“Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalar hududidan ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning chetga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi Ichki ishlar vazirligi buyrug‘i muhokama uchun e'lon qilindi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalar hududidan ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning chetga chiqish tartibi to‘g‘risidagi nizomga ko‘ra, ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarga ikkala tomonga borib-kelish vaqti (ikki sutkagacha) hisobga olinmagan holda bir sutkadan ko‘p bo‘lmagan muddatga maxsus qabulxona hududidan O‘zbekiston Respublikasi doirasida chetga chiqishga ruxsat berilishi mumkin.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish vaqti ma'muriy qamoqni o‘tash muddatiga qo‘shib hisoblanadi.

Maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish xarajatlari ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarning mablag‘lari hisobidan yoki boshqa shaxslar tomonidan to‘lanadi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar maxsus qabulxonada saqlanayotgan vaqtida yaqin qarindoshining vafoti yoki uning hayotiga tahdid soluvchi og‘ir kasallik, ma'muriy qamoqqa olingan shaxsga yoki uning oilasiga ancha miqdorda moddiy zarar yetkazgan hodisalar sodir etilganligi yuzasidan xabar olganida maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish to‘g‘risida ariza bilan murojaat etish huquqiga ega.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning maxsus qabulxona hududidan chetga chiqish uchun ruxsat berish to‘g‘risidagi arizasi ariza kelib tushgan paytdan e'tiboran keyingi kundan kechiktirmay maxsus qabulxona ma'muriyati tomonidan ko‘rib chiqiladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning chetga chiqishi to‘g‘risidagi qaror uning shaxsi, xulq-atvori hamda arizada ko‘rsatilgan vajlarni tasdiqlovchi hujjatlar mavjudligi inobatga olingan holda qabul qilinadi.

Arizani ko‘rib chiqish vaqtida maxsus qabulxona ma'muriyati tomonidan ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning yashash joyidagi tuman (shahar) ichki ishlar organiga arizadagi vajlarning asosliligini tekshirib berish bo‘yicha so‘rov xati (faks, elektron pochta va h.k.) yuboriladi.

Tuman (shahar) ichki ishlar organlari tomonidan maxsus qabulxonaning so‘rov xati kelib tushgan vaqtdan boshlab 24 soatdan kechiktirmay so‘rov xatida ko‘rsatilgan vajlarning asosliligini yoki asossizligini tasdiqlovchi ma'lumotlarni (tibbiyot birlashmasi, fuqarolik holati dalolatnomasini yozish bo‘limi, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organining ma'lumotnomalarini) ilova qilgan holda javob xati yuboriladi.