O‘zbekiston | 13:05 / 02.10.2018
9609
3 daqiqa o‘qiladi

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni maxsus qabulxonalarda qabul qilish va saqlash qoidalari belgilandi

Foto: TASS

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarni qabul qilish va saqlash uchun mo‘ljallangan maxsus qabulxonalarning ichki tartib qoidalari Adliya vazirligida davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.

Qoidalarga muvofiq, nazorat qiluvchi prokuror muassasaga moneliksiz va istalgan vaqtda kirishga, hamma kameralar bilan tanishishga hamda maxsus qabulxonada saqlanayotgan shaxslar bilan suhbatlashishga haqli, deb yozmoqda “Huquqiy axborot”kanali.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxs advokat olganida qabulxona ma'muriyati advokatning moneliksiz ish yurituvidagi hujjat yuzasidan kirishini ta'minlaydi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar quyidagi hujjatlar asosida sutka davomida qabul qilinadi:

• tuman (shahar) ma'muriy sudining qarori, favqulodda holat rejimi sharoitlarida esa shuningdek harbiy komendantning yoki ichki ishlar organi boshlig‘ining qarori;
• ma'muriy qamoqqa olingan shaxsning shaxsini tasdiqlovchi hujjati.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxsga telefon orqali advokatga, qarindoshlariga yoxud boshqa shaxslarga qo‘ng‘iroq qilish yoki xabar qilish huquqi beriladi.

Quyidagilar ma'muriy qamoqqa olingan boshqa shaxslardan alohida joylashtiriladi:

• chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar;
• yuqumli kasalliklarga chalingan bemorlar yoki tibbiy kuzatuvga muhtoj bo‘lgan shaxslar;
• sobiq sudyalar va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning sobiq xodimlari, sobiq advokatlar.

Kameralarda bir kishiga to‘g‘ri keladigan yashash maydonining normasi ikki yarim kvadrat metrdan, ayollar uchun esa uch kvadrat metrdan kam bo‘lmagan o‘lchamda belgilanadi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslarga alohida yotoq joyi, ko‘rpa-to‘shak (ko‘rpa, yostiq, ikkita choyshab va yostiq jildi), idish-tovoq hamda ovqatlanish anjomlari (kosa (miska), krujka va qoshiq) beriladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar ikki kun ichida majburiy rentgenoflyurografik tekshiruvidan o‘tkaziladi.

Ma'muriy qamoqqa olingan shaxslar pul, pochta jo‘natmalari va yo‘qlovlarni olish va jo‘natish, diniy rasm-rusumlarni ado etish, bir marotaba o‘zi bilan saqlash taqiqlanmagan oziq-ovqat mahsulotlari va eng zarur narsalarni sotib olish, qabulxona ma'muriyatiga, davlat va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlariga hamda jamoat birlashmalariga o‘z ona tilida yoki boshqa tilda arizalar, takliflar va shikoyatlar bilan murojaat etish huquqiga ega.

Mavzuga oid