriladi, uning natijalari bo‘yicha boshqarishga ruxsat berish to‘g‘risidagi 083/h shakldagi tibbiy ma'lumotnoma beriladi.
 
Kiritilgan qo‘shimchalarda belgilanishicha, nogironligi bo‘lgan shaxslarga ruxsatnoma tibbiy mehnat ekspert komissiyasining (bundan keyin – TMEK) xulosasi asosida beriladi. TMEK tomonidan ko‘rikdan o‘tkazish jarayonida qo‘l-oyoqlarida nuqsoni bo‘lgan shaxslarning yengil transportni boshqarishga yaroqliligi aniqlanadi. Bunda qayta jihozlangan (qo‘l bilan boshqariladigan) va avtomat uzatgich yordamida avtomobilni boshqarishga doir aniq tibbiy ko‘rsatmalar sanab o‘tilgan.
 
Ko‘rsatilgan shaxslar xulosa olish uchun turar joydagi TMEKga murojaat qilishlari kerak. Tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish bepul amalga oshiriladi. Uni o‘tkazish muddati – 3 kalendar kunidan oshmaydi. Murakkab, qo‘shimcha tibbiy ko‘rik talab etilganda bu muddat 14 kalendar kuniga uzaytirilishi mumkin.
 
Ko‘rikdan o‘tkazish natijalariga ko‘ra xulosa rasmiylashtiriladi, u boshqa hujjatlar bilan birga boshqarishga yaroqlilik to‘g‘risida tibbiy ma'lumotnoma olish uchun haydovchilik komissiyasiga taqdim etiladi. Bunda tibbiy ma'lumotnoma faqat «V» toifasidagi shaxsiy transport vositasini boshqarish uchun beriladi.
 
Hujjat 14.05.2018 yildan kuchga kirdi. 

Mavzuga oid