Sport | 17:50 / 27.05.2018
29573
14 daqiqa o‘qiladi

«Real» eng zo‘r jamoami? YeChL finalidan keyingi o‘ylar

Joze Mourinoning bir gapi bor. «Men dunyoda eng yaxshi murabbiy emasman, ammo mendan yaxshiroq murabbiy yo‘q». Qiziq, sendan yaxshiroq murabbiy yo‘q bo‘lsa, demak sen eng yaxshi murabbiy ekansan-da? Mantiqan to‘g‘rimi?

Bilasizmi, Mourino bu gapni hazillashib aytganmi yoki juda chuqur falsafani joylaganmi, bilmadim, lekin kechagi o‘yindan keyin shu iborani esladim. Ana endi to‘liq tushungandek, farqni anglagandek bo‘ldim. Bu mavzuga maqola oxirida yana qaytamiz.   

«Liverpul»ning ilk daqiqalari

Foto: twitter.com/@ChampionsLeague

«Liverpul»ning ilk daqiqalarda ko‘rsatgan o‘yini shubhasiz juda kuchli chiqdi. Rost. «Real»ga qarshi finalda bu darajaga har qanday jamoa ham chiqmagan, qo‘shilaman. Lekin aynan nimaning hisobiga shunday faol o‘yin va xavfli vaziyatlar yuzaga kelganiga e'tibor berilsa, hammasi vaqtinchalik bo‘lganini sezish qiyin emas.

«Liverpul» «Real»ni yutishi uchun ko‘proq yugurishi, juda ko‘p yugurishi kerak edi. Dastlabki daqiqalarda buning iloji bor. Ko‘p jismoniy kuch zaxirasiga ega bo‘lgan futbolchilar o‘yindagi faollikni, har bir qarich zona uchun kurashni, maydonning har bir yerida son jihatidan ustunlikni ta'minlashlari mumkin. Ammo bu vaqtincha bo‘ladi. Chunki butun o‘yin davomida shunday harakatlanishga hech bir futbolchi qodir emas. Natijada nima bo‘ladi?

Qachonki, «Real» va «Liverpul» jismoniy tarafdan teng kuch sarflay boshlasa, ikkala jamoa teng yugura boshlasa, albatta, «Real» yutadi. «Real»da mahoratliroq, tajribaliroq ijrochilar jamlangan. «Liverpul» «Real» bilan teng kuch sarflab turib, «Real»ni yenga olmasdi. Balki, ilk daqiqalarda gol urganida, vazifa yengillashar, o‘yinni, hujumni emas, to‘pni imkon qadar o‘z jarima maydonidan uzoqlashtirishni tashkillashtirish birmuncha oson bo‘lardi. Ammo bunday bo‘lmadi.

Shu nuqtai nazardan, kechagi «Liverpul»ni chorak finaldagi «Yuventus»ga taqqoslash qiyin. Allegri o‘yinga g‘irt taktik tomondan tayyorlangan, maqsad «Real»ga qarshi o‘ynash emas, imkon qadar «Real»ga o‘ynashga imkon bermaslik bo‘lgan. Faolroq bo‘lish, ko‘proq yugurishdan ko‘ra, imkon qadar to‘g‘ri o‘ynash, kuchlarni teng sarflash bo‘lgan. Shuning uchun ham ularning imkoniyati kattaroq bo‘lgan.

Klopp unday murabbiy emas. U raqibga qarshi O‘YNAShni ixtiyor etadi doim. Bu har doim chiroyli ko‘rinadi. «Liverpul» yutsa, gap yo‘q, zo‘r o‘ynashdi, yuta olmasa, gap yo‘q, zo‘r o‘ynashdi, lekin yutqazishdi. Shu. Aslida Klopp boshqa taktik qarorlar yoki rejalar orqali kechagi o‘yindan yaxshiroq natija chiqarishi mumkin edimi? Bu haqida hech kim hech qachon o‘ylab ham o‘tirmaydi. Klopp o‘zidan mana shu illyuziyani yaratgan, tamom. Klopp «Bavariya» yoki «Manchester Yunayted» emas, «Borussiya» va «Liverpul»ni boshqarishi, aynan shu jamoalarga ko‘proq mos ekani ham shundandir, balki.  

Ikkinchidan, shunchaki, tarkiblarning mutanosib emasligi. «Real»da zaxiradan maydonga tushadigan kuchlar orqali, o‘sha saviyani saqlab qolish imkoni bir necha barobar katta edi. Garet Beyl va Lallananing farqidek, masalan.

Saloh yoki Salohsiz

Foto: twitter.com/@ChampionsLeague

Ko‘pchilik Salohning maydonni tark etishi uchrashuvning burilish nuqtasi bo‘lganini aytmoqda, va hatto Ramosni ataylab bu ishni qilganlikda ayblayapti. Qo‘shilmayman, siz bir futbol muxlisi sifatida raqib futbolchisining jarohat olishini istab o‘tirishingiz mumkin, ammo futbolchi o‘ziga o‘xshagan boshqa bir futbolchini ataylab jarohatlash uchun harakat qilmaydi. Ramos ataylab jarohat yetkazmoqchi bo‘lganiga, umuman buni istaganiga ishonmayman, tamom.

Endi burilish nuqta haqida. Burilish nuqta Salohning chiqib ketishi emas, «Liverpul»ning yugurib-yugurib charchab qolishi edi va bu holat Saloh maydonda bo‘lganida ham, albatta sodir bo‘lardi.

Mavsum davomida Saloh va Messi juda ko‘p bor taqqoslanib keldi. Ammo juda ko‘p mutaxassislarning ta'kidlashicha, bu ikki futbolchining jamoasi o‘yini ta'sirini tenglashtirish qiyin. Messi maydonning ham, o‘yinning ham juda ko‘p qismida harakat qiladi, hujumlarni tashkil qiladi, «Barselona» hujumlari aynan Messi orqali amalga oshiriladi. Saloh esa, ko‘proq yakunlovchi va ijrochi. «Liverpul»ning hujum tashkil qilishi va ko‘rsatadigan o‘yin saviyasi Salohning bor yoki yo‘qligiga bog‘liq emas, Salohning maydonda bor yoki yo‘qligi «Liverpul» o‘yinini o‘zgartirmaydi.

Saloh jamoasi o‘yiniga emas, natijaga ta'sir ko‘rsatadigan figuradir. Ya'ni, uning hujum yakunlashdagi ijrosi, samaradorligi yordamida «Liverpul» ko‘rsatayotgan yaxshi o‘yin golga aylanadi. Saloh vaziyat yaratmaydi, Saloh vaziyatlarni golga, ya'ni natijaga aylantiradi.

Xo‘sh, endi shu o‘lchovni kechagi o‘yinga qo‘llasak. Agar «Liverpul» ikkinchi bo‘limda juda ko‘p vaziyat va hujumlar tashkil etib, realizatsiya borasida oqsaganida, Salohning maydonda bo‘lmagani natijaga ta'sir qildi, deb aytishimiz mumkin edi. Ammo «Liverpul» bu borada yaxshi o‘yin ko‘rsata olmadi, Manening goli va aynan Manening bir xavfli zarbasidan tashqari, «Liverpul»ning haqiqiy bosimini va hujumkor o‘yinini ko‘rmadik. Demak, katta ehtimol bilan Saloh ham o‘yin kartinasini o‘zgartira olmasdi.

Ha, bir jihatni tan olish kerak. Salohning ketishi «Liverpul»ni kuchsizlantirishdan ko‘ra, «Real»ni kuchaytirgani bor gap. Sababi, raqibning eng xavfli hujumchisining ketishi «Real»dagi himoyalanuvchi futbolchilarga, ayniqsa, Marseloga ishonch bag‘ishladi. U endi oldingidan farqli ravishda, qo‘rqmasdan oldinga bora boshladi, «Real» o‘z ortidagi katta zonalardan kamroq xavfsiray boshladi.   

«Liverpul»ning himoyasi qachon tuzaladi?

Foto: twitter.com/@ChampionsLeague

Kariusning xatolari, shubhasiz, o‘yin taqdirini hal qiladigan darajada qo‘pol chiqdi, qo‘shilaman. Bu haqida alohida to‘xtalish ham shart emasdir balki. Ammo bilasizmi, Karius kecha «Liverpul»ni, Kloppni, futbolchilarni, umuman hammani qutqarib qoldi, nazarimda. Chunki inglizlar baribir yutqazishlari mumkin edi, ehtimoli katta edi. Qutqardi, deyayotganimning sababi, bunday o‘yinlar, bunday xulosalar avval ham, qayerdadir, juda ko‘p aytilganidadir.

«Liverpul»ning darvozaboni chatoq! «Liverpul» hujumda zo‘r o‘ynaydi, lekin nuqul himoyada qovun tushiradi! Agar «Liverpul» yaxshi himoyachilarni sotib olsa, ularni to‘xtatib bo‘lmay qoladi!

Ko‘p eshitganmiz-a? Rostan ham shundaymi? Nima deb o‘ylaysiz, agar «Liverpul» to‘rtta top himoyachini sotib olsa, kamroq gol o‘tkazishni boshlaydimi? Barcha masala, Lovrenning saviyasiz ekanidami? Menimcha, yo‘q.

Har qanday jamoani hujumchilar va himoyachilar deb bo‘lmaslik kerak. Jamoada himoyalanish bo‘ladi, hujumni tashkil qilish bo‘ladi va bu jarayonda butun tarkib ishtirok etadi.

Kloppning g‘oyasi yuqori pressingga, ko‘pchilik bo‘lib hujum tashkil qilishga asoslangan. Yuqori pressing deganda, oxirgi himoyachi o‘z darvozasidan juda uzoqda joylashishi nazarda tutiladi. Bunday o‘ynash orqali, jamoa juda ko‘p vaziyat yaratadi, ko‘p gol uradi, ko‘p hujum qiladi, lekin bu vaziyatlar qaysidir jihatdan himoyadagi xatolar evaziga sodir bo‘ladi. Agar siz yuqori pressingda o‘ynashni tanlar ekansiz, himoyadagi xatolar, futbolchining o‘z o‘rniga o‘z vaqtida yetib kelmasligi, raqibda vaziyat yaratish uchun ko‘proq zona berayotganingizni bilasiz va shuni qabul qilasiz, tamom. Ham himoyada ishonchli o‘ynab, ham «Liverpul» kabi hujumkor bo‘lish imkonsiz.

Masalan, Mourino boshqa toifa. U g‘alabaning omili sifatida kamroq xato qilishni tushunadi va «to‘p bizda bo‘lmasa, xato qilmaymiz» degan tamoyilni ilgari suradi. U raqib to‘pni egallagan paytda, hamma futbolchilarini to‘pning narigi tomonida bo‘lishini, ochiq zonalar bo‘lmasligini talab qiladi. Pogba bilan ziddiyatlar ham shunda, fransiyalik yarim himoyachi ko‘p hollarda, to‘p yo‘qotilganda o‘z zonasini yopishga ulgurmasligidir. Bu Pogbaning kamchiligi emas, Pogba boshqa klubda xuddi shu xususiyatlari bilan foydaliroq bo‘lishi mumkin, ammo aynan Mourino sistemasida agar bir futbolchi aytilganidek himoyalanmasa, tizim buziladi, ochiq zonalar vujudga keladi. Chunki «Liverpul» kabi tezkor pressing qilib, o‘z vaqtida to‘p olib qo‘yilmagach, raqibni to‘pni xotirjam boshqarib, pozitsion hujum tashkil qilinishiga ataylab yo‘l qo‘yilgach, endi zonalar yopilishi shart.

Endi bunday vaziyatda, «MYu» to‘pni raqibdan olib qo‘ygan holatda ham, butun tarkib o‘z jarima maydoni yaqinida bo‘lgani uchun hujum tashkil etish qiyinlashib ketadi. Shuning uchun ham «MYu» «Liverpul»dan kamroq gol uradi. Shu bilan birga «Liverpul» «MYu»dan ko‘proq gol o‘tkazib yuboradi. Gap faqat De Xeaning mahorati emas, aslida Mourino tarkibidagi himoyachilarning saviyasi ham «Liverpul»dan baland emas. Bu yerda farq murabbiylarning o‘yinga, holatga, vazifaga butunlay farqli tizimda yondashishlaridir.

Bir paytlar, «Barselona» tarkibida bo‘yi baland, boshi bilan yaxshi o‘ynaydigan hujumchilar yetishmasdi. Natijada, standart vaziyatlarda jamoaning imkoniyati juda past bo‘lardi. Ayniqsa, jamoa o‘yini chiqmayotgan, raqib himoyasini yorib o‘ta olmayotgan paytlarda, ko‘pchilik, bo‘yi baland biror hujumchi bilan Plan-B ga o‘tish, to‘pni davomli tarzda yuqorilatib raqib jarima maydoniga yetkazish usulini maslahat berardi. Aynan shu narsa yetishmagani uchun «Barselona» yutolmadi, deyishardi.

Lekin bu gaplar Gvardiolaga «ta'sir qilmagan». U bo‘yi baland hujumchi sotib olmagan, burchak to‘plarini yuqorilatib oshirmasdan, qisqa pas bilan davom ettiravergan. Sababi, boshqa futbol o‘ynash, jamoa mukammal tarzda o‘rganib olgan joriy uslubning samarasini tushirish orqali bo‘lardi. Yo unisi, yo bunisi, yoki ikkala uslubdan aralash foydalanish – bu holda ikki uslub ham pasayadi, bir jamoa ham «tiki-taka»da, ham uzun paslarda birdek mukammal bo‘la olmaydi.

Ya'ni, «Liverpul»ning himoyada bo‘sh o‘ynashi ertaga tuzaladigan muammo emas. Tuzalishi kerak bo‘lgan holat ham emas. Bu umuman muammo ham emas, Klopp taktikasining «pabochniy effekti»dir. «Liverpul»ning o‘ta hujumkor jamoa ekani haqidagi maqtovlar qachongacha davom etsa, uning himoyasi ham o‘sha paytgacha tanqid qilinadi. Boshqa yo‘l yo‘q, chidaysizlar.      

«Real» etalonmi?

Bu savol berilaveradi, berilaveradi. Yo‘q, deyish uchun «Real»ning so‘nggi besh yilda to‘rt marta tengsiz bo‘lgani xalaqit beradi. Ha, deyish uchun esa, jamoa o‘yinida, aytaylik, boshqa top jamoalarda bo‘lmagan, hamma intilishi kerak bo‘lgan alohida jihatlarni payqamaysiz.

Boshqacha aytish mumkin lekin. «Real» etalon emas. «Real» Yevropa futbolining cho‘qqisi emas. Aslida,  bugungi kundagi haqiqiy cho‘qqi «Real»ni yutish, «Real»dan kuchliroq bo‘lishdir.

O‘sha cho‘qqi hozir bo‘sh... 

Qahramon Aslanov

Mavzuga oid